Moliyaviy hisob va hisobat


Hisob siyosati va buxgalteriya hisobining asosiy tamoyillari



Yüklə 0,84 Mb.
səhifə9/174
tarix20.11.2023
ölçüsü0,84 Mb.
#164705
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   174
moliyaviy hisob va hisobot 2707 (4)

1.4. Hisob siyosati va buxgalteriya hisobining asosiy tamoyillari
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning hisob yuritish siyosati sub’ekt tomonidan moliyaviy hisobotni tayyorlash va tuzishda qo‘llaniladigan o‘ziga xos qoidalar va amaliy yondashuvlarni ifodalaydi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning hisob siyosati sub’ekt rahbari tomonidan «Hisob yuritish siyosati va moliyaviy hisobot» nomli 1-son BHMS asoslarida taqdim etiladigan moliyaviy hisobotning yilma-yil qiyoslanishi uchun tuziladi. Hisob yuritish siyosati shunday tashkil qilinishi kerakki, unda moliyaviy hisobot barcha uchun qulay bo‘lgan BHMS asosida tuzilishi mumkin bo‘lsin.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning hisob siyosati quyidagicha bo‘lishi lozim:

  • foydalanuvchilar ehtiyojlari uchun ahamiyatli;

  • ishonchli bo‘lishi;

  • aynan shunday faoliyat yurituvchi boshqa sub’ektlarning moliyaviy hisobotlarini taqqoslash imkoniyatini berishi;

- tushunarli va oddiy bo‘lishi shart.
Buxgalteriya hisobini yuritish va hisobot tuzishni tashkil qilishning aniq yo‘nalishi bo‘yicha sub’ektning hisob yuritish siyosati shakllantirilishida O‘zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi qonun hujjatlarini qo‘llash lozim.
Korxonaning hisob yuritish siyosatini tanlash va asoslashga quyidagi omillar ta’sir etadi:

  • mulkchilik shakli va tashkiliy-huquqiy shakl;

  • faoliyat turi yoki tarmoq bo‘ysunuvi;

  • ishlab chiqarish ko‘lami hamda ishlovchi xodimlarning soni;

  • soliq solish tizimi bilan munosabat (har xil soliqlardan ozod bo‘lish, soliq stavkalari, soliq solish bo‘yicha imtiyozlar);

  • bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida harakat qilish erkinligining darajasi;

  • moliya-xo‘jalik faoliyatining rivojlanish strategiyasi (uzoq kelajakda korxonaning iqtisodiy rivojlanish masalalari va maqsadlari, sarmoyalarning kutilayotgan yo‘nalishlari, kelajakdagi masalalarni echishdagi taktik yondoshuvlar);

  • boshqaruvfaoliyatiningtexnikjihatdan qurollanganligi;

  • korxonani ma’lumotlar bilan ta’minlashning samarali tizimining mavjudligi;

  • buxgalteriya xodimlarining malaka darajasi, korxona rahbarlarining tashabbuskorligi, talabchanligi hamda tadbirkorligi;

  • korxona ishi samarasidan moddiy manfaatdorlik va majburiyatlar bo‘yicha moddiy javobgarlik tizimi.

