Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari bo‘yicha tayyorlashni konseptual asoslari…



Yüklə 1,2 Mb.
səhifə15/26
tarix20.06.2023
ölçüsü1,2 Mb.
#133209
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   26
Dissertatsiya Rasulov Sh.Sh.(1)

2.2.2-rasm. Pul oqimlari harakati16
Operatsion faoliyat bu kompaniyaning asosiy daromad keltiruvchi faoliyati hamda investitsiya va moliyaviy faoliyatdan tashqari boshqa faoliyat turlaridir. 7-son BHXSning 13-bandiga ko‘ra, “Operatsion faoliyatdan kelib chiqadigan pul oqimlarining summasi - tashkilotning qarzlarini to‘lash, operatsion imkoniyatlarini saqlab qolish, dividendlarni to‘lash va moliyalashtirishning tashqi manbalariga murojaat qilmasdan, yangi investitsiyalar qilish uchun yetarli bo‘lgan pul oqimlarini qay darajada hosil qilganligini aks ettiruvchi asosiy ko‘rsatkichdir. O‘tgan davrlarda operatsion faoliyatdan kelib chiqqan pul oqimlarining alohida tarkibiy qismlari to‘g‘risidagi maʼlumot boshqa maʼlumotlar bilan birgalikda operatsion faoliyat bo‘yicha kelgusi pul oqimlarini prognoz qilishda foydalidir”.
Sharh: Operatsion faoliyat bo‘yicha pul oqimlari birinchi navbatda kompaniyaning asosiy daromad keltiruvchi faoliyatidan kelib chiqadi. Bu yerda asosiy daromad deyilganda kompaniyaning tushumi nazarda tutilmoqda. 15-son MHXS “Xaridorlar bilan shartnomalar bo‘yicha tushum”ga muvofiq tushum bu kompaniyaning odatdagi faoliyatidan yuzaga keladigan daromaddir. Shuning uchun operatsion faoliyatdan pul oqimlari odatda foyda yoki zararni aniqlashda hisobga olinadigan operatsiyalar yoki boshqa hodisalar natijasi hisoblanadi.
Operatsion faoliyatdan kelib chiqadigan pul oqimlarining summasi kompaniya faoliyati kreditlarni to‘lash, aylanma kapitalni saqlab turish, dividendlar to‘lash va tashqi manbalarga (qarz yoki kapital kiritilishi) murojaat qilmasdan yangi investitsiyalarni amalga oshirish uchun yetarli pul oqimlarini yaratganligining asosiy ko‘rsatkichidir.
7-son BHXSning 14-bandiga muvofiq operatsion faoliyatdan kelib chiqadigan pul oqimlariga quyidagi misollar keltirilgan:
• tovarlarni sotish va xizmatlarni ko‘rsatishdan pul mablag‘larining kelib tushishi;
• royalti, xizmat haqlari, vositachilik haqlari va boshqa tushum ko‘rinishidagi pul mablag‘larining kelib tushishi;
• yetkazib beruvchilarga tovarlar va xizmatlar uchun pul mablag‘lari to‘lovi;
• xodimlarga va xodimlar nomidan pul mablag‘lari to‘lovi;
• moliyaviy yoki investitsiya faoliyatiga aniq tegishli bo‘lmagan foyda solig‘i bo‘yicha pul mablag‘lari to‘lovi yoki ularning qaytarilishi.
АBS kompaniya sayoxat xizmatini ko‘rsatadi. Kompaniya mijozga turistik maslahat, sayohatni tashkil etish xizmatlarini ko‘rsatadi. Kompaniya joriy yilda balansidagi sayoxat avtobusini sotgan. Pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotda ushbu pul oqimlari qanday tasniflanadi?
Kompaniyaning sayohat bo‘yicha maslahat xizmati va sayohatni tashkil etish xizmati operatsion faoliyatdan kelib chiqadigan pul oqimlari hisoblanadi. Аvtobusni sotilishidan kelib tushgan pul mablag‘lari investitsiya faoliyatidan pul oqimlari tarzida tasniflanadi.
Investitsiya faoliyati bu uzoq muddatli aktivlarning va pul mablag‘lari ekvivalentlariga kirmaydigan boshqa investitsiyalarning xarid qilinishi va hisobdan chiqarilishidir. 7-son BHXSning 16-bandiga muvofiq, “Investitsiya faoliyatidan kelib chiqadigan pul oqimlarini alohida yoritish muhim ahamiyat kasb etadi, chunki bunday pul oqimlari kelgusi daromad va pul oqimlarini hosil qilish uchun mo‘ljallangan resurslarga qancha sarflar amalga oshirilganini ko‘rsatadi. Faqat moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisobotda aktiv tan olinishiga olib keladigan sarflargina investitsiya faoliyati tarzida tasniflanishi mumkin”.
Sharh: Baʼzi holatlarda pul oqimi operatsion faoliyatdan yoki investitsiya faoliyatidan ekanini aniqlash qiyin bo‘lishi mumkin. Masalan, kripto aktivlarning harid qilinishi moliyaviy holatda tovar sifatida yoki nomoddiy aktiv sifatida tan olinishi mumkin. Natijada, unga sarflangan pul oqimini tansiflash qiyin bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda kompaniya mulohaza yuritishi lozim va bunday mulohazani izchil qo‘llashi talab etiladi.
7- son BHXSning 16-bandiga muvofiq investitsiya faoliyatdan kelib chiqadigan pul oqimlariga quyidagi misollar keltirilgan:
• uzoq muddatli aktivlarni xarid qilish uchun amalga oshirilgan pul mablag‘lari to‘lovi hamda ularni sotishdan pul mablag‘lari kelib tushishi;
• boshqa kompaniyalarning ulushli yoki qarz instrumentlarini va qo‘shma korxonalardagi ulushlarni harid qilish uchun amalga oshirilgan pul mablag‘lari to‘lovi hamda ularni sotishda pul mablag‘lari kelib tushishi;
• boshqa tomonlarga berilgan avans pul mablag‘lari va qarzlar hamda ularning qaytarilishi (moliyaviy institutlar tomonidan berilgan avans pul mablag‘lari va qarzlar va ularning qaytarilishi bundan mustasno);
Uzoq muddatli aktivlar deganda asosan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar nazarda tutiladi. Bunday aktivlarni harid qilish deganda nafaqat sotib olish, balki kompaniya o‘zi qurgan, yaratgan paytda amalga oshirilgan sarflarni ham nazarda tutadi.
Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi kompaniya o‘z faoliyatini 2022-yil
1-yanvarda boshladi. 2022-yilda quyidagi maqsadlarda pul mablag‘lari sarflagan:
-startap sarflar (10 mln so‘m);
-ishlab chiqarish uskunasi harid qilgan (150 mln so‘m);
-uskunani o‘rnatish uchun sarflar (15 mln so‘m);
-hodimlarni tayyorlash sarflari (5 mln so‘m);
-mahsulotni reklama qilish sarflari (7 mln so‘m);
2022 yil uchun pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotda ushbu operatsiyalar qanday tasniflanadi?
Kompaniya uskuna uchun sarflangan jami 165 mln so‘mni investitsiya faoliyatidan pul mablag‘lari chiqimlari tarzida tasniflaydi. Chunki, ushbu sarflar moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisobotda uzoq muddatli aktiv (asosiy vosita) tan olinishiga sabab bo‘lgan.
Startap sarflar, hodimlarni tayyorlash sarflari va mahsulotni reklama qilish sarflari operatsion faoliyatdan pul mablag‘lari chiqimi tarzida tasniflanadi. Chunki ushbu moddalar moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisobotda uzoq muddatli aktiv sifatida tan olinmaydi. Аksincha, foyda yoki zarar to‘g‘risidagi hisobotda xarajat sifatida tan olinadi.
