Moliyaviy hisobotdagi betaraflik – moliyaviy hisobotda beriladigan axborot ishonchli bo‘lishi uchun taxminlardan mustaqil bo‘lishi lozim.
Hisobot davrida daromadlar bilan xarajatlarning muvofiqligi – hisobot davrida bo‘lgan daromadlar bilan xarajatlarning muvofiqligi shuni anglatadiki, mazkur davrda ushbu hisobot davridagi daromadlarni olishga asos bo‘lgan xarajatlargina aks ettiriladi. Agar daromadlar bilan xarajatlarning o‘rtasida bevosita bogliqlikni o‘rnatish qiyin bo‘lsa, xarajatlar biron-bir taqsimlash tizimiga muvofiq bir nechta hisobot davrlari o‘rtasida taqsimlanadi. Bu masalan, bir necha yilga taqsimlanadigan amortizatsiya xarajatlariga taalluqlidir.
Aktivlar va majburiyatlarning haqiqiy bahosi –aktivlar va majburiyatlarning haqiqiy baholash qoidasi shundan iboratki, ularning tannarxi yoki sotib olish qiymati asosiy bahodir.
Standartlarda ko‘zda tutilgan ayrim hollarda haqiqiy baho sotib olish qiymatidan farq qilishi mumkin.
Tushunarlilik –hisob va moliyaviy hisobotlarda berilayotgan axborot foydalanuvchilarga tushunarli bo‘lishi kerak.
Ahamiyatlilik – moliyaviy axborot foydalanuvchilar qarorlar qabul qilish jarayonida ularning ehtiyojlarini qondirish va ularga operatsion, moliyaviy hamda xo‘jalik faoliyatiga baho berishda ko‘maklashish uchun ahamiyatli bo‘lishi kerak.
Jiddiylik –agar axborotni kiritmaslik yoki noto‘g‘ri taqdim etish axborotdan foydalanuvchilarning moliyaviy hisobot asosida qabul qilingan iqtisodiy qarorlariga ta’sir etsa, u jiddiy hisoblanadi. Axborotning ahamiyatiga uning mohiyati ham, shuningdek uning qimmati (jiddiyligi) ham ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Haqqoniy va xolis taqdim –moliyaviy hisobotlar foydalanuvchida xo‘jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy ahvoli, operatsiyalar natijalari, pul mablag‘lari harakati to‘g‘risida haqqoniy va xolis tasavvur yaratishi kerak.
Tugallanganlik – moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini ta’minlash maqsadida axborot etarlicha to‘la hajmda taqdim etilishi kerak.
Izchillik – hisob siyosati bir davrdan ikkinchi davrga izchil o‘tkazilib boradi, deb hisoblanadi. Foydalanuvchilar xo‘jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy ahvolidagi o‘zgartirish tamoyilini belgilash uchun har xil hisobot davrida ularning moliyaviy hisobotlarini taqqoslash imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak.