moliyani boshqarishning asosiy metodologik tamoyillari, usullari va shakllari
O‘zbekiston Respublikasining Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 12-yanvardagi 14-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan tashkil qilingan.
Davlat soliq xizmati organlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini, soliqlarning, O‘zbekistan Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya va Respublika pul jamg‘armalariga majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini, shuningdek fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallarining to‘g‘ri va to‘liq hisoblab chiqarilishi hamda o‘z vaqtida kiritilishini nazorat qilish;
Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash, soliq to‘lovchilarga soliqlar bo‘yicha majburiyatlarni bajarishlarida yordam ko‘rsatish;
Soliq siyosatining ro‘yobga chiqarilishida bevosita qatnashish;
Soliqqa tortiladigan obyektlar va subyektlarning to‘liq hamda o‘z vaqtida hisobga olinishini ta’minlash;
Soliqlar bo‘yicha huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish.
Davlat soliq xizmati organlari o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega: 1) soliq to‘lovchilarning (shu jumladan, soliq to‘lovchi bilan bog‘liq bo‘lgan subyektlarning) moliyaviy hujjatlari, shartnomalari (kontraktlari), rejalari, smetalari, daromadlar haqidagi deklaratsiyalari soliqlar va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya va Respublika yo‘l jamg‘armalariga majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallarini kiritish bilan bog‘liq boshqa hujjatlarini, shuningdek eksport-import operatsiyalari bilan bog‘liq hujjatlarini tekshirish, tekshiruv vaqtida yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha zarur tushuntirishlar, ma’lumotnomalar va axborotlar olish;
2) yuridik va jismoniy shaxslardan soliq to‘lovchilarning faoliyatiga taalluqli axborotlar, ma’lumotnomalar, hujjatlar va ularning nusxalarini olish;
3) belgilangan tartibda:
soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yayotgan yuridik va jismoniy shaxslardan daromadni (foydani) va soliqqa tortiladigan boshqa obyektlar yashirilganligidan dalolat beruvchi hujjatlarni, shuningdek huquqbuzarlik predmetlarini olib qo‘yish;
tadbirkorlik faoliyati bilan shugullanish tartibini buzayotgan jismoniy shaxslardan litsenziyalarini, patentlari yoki ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarini olib qo‘yib, so‘ngra qonun buzilganligiga doir materiallarni mazkur faoliyat bilan shugullanishga ruxsat bergan organlarga topshirish;
4) kassalarni va tovar-moddiy boyliklar hamda hujjatlar saqlanadigan joylarni muhrlab qo‘yish, tovarlar, buyumlar, xom ashyo, materiallar va yarim tayyor mahsulotlarning namunalarini, shuningdek hujjatlarni olib qo‘yish va ularni tekshirishga, tadqiq qilishga va ekspertizaga yuborish;
5) savdo, tovarlarni berish va xizmatlar ko‘rsatish qoidalariga, shuningdek naqd pul tushumining bankka vaqtida topshirilishiga rioya etilishini tekshirish;
6) yuridik va jismoniy shaxslarning qaerda joylashganligidan qat’i nazar, daromad (foyda) olish uchun foydalaniladigan yoxud soliqqa tortish obyektlarini saqlab turish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish binolari, omborxonalar, savdo va boshqa binolarni hamda joylarni (shu jumladan alohida rejimdagi korxonalarni) tekshirish, bajarilgan ishlarni, ko‘rsatilgan xizmatlarni tekshiruv tariqasida o‘lchash va tovar-moddiy boyliklarni ro‘yxat qilish. Soliq xizmati organlarining soliqlar bo‘yicha tekshirish o‘tkazayotgan mansabdor shaxslari mazkur binolar yoki joylarga kiritilmagan taqdirda davlat soliq xizmati organlari o‘zlarida mavjud bo‘lgan axborotlar (shu jumladan, soliq to‘lovchining xarajatlari haqidagi axborotlar) asosida yoki boshqa shunga o‘xshagan soliq to‘lovchilarga solinadigan soliqlarni nazarda tutgan holda soliqlar summasini mustaqil ravishda belgilashga haqlidirlar;
7) yuridik va jismoniy shaxslardan qonun hujjatlarining buzilganligi aniqlangan hollarni bartaraf etishni talab qilish;
8) yuridik hamda jismoniy shaxslar hujjatlar asosida (hisob-kitobli) tekshiruv o‘tkazilishini yoki davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari daromad (foyda) olish uchun foydalaniladigan yoki soliqqa tortish obyektini saqlab turish bilan bog‘liq binolar va joylarga kirishini rad etsa, soliqlar va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya va Respublika yo‘l jamg‘armalariga majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish va to‘lash bilan bog‘liq moliyaviy hisobotlar, hisob-kitoblar, deklaratsiyalar va boshqa hujjatlarni soliq xizmati organlariga va ularning mansabdor shaxslariga tekshirish o‘tkazilayotgan vaqtda taqdim etmasa (yoki taqdim etishni rad qilsa), bunday yuridik shaxslarning, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq jismoniy shaxslarning banklardagi va boshqa moliya-kredit muassasalaridagi hisob-kitob va boshqa hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatib qo‘yish;
9) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:
soliqlarga oid qonunbuzarliklar haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish va yuridik hamda jismoniy shaxslarga nisbatan moliyaviy jazo choralari qo‘llash;
ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo choralarini qo‘llash;
10) soliqlar borasida qonunbuzarlik faktlari bo‘yicha tovar-moddiy boyliklarni qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda musodara qilish;
11) soliqlar bo‘yicha boqimandalarni, shuningdek jarima summalarini qonun hujjatlariga muvofiq so‘zsiz undirib olish;
12) yuridik va jismoniy shaxslarning gayriqonuniy ravishda olgan mablaglarini davlat daromadiga undirish haqida ularga nisbatan sudda da’vo qo‘zgatish;
13) tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish va taftish qilishni belgilangan tartibda muvofiqlashtirish, nazorat qiluvchi organlar xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish va taftish qilish yuzasidan amalga oshirayotgan ishlarni to‘xtatish haqida takliflar kiritish;
Davlat soliq xizmati organlarining 1-7-bandlarda nazarda tutilgan huquqlari davlat soliq xizmati organlarining barcha mansabdor shaxslariga, 8-14-bandlarda nazarda tutilgan huquqlari esa (tezkor-qidiruv faoliyati bundan mustasno) faqat davlat soliq xizmati organlarining boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga beriladi. 8-15-bandlarda nazarda tutilgan huquqlar soliq sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish maxsus bo‘linmasi va uning hududiy bo‘linmalarining mansabdor shaxslariga beriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 8-iyuldagi PF-1815-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasini tashkil qilish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan tashkil etilgan.
Davlat bojxona qo‘mitasi organlarining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi: Respublikaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va belgilangan vakolatlar doirasida uning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash;
Respublika boj siyosati ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida qatnashish;
Boj qonunlariga rioya qilinishi ustidan nazorat o‘rnatish;
Boj ishlarini amalga oshirishda fuqarolarning, shuningdek yuridik shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish;
Respublikaning tashqi iqtisodiy aloqalari rivojlanishiga ko‘maklashish;
Xorijiy davlatlarning bojxona organlari, bojxona ishi masalalari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, xalqaro bojxona va savdo tashkilotlarida qatnashish;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiquvchi bojxona ishiga oid majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash;
Boj poshlinalari, soliqlar va boshqa boj to‘lovlarini undirish.