Korxona rahbari yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda hisob yuritish siyosatini asoslashi va to‘g‘ri yondashishi mumkin. Maxsus BHMSlar bo‘lmaganda, korxona rahbari hisob yuritish siyosatini ishlab chiqishda o‘z tushunchalaridan foydalanishga haqli, chunki u foydalanuvchilar uchun moliyaviy hisobotlardan foydali axborotlarni bera oladi. O‘z tushunchalarini qo‘llash jarayonida korxona rahbari BHMSning shu kabi masalalar bo‘yicha talablari va ko‘rsatmalarini, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan har qanday boshqa axborotni, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan aktivlar, majburiyatlar, daromadlar va xarajatlar uchun ularni aniqlash, aks ettirish va o‘lchash baholarini, kapitalning asosiy jahon moliyaviy bozorlari tomonidan qabul qilingan tarmoq amaliyotini ko‘rib chiqadi.
Hisob yuritish siyosatini shakllantirishda buxgalteriya hisobini yuritish uchun tanlangan usullar ma’muriy hujjat e’lon qilingan yildan keyingi yilning 1 yanvaridan boshlab qo‘llaniladi, hisobot yili davomida yangi tuzilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bundan mustasno.
Yangi tuzilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt birinchi hisobotini e’lon qilgunga qadar, o‘zi tanlagan hisob yuritish siyosatini rasmiylashtiradi va uni yuridik shaxs maqomini olgan vaqtdan boshlab, 90 kun ichida amalga oshiradi. Sub’ekt tomonidan tanlangan hisob yuritish siyosati yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan vaqtdan (davlat ro‘yxatidan o‘tgandan) keyin qo‘llanilishi mumkin.
Kalendar yili davomida. hisob yuritish siyosati o‘zgartirilmaydi.
Quyidagi hollarda xo‘jalik yurituvchi sub’ektning hisob yuritish siyosatida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin:
- korxona qayta tashkil etilganda, ya’ni, qo‘shilganda yoki ajralib chiqqanda;
- mulk egalari o‘zgarganda;
- davlat qonunlari o‘zgarganda;
- hisobni olib borishining yangi shakllari va usullari joriy etilganda.
Iqtisodiy adabiyotda u quyidagicha talqin qilinadi. Korxonaning hisob siyosati - bu korxona tomonidan umum qabul qilingan qoidalar va o‘z faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib e’lon qilinadigan buxgalterlik hisobini olib borishning muayyan uslublari va shakllarining majmuidir.
Korxonaning hisob siyosati rasmiy hujjat sanaladi. U bosh buxgalter tomonidan ishlab chiqiladi hamda boshliqning buyrug‘i yoki farmoyishi bilan tasdiqlanadi.
Korxonada kelasi yil uchun «Hisob siyosati» yilning oxirida tayyorlanadi. Demak, u korxonaning navbatdagi yilda buxgalteriya hisobini olib borish bo‘yicha o‘ziga xos rejasi hisoblanadi.
Hisob siyosatiga kiritilgan barcha o‘zgartirishlar asoslangan bo‘lishi hamda korxona rahbarining buyrug‘i yoki farmoyishi bilan tasdiqlanishi kerak.
Hisob siyosati rasmiy hujjat sifatida majburiy tartibda quyidagi organlar: yuqori turuvchi tashkilotga, soliq inspektsiyasiga, bankka, ijtimoiy sug‘urta, statistika boshqarmasi idoralariga topshiriladi.
U so‘rov va talab bo‘yicha prokuratura, sud va arbitraj organlariga, investorlar, aktsiyadorlar, kredit beruvchilar, auditorlik firmasi va boshqa foydalanuvchilarga ham taqdim etilishi mumkin. Hisob siyosati korxona xodimlari uchun ochiq bo‘lishi lozim.
Korxona hisob siyosatidan foydalanuvchi har bir shaxs o‘z maqsadlari yo‘lida uni o‘rganadi va foydalanadi. Masalan, soliq inspektsiyasi undan soliqlar bo‘yicha taqdim etilgan hisob-kitoblarning ishonchliligini, korxonada ularni hisobga olib borishning to‘g‘riligini nazorat qilish maqsadlarida foydalanadi. Banklar uchun esa, korxonaning hisob siyosati naqdga va naqdsiz hisob-kitoblar, kassa operatsiyalarini olib borish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish uchun kerak. Auditorlik firmasi hisob siyosati qanday tuzilganligi, shuningdek, korxona tomonidan unga rioya etilishi darajasi haqida xulosa beradi. Investorlar, aktsiyadorlar, kreditorlar esa, o‘z mablag‘larini sarflash, shartnomalar, bitimlar tuzish to‘g‘risida bir qarorga kelishidan oldin korxona hisob siyosatini o‘rganadilar.
Shunday qilib, korxona hisob siyosati moliyaviy hisobning nazariy, uslubiy, texnik, tashkiliy tomonlarini qamrab oladi.
Nazariy qism moliyaviy hisobning asosiy qoidalari, nizomlari va ilmiy qoidalarini o‘z ichiga oladi. Hisobning uslubiy tomoni mulk va majburiyatlarni baholashning usullari, mulkning turli ko‘rinishlari bo‘yicha amortizatsiyani hisoblab yozish usullari, foyda, daromadni hisoblab chiqarishi uslublari va haqlarni nazarda tutadi.