Moliyaviy faoliyat bu kompaniyaga kiritilgan xususiy kapital va qarz mablag‘larining summasi va tarkibidagi o‘zgarishlarga olib keladigan faoliyatdir. 7-son BHXSning 17-bandiga ko‘ra, “Moliyaviy faoliyatdan kelib chiqadigan pul oqimlarini alohida yoritib berish muhim ahamiyat kasb etadi, chunki bu maʼlumot tashkilotni kapital bilan taʼminlovichilar tomonidan kelgusi pul oqimlariga bo‘lgan talablarini prognoz qilish uchun foydalidir”.
Sharh: Moliyaviy faoliyatdan pul oqimlari umumiy holatda moliyalashtirishning qarz yoki kapital manbalaridan pul mablag‘lari kelib tushishi yoki bunday qarz va kapital instrumentlarni so‘ndirish bilan bog‘liq pul mablag‘lari chiqimini anglatadi. 7-son BHXSning 17-bandiga muvofiq investitsiya faoliyatdan kelib chiqadigan pul oqimlariga quyidagi misollar keltirilgan:
• aktsiyalar yoki boshqa ulushli instrumentlarni muomalaga chiqarishdan pul mablag‘lari kelib tushishi;
• kompaniya aktsiyalarini xarid qilish yoki muomaladan chiqarish uchun mulkdorlarga pul mablag‘lari to‘lovi;
• qarz majburiyatlarini chiqarish, qarzlar berish, veksellar, obligatsiyalar, garov va boshqa qisqa muddatli yoki uzoq muddatli qarz majburiyatlarini chiqarishdan pul mablag‘lari kelib tushishi;
• qarzlar bo‘yicha qaytarilgan pul mablag‘lari to‘lovi; va
• ijarachi tomonidan ijara bo‘yicha so‘ndirilmagan majburiyatni kamaytirish uchun amalga oshirilgan pul mablag‘lari to‘lovi.
Qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi kompaniya mulkdorlari tomonidan 10 mln so‘m ulush kiritilgan va 20 mln so‘m qarz mablag‘lari jalb qilingan. Kompaniya, shuningdek, o‘zining 50 mln so‘mlik qarz mablag‘ini qaytargan va 30 mln so‘m dividend to‘lagan. Kompaniya moliyaviy ijara shartnomasi bo‘yicha yangi uskuna sotib olgan. Ijara to‘lovi oyiga 5 mln so‘mni tashkil etadi. Ushbu operatsiyalar pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotda qanday tasniflanadi?
Kompaniya mulkdorlari tomonidan kiritilgan ulush va jalb qilingan qarzlar summasi moliyaviy faoliyatdan pul oqimi sifatida tasniflanadi. Chunki, biri kompaniyaning xususiy kapitali ortishiga, ikkinchisi kompaniyaning qarz majburiyatlari ortishiga olib kelgan.
Kompaniya tomonidan qaytarib to‘langan 50 mln so‘m qarz mablag‘i ham moliyaviy faoliyatdan pul oqimi tarzida tasniflanadi, chunki u kompaniyaning qarz majburiyatlari kamayishiga olib kelgan.
To‘langan dividendlar kompaniya tomonidan quyidagi yondashuvlardan biri orqali tasniflanishi mumkin:
moliyaviy faoliyatdan pul oqimi, chunki ular moliyaviy resurslarni jalb etish bo‘yicha sarflardir.
- operatsion faoliyatdan pul oqimi, chunki ular operatsion faoliyati natijasidagi pul oqimlari hisobiga to‘lanadi.
АBS kompaniya sof foydasi 2021 yil uchun 7 mln so‘mni tashkil etgan. 2021 yil uchun tovarlarni sotishda tushum 100 mln so‘m, asosiy vositalar sotilishidan foyda 750 ming so‘m va investitsiya ko‘chmas mulkining haqqoniy qiymatidagi o‘sish 250 ming so‘mni tashkil etgan. 2021 yil uchun harajatlar o‘z ichiga 50 mln so‘m sotish tannarxini, 42,6 mln so‘m mexnatga haq to‘lash xarajatlari, 800 ming so‘mlik eskirish summasi, nomoddiy aktivlarga hisoblangan 100 ming so‘mlik amortizatsiya summasini va oldi-sotdi qilinadigan investitsiyaning haqqoniy qiymatidagi 500 ming so‘mlik kamayishni oladi
Kompaniyaning 2021-yil 31 dekabr holatiga moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisoboti summasi 1.7 mln bo‘lgan savdo debitorlik qarzlarini (2020-yil 31 dekabr holatiga 1 mln so‘m bo‘lgan), summasi 1.2 mln bo‘lgan zaxiralarni (2020-yil 31-dekbar holatiga 2.2 mln so‘m bo‘lgan) va summasi 2 mln so‘m bo‘lgan yetkazib beruvchilarga kreditorlik qarzini (2020-yil 31-dekbar holatiga 2.4 mln so‘m bo‘lgan) o‘z ichiga olgan.
Kompaniya pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotining birinchi qismi bo‘lgan operatsion faoliyatdan pul oqimlarini bevosita usul orqali taqdim eting.
2021-yil uchun pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotdan ko‘chirma (ming so‘mda)
Operatsion faoliyatdan pul oqimlari
Xaridorlardan kelib tushgan pul oqimlari 9930
Yetkazib beruvchilar va hodimlarga to‘langan pul oqimlari (92000)
Operatsion faoliyatdan sof pul oqimlari 7300
mazkur summani to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniyaning 2018 yil uchun pul mablag‘i schetining debet aylanma qismidan olish yoki quyidagicha hisoblash orqali aniqlash mumkin: Savdo debitorlik qarzi (davr boshiga) + Davr uchun tushum – Xaridorlardan kelib tushgan pul mablag‘lari=Savdo debitorlik qarzi (darv oxiriga); 1 mln so‘m + 100 mln so‘m - Xaridorlardan kelib tushgan pul mablag‘lari=1.7 mln so‘m; Xaridorlardan kelib tushgan pul mablag‘lari=99,3 mln so‘m.
2020 yil 31 dekabr holatiga savdo kreditorlik qarzi ( 2.4 mln so‘m) 2021 yilda to‘langan + tovarlarni sotish tannarxi (50 mln so‘m) – zaxiralardagi kamayish (1 mln so‘m) – 2021 yil 31 dekabr holatiga savdo kreditorlik qarzi (2 mln so‘m) 2022 yilda to‘lanishi kutiladi + 2021 yilda hodimlarga to‘langan ish haqi (42.6 mln so‘m) =92 mln so‘m.
Аsosiy vositalarni sotilishidan kelib tushgan pul oqimlari investitsiya faoliyatidan pul oqimlari tarzida tasniflanadi.
7-son BHXSning 20-bandiga muvofiq, “Bilvosita usul qo‘llanganda, operatsion faoliyat bo‘yicha sof pul oqimlari foyda yoki zararni quyidagilarning taʼsirini hisobga olgan holda tuzatish orqali aniqlanadi:
(a) davr mobaynida zaxiralardagi va operatsion debitorlik va kreditorlik qarzlaridagi o‘zgarishlar;
(b) eskirish, baholangan majburiyat, kechiktirilgan soliqlar, realizatsiya qilinmagan ijobiy va salbiy kurs farqlari va taʼsir ostidagi tashkilotlarning taqsimlanmagan foydasi kabi pulsiz moddalar; va
(v) investitsiya yoki moliyaviy faoliyat bo‘yicha pul oqimlarini keltirib chiqaradigan boshqa moddalar.
Muqobil ravishda operatsion faoliyat bo‘yicha sof pul oqimlarini umumlashgan daromadlar to‘g‘risidagi hisobotda yoritilgan tushumlar va xarajatlarni aks ettirish hamda davr mobaynida zaxiralardagi va operatsion debitorlik va kreditorlik qarzlaridagi o‘zgarishlarni aks ettirish orqali bilvosita usulda taqdim etish mumkin”.
Sharh: Ko‘pchilik moliyaviy hisobchilar operatsion faoliyatdan pul oqimlarini bilvosita usulda aks ettirishni afzal ko‘radilar. Chunki, moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisobot va umumlashgan daromad to‘g‘risidagi hisobotdagi maʼlumotlardan foydalangan holda mazkur pul oqimlarini aks ettirish bevosita usulga qaraganda soddaroq hisoblanadi. Quyidagi misolda moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisobot va umumlashgan daromad to‘g‘risidagi hisobot maʼlumotlari-
dan foydalanib pul oqimlarini bilvosita usul orqali taqdim etishni ko‘rib chiqamiz:
АBS kompaniya sof foydasi 2021 yil uchun 7 mln so‘mni tashkil etgan. 2021 yil uchun tovarlarni sotishda tushum 100 mln so‘m, asosiy vositalar sotilishidan foyda 750 ming so‘m va investitsiya ko‘chmas mulkining haqqoniy qiymatidagi o‘sish 250 ming so‘mni tashkil etgan. 2021 yil uchun harajatlar o‘z ichiga 50 mln so‘m sotish tannarxini, 42,6 mln so‘m mexnatga haq to‘lash xarajatlari, 800 ming so‘mlik eskirish summasi, nomoddiy aktivlarga hisoblangan 100 ming so‘mlik amortizatsiya summasini va oldi-sotdi qilinadigan investitsiyaning haqqoniy qiymatidagi 500 ming so‘mlik kamayishni oladi.
Kompaniyaning 2021 yil 31 dekabr holatiga moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisoboti summasi 1.7 mln bo‘lgan savdo debitorlik qarzlarini (2020 yil 31 dekabr holatiga 1 mln so‘m bo‘lgan), summasi 1.2 mln bo‘lgan zaxiralarni (2020 yil 31 dekbar holatiga 2.2 mln so‘m bo‘lgan) va summasi 2 mln so‘m bo‘lgan yetkazib beruvchilarga kreditorlik qarzini(2020 yil 31 dekbar holatiga 2.4 mln so‘m bo‘lgan) o‘z ichiga olgan.
Kompaniya pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotining birinchi qismi bo‘lgan operatsion faoliyatdan pul oqimlarini bevosita usul orqali taqdim eting.
2021 yil uchun pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotdan ko‘chirma (ming so‘mda)
Operatsion faoliyatdan pul oqimlari
Davr uchun sof foyda 7,000
Pulsiz daromadlar va xarajatlar uchun tuzatishlar:
Investitsiya ko‘chmas mulkining haqqoniy qiymatidagi o‘sish (250)
Investitsiya haqqoniy qiymatidagi kamayish 500
Eskirish xarajatlari 800
Аmortizatsiya xarajatlari 100
Investitsiya faoliyatiga kiritilgan pul oqimlari:
Аsosiy vositalar sotilishidan foyda (750)
Аylanma kapitaldagi o‘zgarishlar
Savdo debitorliq qarzidagi o‘sish (700)
Zaxiralardagi kamayish 1,000
Savdo kreditorlik qarzlaridagi kamayish (400)
Operatsion faoliyatdan sof pul oqimlari 7,300
Eʼtibor berish zarur bo‘lgan jihati, operatsion faoliyatni qaysi usulda taqdim etishingizdan qatʼiy nazar operatsion faoliyatdan sof pul oqimlari summasi bir hil natija beradi.
7-son BHXSning 21-bandiga muvofiq, “Tashkilot investitsiya faoliyati va moliyaviy faoliyatdan kelib chiqadigan pul mablag‘larining yalpi kelib tushishi va yalpi to‘lovining asosiy sinflarini hisobotda alohida taqdim etishi lozim, bundan 22 va 24 bandlarda belgilangan, netto asosda taqdim etiladigan pul oqimlari mustasno.”



Yüklə 1,2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   26




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin