Xalqaro buxgalter sertifikatiga yoki kamida o‘n yillik uzluksiz auditorlik ish stajiga ega bo‘lgan talabgorlarga vakolatli davlat organining taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqishi natijalari to‘g‘risida xabarnomalar yuboriladi.
Sertifikatning amal qilish muddati uzaytirilganda ariza taqdim etilgan sanadan to sertifikatning amal qilish muddati tugaydigan sanagacha bo‘lgan vaqt davri auditor sifatidagi uzluksiz ish stajiga qo‘shiladi.
Auditor sifatidagi uzluksiz ish stajini aniqlash chog‘ida auditor lavozimiga tayinlashlar oralig‘idagi bir oydan ko‘p bo‘lmagan vaqt davri uzilish deb qaralmaydi.
Agar talabgor malaka imtihonini topshirishga ikki marta kelmagan bo‘lsa, taqdim etilgan hujjatlar qaytariladi. Bunda sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun arizani ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
24-modda. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etish
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilgan taqdirda, vakolatli davlat organi qabul qilingan qaror to‘g‘risida talabgorni rad etish asoslarini ko‘rsatgan holda uch ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
Ushbu qonunning 22-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar to‘liq hajmda taqdim etilmaganligi.
Malaka imtihonini topshirishiga ruxsat berish rad etilgan talabgor kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin ariza bilan takroran murojaat qilishga haqli. Kamchiliklar o‘n besh ish kuni ichida bartaraf etilganda arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im undirilmaydi.