Boshqaruv - bu ma’lum bir natijaga erishish uchun obyektga ta’sir etishning maqsadli uslublari va yo‘llari yig‘indisidir. Boshqaruv jarayoni inson faoliyatining barcha sohalariga, shu jumladan moliyaviy sohasiga ham taalluqlidir. Boshqarish, insonlarning ongli ravishdagi maqsadga yo‘naltirilgan faoliyati sifatida, jamiyat rivojlanishining obyektiv qonuniyatlarini bilishga asoslanadi. Shu bilan birgalikda, boshqarishga davlat tegishli boshqarish tuzulmalari orqali katta ta’sir o‘tkazadi.
Boshqaruv faoliyatining muhim sohasi moliyani boshqarish hisoblanadi. Uni ma’lum bir uslub va tamoyillarga hamda turli rag‘batlantirish va jazo (sanksiya)larga tayanib maxsus apparat amalga oshiradi.
Boshqarish san’ati oldinga qo‘yilgan masalalarni tezroq hal qilish maqsadida mavjud usullar orasidan eng samaraligini tanlash yoki qo‘llanilayotgan usullardan oqilona foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Har qanday boshqaruv tizimiga xos bo‘lgani kabi, moliyani boshqarishda ham obyektlar va subyektlar mavjud bo‘ladi. Moliyani boshqarishning obyekti bo‘lib turli moliyaviy munosabatlar hisoblanadi; subyektlari esa, boshqarishni amalga oshiruvchi tashkiliy tuzulmalar hisoblanadi. Moliyaviy munosabatlarning turkumlanishidan kelib chiqib, ularning sohalari bo‘yicha quyidagi 3 guruh obyektlarga bo‘linadi:
korxonalar moliyasi;
sug‘urta;
davlat moliyasi.
Ushbu obyektlarga quyidagi moliyani boshqaruv subyektlari mos keladi:
korxonalarning moliya xizmatlari (bo‘limlari);
sug‘urta organlari;
moliya organlari va soliq inspeksiyalari.
Moliyani boshqarishni amalga oshiruvchi barcha tashkiliy tuzulmalar yig‘indisi moliyaviy apparat deyiladi.
Davlat moliyasini boshqarishning maqsadi moliya siyosati shartlarini amalga oshirish hisoblanadi. Aynan samarali moliya siyosati bevosita moliyaning o‘ziga (boshqaruv obyektiga) yuklatilgan ishning aniq bir usullari bilan, moliya tizimi organlarini (boshqaruv subyektlarini) tashkil qilish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqarishning potensial imkoniyatlarini yaxlit birlashtirish imkonini beradi.
Barcha davlatlarda moliya siyosati institutsional moliya tizimi orqali amalga oshiriladi. Ularning faoliyati moliyaning bo‘g‘inlarini xususiyatlarini, barcha moliya muassasalari funksiyalarini uslubiy umumiyligini hisobga olgan holda; boshqarishning barcha quyi organlarini markazlashgan boshqaruvda faol ishtirok etishini hisobga olgan holda moliyani boshqarishga quriladi.
Moliya siyosatini yuritish va mos ravishda moliyani boshqarishning asosiy uslubiy tamoyillari quyidagilar hisoblanadi:
yakuniy maqsadlarga bog‘liqlik
barcha xo‘jalik tarmoqlarining makroiqtisodiy balanslashuvi;
jamiyatning barcha a’zolari manfaatlariga mos kelishlik;
real imkoniyatlar asosida ichki va tashqi iqtisodiy hamda siyosiy sharoitlarni hisobga olish.
Moliyani boshqarishning maqsadi – makroiqtisodiy balanslashuvda, budjet profitsitida, davlat qarzining kamayishida, milliy valyutaning mustahkamligida, natijada esa aholining farovonligini o‘sishida namoyon bo‘luvchi barqarorlik va moliyaviy mustaqillikni ta’minlash.