Muammoli – qidiruv uslublari ko‘proq ijodiy bilim faoliyati ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida qo‘llaniladi. Ular talabalarning bilimni chuqur anglashiga, mustaqil egallashiga yordam beradi. Bu uslublar, ayniqsa, quyidagi hollarda samarali qo‘llaniladi: o‘quv jarayonida tushuncha, qonun va nazariya kabilarni shakllantirish ko‘zda tutilganda, daliliy axborotni ma’lum qilish, mehnat faoliyatida laboratoriya - eksperimental o‘quv va ko‘nik-malarini hosil qilishda, o‘quv materialining mazmuni printsipal jihatdan yangi bo‘lmasdan, ilgari o‘rganilganining mantiqiy davomi bo‘lsa, uning asosida talabalar yangi bilimni qidirish uchun mustaqil qadam tashlasa, mazmun hodisadagi sabab, oqibat va boshqalarga olib kelsa, qidiruv uslublari o‘qituvchilar, talabalarni muammoli vaziyatni echish faoliyatiga tayyorlagan hollarida qo‘llaniladi. Shu nuqtai nazardan bu uslub o‘zini tadqiqot ishiga bag‘ishlagan yoshlarga bilim berishda asqotadi.
Qisman izlanma metod talabalarni izlanishning turli bosqichlarida tadqiqot faoliyatiga jalb qilishni, muammolarni topish, gipotezani ta’riflash, isbot usullarini topish, xulosalarni ta’riflashga jalb qilishni taqozo etadi.
Ta’lim oluvchilarni izlanish faoliyatiga jalb qilishning yana bir usuli umumiy vazifani bir qator kichik vazifalarga bo‘lish va ularning ayrimlarini talabalar hal etishidir.
Qisman – izlanma metod – muammoli bayondan muammoli o‘qishga, vazifalarni mustaqil qo‘yishga va ularni mustaqil hal etishga o‘tishning o‘ziga xos ko‘pligidir.
O‘tkazilgan tajribalar muammoli o‘qitishning katta samara keltirishini ko‘rsatdi. Ammo shuni nazarda tutish kerakki, muammoli o‘qitish ta’lim jarayoniga asta-sekin, talabalarni muammoli bayon qilish jarayonida va qisman-izlanma faoliyatidan foydalanish jarayonida tayyorlash yo‘li bilan kiritilishi kerak. Butun o‘quv materialini muammoli yo‘l bilan o‘rganish mumkin, deb o‘ylash yaramaydi. O‘quv materialining ko‘p qismi o‘qituvchining oddiy bayoni yordamida, talabalarning darslik va boshqa ma’lum usullar orqali materialni mustaqil o‘rganishi yordamida ham o‘rganib kelindi hamda o‘rganiladi.
Muammoli o‘qitishda o‘qituvchi aniq o‘quv maqsadlariga yo‘naltirilgan savollar va topshiriqlar ishlab chiqadi. U muammoli savollarni hal etishda yoki topshiriqlarni bajarishda talabalarning aniq maqsadga yo‘naltirilgan harakatiga turtki beradi va jarayonni nazorat qiladi. Talaba esa o‘z ta’limining faol qatnashchisi bo‘lib qoladi. Muammoli o‘qitishning mohiyati shundaki, talabalar o‘zlari muammoni mustaqil echishlari kerak. Demak, o‘quv materiallari va topshiriqlar tizimi shunday tuzilishi kerakki, ular asosan mustaqil fikr yuritishga hamda o‘rganishga qaratilishi lozim.
Muammoli o‘qitishning afzalliklari, ijobiy va yaxshi tomonlari bilan bir qatorda, uning kamchiliklari ham mavjud. Uning kamchiliklari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
har qanday o‘quv materiallarini (masalan, raqamli va miqdoriy ma’lumotlar, dalillar, sanalar) ham muammoli vaziyatni yuzaga keltiruvchi qilib bo‘lmaydi;
o‘quv muammosini har doim ham ifodalash mumkin emas;
muammoli o‘qitish ko‘nikmalarga ishlov berish va ularni malaka darajasiga o‘tkazish imkoniyatiga ega emas;
talabalar bilishi juda oson bo‘lgan va juda qiyin bo‘lgan masalalar muammoli vaziyatni yaratmaydi;
muammoli o‘qitishda iqtisod qilish kam hamda katta vaqt sarf qilishni talab etadi.
Muammoli o‘qitishdan foydalanish shartlari. Muammoli o‘qitishdan:
o‘quv materiallarining mazmuni sabab-oqibatli aloqa va bog‘lanishga ega bo‘lib, tushuncha, qonun hamda nazariyani shakllantirishga qaratilgan;
ta’lim oluvchilar mavzuni muammoli o‘rganishga tayyor;
ta’lim oluvchilar fanlardan mustaqil va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga, tadqiqot ko‘nikmalarini shakllantirishga, ishga ijodiy yondashishga qaratilgan masalalar echayotgan;
o‘qituvchida predmet mavzusini muammoli o‘rganishga vaqti bor;
o‘qituvchi mos o‘qitish metodlarini yaxshi egallagan bo‘lsagina foydalanish maqsadga muvofiq.