Endilikda har qanday mulkchilik shaklidagi, tashkiliy -huquqiy tuzilishdagi va tarmoqqa tegishli korxonalar quyidagi sohalar bo‘yicha o‘z hisob siyosatini tanlab olishlari mumkin:
-asosiy vositalarning amortizatsiyasini hisoblash;
-asosiy vositalarni tuzatishni hisobga olish;
-materiallarni sotib olishni hisobga olish;
-moddiy aylanma mablag‘larning hisobini tashkil qilish va baholash;
-ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olish;
-materiallar, tugallanmagan ishlab chiqarish, tayyor mahsulot, jo‘natilgan tovarlarni baholash;
-ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotni hisobda aks ettirish;
-mahsulot (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasini hisobga olish;
-dargumon qarzlar bo‘yicha har xil zaxira (rezerv) larni yaratish;
-sof foyda hisobidan har xil fondlarni hosil qilish va boshqa masalalar bo‘yicha.
Hisobning texnik tomoni moliyaviy hisobni olib borishning shakli (qo‘llanilajak buxgalterlik registrlari tizimi) ni buxgalterlik xizmatining tashkiliy tadbirlarini, uning boshqaruv tizimidagi o‘rni bu tizimning boshqa elementlari va bo‘g‘inlari bilan o‘zaro aloqasi va o‘zaro ta’siri, bo‘linmalar bilan bozor iqtisodiyotning yuzaga kelishi va shakllanishi uchun xos bo‘lgan o‘zaro aloqalarni o‘z ichiga oladi.
Hisob siyosatining texnik jihatini yanada oydinroq yoritadigan bo‘lsak, uning texnik aspektiga quyidagi masalalar kiritiladi:
-markazlashtirilgan schyotlar rejasi asosida ishchi schyotlar rejasini ishlab chiqish;
-buxgalteriya hisobining shakllarini tanlash;
-buxgalteriya hisobida hujjatlar aylanishi;
-mulk va majburiyatni inventarizatsiya qilish;
-ichki ishlab chiqarish hisoboti.
Hisob siyosatining tashkiliy aspektida buxgalteriya hisobining echilishi zarur bo‘lgan masalalari quyidagilardan iborat:
-buxgalteriya xizmatining tashkiliy shakllari;
-buxgalteriya xizmatining tarkibi va hisobni markazlashtirish darajasi;
-korxona bo‘linmalarini alohida balansga o‘tkazish.
Yuqorida uchta guruhga kiruvchi muammolarning eng optimal ravishda hal qilinishi korxona hisob siyosatining muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlaydi. Chunki hisob siyosatining dastlabki bosqichi yoki uning uslubiy aspektida buxgalteriya hisobining asosiy vazifasi, ya’ni u bajarishi zarur bo‘lgan yoki hal qilib berishi lozim bo‘lgan hisob jarayonlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, hisob siyosatining ikkinchi bosqichida ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun zarur texnik usullar belgilab beriladi.
Ikkinchi bosqichda birinchi bosqichda belgilab berilgan vazifalarni bajarish uchun texnologik jarayon ishlab chiqiladi.
Uchinchi bosqichda, ya’ni hisob siyosatining tashkiliy aspektida ushbu texnologik jarayonni bajaruvchi ijrochilar va ularning xizmat vazifalari aniq belgilanishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan hisob siyosatidagi o‘zgarishlarning oqibatlari buxgalteriya hisobi yuritishda o‘zgartirilgan omillarning qo‘llanilish kuni (oyning birinchi sanasi)dan sub’ekt tomonidan tekshirilgan qiymat ko‘rinishida baholanishi kerak.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning hisob yuritish siyosati 1-son BHMAning 16-50 bandlarida va «Moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etishning kontseptual asoslari»da keltirilgan asosiy tamoyillarga asosan aniqlanishi mumkin:

  • hisoblash tamoyili;

  • ikki yoqlama yozish usuli;

  • uzluksizlik;

  • xo‘jalik muomalalari, aktivlar va passivlarning puldagi bahosi;

  • ishonchlilik;

  • ehtiyotkorlik;

  • mazmunning shakldan ustunligi;

  • ko‘rsatkichlarning qiyosiyligi;

  • moliyaviy hisobotning betarafligi;

  • aktivlar va passivlarning aniq bahosi;

  • hisobot davri daromad va xarajatlarining mosligi;

  • tushunarlilik, oddiylik;

  • ahamiyatlilik;

  • muhimlik;

  • haqqoniy, xolis taqdim etish;

  • tugatilganlik;

  • izchillik;

  • o‘z vaqtidalik;

  • xolislik (ob’ektivlik).

Yuqoridagi tamoyillarga asoslanib yuritilgan buxgalteriya hisobi va tuzilgan moliyaviy hisobot barcha foydalanuvchilarning korxona moliyaviy xo‘jalik faoliyati haqida to‘liq, tushunarli ma’lumot olishni va tegishli xulosa chiqarishni ta’minlaydi.

Yüklə 0,84 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   174




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin