So'zlarni turkumlash tamoyillari tasnif asoslari Til haqidagi fanning shakllanishi, odatda, XIX asrning boshiga to‘g‘ri keladi, deb baholanadi. Biroq, tilshunoslikning eng asosiy, tub muammosi, jumladan, so‘z turkumi va gap bo‘lagi, tilning tabiati, til belgisining ma’noga aloqadorligi, mantiqiy, grammatik va boshqa hodisa munosabati va hatto, til, lison va nutq munosabati, tilning sistemaviy xarakteri (sistema ekanligi, yaxlit strukturadan iborat ekanligi strukturasiz yaxlitlikning.Ya’ni tilning o‘zi bo‘lmasligi kabi) hamda unga yondashuvda ham doimo, qadimdan boshlab sistema sifatida yo‘l tutilganligi, shuningdek, tilning kelib chiqishi masalasini ham qamrab olib baho beriladigan bo‘lsa, tilshunoslik fanining shakllanishi, albatta, uzoq tarixga egaligi ma’lum bo‘ladi. Sharqda eramizdan oldingi davrda, ya’ni III-II asrda Panining grammatika va grammatik kategoriyalar haqida fikr yuritganligi ma’lumdir.
Hind tilshunosligida so‘z to‘rt guruhga ajratilgan: ot, fe’l, ko‘makchi va yuklama. Bunda fe’l harakatni ifodalovchi, ot esa substansiya-ifodalovchi, yuklama va ko‘makchi so‘z o‘rtasidagi munosabatni, shuningdek, insonning o‘z fikriga munosabatini ifodalovchi hodisa sifatida berilgan. Tilshunoslik tarixida so‘zga ko‘pdan-ko‘p ta’riflar berilgan, har bir tadqiqotchi so‘zga o‘zi chuqurroq shug‘ullangan mezon nuqtai nazaridan kelib chiqib baho berishga harakat qilgan. Ammo hozirga qadar so‘zga berilgan barcha ta’riflar, ushbu lingvistik birlikning mohiyatini to‘laligicha qamrab olgan emas. Uning atrofidagi baho va munozaralar hamon tugagan emas.
Tilshunos olim S.Usmonov so‘zga shunday ta’rif beradi: «So‘z kollektiv a’zolari tomonidan bir xilda talaffuz qilinib, bir xilda idrok qilinadigan hamda biron predmet, hodisani bildiradigan yo ular haqidagi tovush birikmasi sifatida shakllangan simvoldir27. Prof. Sh.Rahmatullayev so‘z haqida shunday deydi: «So‘z o‘ta murakkab hodisa sifatida talqin qilinib, ayni vaqtda ham til birligi, ham nutq birligi bo‘lishi ta’kidlanadi. Asli til birligi bilan nutq birligining teng kelib qolishi yordamchilarda, o‘zgarmaydigan turkumlarda voqe bo‘ladi28.
Akademik A.Hojiyev shunday ta’rif beradi. So‘z, leksemaning nutqda muayyan shakl va vazifa bilan voqelangan ko‘rinishi. O‘z tovush qobig‘iga ega bo‘lgan, ob’yektiv narsa-hodisalar haqidagi tushunchani, ular o‘rtasidagi aloqani yoki ularga munosabatlarni ifodalay oladigan. Turi grammatik ma’no va vazifalarda qo‘llanadigan eng kichik nutq birligi29.
Tilshunos O.S.Axmanova so‘zga quyidagicha ta’rif beradi: So‘z (glossa) ing. Word, fran. Mat, nem. Wort, isp. Palabra. 1. Voqyelikning ma’lum «sohasi» («qismi»)ning umumlashgan tarzdagi aksi sifatida fikr predmeti bilan bevosita munosabatga kirishga qodir bo‘lgan va mana shu keyingisiga yo‘nalgan gapni tashkil etadigan oxirgi chegaradir. 2. 1-nchi ma’nodan farqli ravishda gapning yuzaga chiqish imkoniyati bo‘lgan va faqat sintaktik planda qaraladigan minimumidir30.
A.Nurmonov,Sh.Iskandarovalar tilshunoslikda so‘zning keng qamrovli, universal tushuncha ekanligini shunday ifodalaydilar: «An’anaga ko‘ra, so‘z atamasi leksik birlik bo‘lgan leksemaga nisbatan ham, morfologik birlik bo‘lgan so‘z shaklga nisbatan ham qo‘llaniladi. Shuning uchun ham ko‘p adabiyotlarda lingvistik birlik bilan mantiqiy birlik solishtirilib, so‘zning tushuncha ifodalashi, ana shu belgisi bilan hukm ifodalovchi gapdan farqlanishi va so‘z birikmasi bilan umumiylik hosil qilishi haqida gap boradi. Bunday holatlarda, tabiiyki, leksik birlik sanaluvchi leksema ma’nosida qo‘llangan so‘z atamasi haqida fikr yuritiladi. Odam so‘zi borliqdagi «ongli faoliyat ko‘rsatish va nutqiy faoliyat ishtirokchisi bo‘lish imkoniga ega bo‘lgan tik gavdali jonzot» tushunchasini ifodalashi bilan birga, «bosh kelishik, birlik shakldagi ot» ma’nosidir. Hozirgi tilshunoslikda birinchisi uchun leksema, leksik morfema. Ikkinchisi uchun ega so‘z shakl atamalaridan foydalaniladi»31.