Lеktsiyalar to’plami – muayyan fanning o’quv dasturi bo’yicha undagi ayrim mavzularning asosiy mazmuni qisqa yoritilgan, birlamchi yangi bilimlarni olishga qaratilgan, foydalaniladigan asosiy va qo’shimcha o’quv adabiyotlar ko’rsatilgan, o’z-o’zini nazorat qilishga oid savollar turkumi, mavzuga tegishli tayanch atama va iboralar keltirilgan, davriy ravishda ilmiy-tadqiqot izlanishlar asosida yangilanib turiladigan, ta'lim muassasalarining ilmiy (pedagogik) kengashi tavsiyasi bo’yicha chiqariladigan kichik adadli tarqatma material.
Metodik (uslubiy) ko’rsatma – muayyan fanning o’quv dasturi bo’yicha kurs ishlari (loyihalari), laboratoriya va amaliy ishlarni bajarish tartibi aniq va batafsil ifodalangan hamda ushbu fan bo’yicha talabalarda zarur amaliy ko’nikmalar hosil qilishga mo’ljallangan, ta'lim muassasalarining ilmiy (pedagogik) kengashi tavsiyasi asosida nashr etiladigan kichik adadli tarqatma material.
Metodik qo’llanma - o’qituvchilar (professor-o’qituvchilar) va bilim oluvchilar uchun mo’ljallangan bo’lib, unda bir darsning maqsadi, dars o’tish vositalari va ulardan foydalanish usullari, darsning mazmuni, amaliy mashg’ulotlar, qo’shimcha topshiriqlar va boshqalar haqida tavsiyalar bayon qilinadigan, ta'lim muassasalarining ilmiy (pedagogik) kengashi tavsiyasi asosida chop etiladigan nashr.
Sharh - jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadigan me'yoriy-huquqiy hujjatlarni, shuningdek, bahsga loyiq asarlarni, g’oyalarni, fikrlarni va ta'riflarni izohlovchi, muayyan masalalar yechimini ko’rsatuvchi, keng ommaga mo’ljallangan qo’shimcha adabiyot sifatida foydalaniladigan nashr.
Dayjest – ilmiy, ilmiy-uslubiy, o’quv, davriy adabiyotlar, hukumat va turli tashkilotlar faoliyatiga tegishli qonunlar, qarorlar, nizomlar mazmunining qisqacha bayoni va sharhi keltirilgan, sohalarga oid ma'lumotlar to’plami sifatida foydalaniladigan doimiy nashr.
Ma'lumotlar banki - axborot texnologiyalarning imkoniyati va vositalari asosida yaratilgan, statik va dinamik rejimda tuzilgan, tovush va rangli tasvirlar bilan ta'minlangan, katta hajmdagi axborotlarni o’z ichiga qamrab olgan va ularni turli ko’rinishda (jadval, diagramma, gistogramma, matn, rasm va hokazo) bera oladigan, o’quv jarayonida bilim oluvchilar tomonidan o’z ustida mustaqil ishlashi va o’z bilimlarini nazorat qilishi uchun qo’llaniladigan, doimiy ravishda to’ldirib boriladigan, keng doirada foydalanishga mo’ljallangan, tegishli vakolatli davlat tashkilotida qayd etilgan sohalar bo’yicha ma'lumotlar to’plami.