Xususiylashtirish — bu davlatga qarashli mulkning fuqarolar va yuridik shaxslarga xususiy mulk shaklida berilishidir.
Xususiylashtirish yakka xususiy mulk va shu mulkka asoslangan korxonalar tashkil etish yo’li bilan yoki guruhiy korporativ xususiy mulk, ya’ni ma’lum maqsadni ko’zlab o’zaro birlashgan mulk sohiblari mulki asoslangan korxonalar tashkil etish yo’li bilan amalga oshiriladi. Xususiylashtirish miqyosi va uslublari, muddati turlicha bo’lib, ular asosan har bir mamlakatning o’ziga xos xususiyatlariga bog’liq. Xususiylashtirish miqyosi avvalo, u yoki bu mamlakatda xususiy sektorni qay darajada milliylashtirish darajasiga bog’liq. Milliylashtirish uslubidan kam foydalangan AQSh, GFR, Yaponiyada xususiylashtirish tendentsiyasi ancha sust bo’lgan holda Buyuk Britaniya, Frantsiya, ayniqsa, sobiq sotsialistik mamlakatlarda bu nihoyatda keng miqyosda amalga oshirildi. Xususiylashtirishning uslublari turli-tuman bo’lib, ularni uchta guruhga bo’lish mumkin yoki boshqacha aytganda, xususiylashtirishning uch usuli bo’lib, muvofiq ravishda qator uslublarni o’z ichiga oladi.
1. Davlat mulkini bepul bo’lib berish:
a) mehnat jamoalariga bepul topshirish;
b) barcha jamiyat a’zolariga bepul bo’lib berish;
v) aholining ayrim sotsial qatlamlariga bepul berish;
g) har bir jamiyat a’zosining davlat mulkiga qo’shgan hissasiga, ya’ni mehnat stajiga
qarab bo’lib berish;
d) foyda keltirmayotgan korxonani istisno tariqasida mehnat jamoasiga bo’lib berish.
2. Davlat mulkini sotish orqali xususiylashtirish:
a) mehnat jamoalariga sotish;
b) barcha jamiyat a’zolariga sotish;
v) auktsionlarda (kim oshdi) fuqarolarga yoki yuridik shaxslarga sotish;
g) korxonalarni mehnat jamoalariga ijaraga berish va keyinchalik butunlay sotish;
d) xorijdan qarzni uzish evaziga chet el firmalari va fuqarolariga berish;
e) ayrim sotsial qatlam: tadbirkorlar va menejerlarga sotish;
yo) davlat korxonalarini xususiy investrlash yoki mulkni to’g’ridan-to’g’ri sotib olish
yoki aktsiya paketini sotib olish yo’li bilan amalga oshiriladi;
j) davlat korxonasini alohida bo’linmalarga ajratish yoki bo’lish va qayta qurish yo’li
bilan qismlarga bo’lib sotish va hokazolar.
3. Davlat mulkini bepul bo’lib berish bilan sotishni birgalikda qo’shib olib borish. Bu usulning ham qator uslublari bo’lib, u yuqoridagi har ikki usulga xos uslublarning turli kombinatsiya-laridan iborat.
Xususiylashtirish bir qancha davlatlarda quyidagicha amalga oshirildi. Xususan, Buyuk Britaniyada korxonalarning aktsiyalarini sotish bilan birgalikda bepul tarqatildi. Davlat uyjoylari ularda yashayotganlarga sotildi.
Germaniyada asosan mulkni sotish orqali, Vengriyada haq to’lashni joriy qilish orqali bo’lsa, Polshada yirik korxonalar aktsio-ner jamiyatlarga aylantirildi. O’rta, mayda korxonalar sotildi. Kupon tarqatilib bepul taqsimlash amalga oshirildi. Ruminiyada 30% mulk bepul taqsimlanib, qolgani, asosan pul to’lab sotib olindi. Rossiyada esa 1992 yili har bir fuqaroga 10.000 rubllik vaucher tarqatildi. Natijada har bir kishi shu summaga teng miqdorda davlat
mulkida o’z hissasiga ega bo’ldi. Xususiylashtirishning qaysi usulini tatbiq qilish mumkinligi, qaysi variant maqbulligi
haqida iqtisodchilarda turli fikrlar bor. Bir guruh iqtisodchilar davlat mulkini sotishdan ko’ra bepul berish ma’qul deydilar, sababi:
1) hammada ham davlat mulkini sotib olish uchun mablag’ yo’q, mehnat haqiga 1/10 yoki 1/20 qisminigina sotib olish mumkin;
2)bu mulkni turli «pinhoniy» iqtisodiyot korchalonlari, chayqovchilik bilan
shug’ullanuvchilar egallashi mumkin;
3)chet el biznesmenlari sotib olishi, halol topilmagan mablag’larni «qonunlashtirib olish» uchun foydalanishlari mumkin;
4)odamlarimiz ozmi-ko’pmi davlat mulkini yaratishda qatnashganlar. Bundan tashqari, teng taqsimlashning ustunligiga o’rgangan mulkni sotish adolatdan emas. Mulkni sotish natijasida ayrim tabaqalarning boyib ketishi, boshqalarning ularga nisbatan noroziligining kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Ikkinchi guruh iqtisodchilar esa aksincha, davlat mulkining pul ekvivalentini hatto
mehnat jamoalariga ham to’g’ridan-to’g’ri bo’lib berib bo’lmaydi. Sababi:
1)jamiyatda e’tibor, asosan taqsimlashga qaratilganligi uchun boqimandalik kayfiyati kuchli sharoitda tarbiyalangan kishilar o’ziga tekkan ulushni ham tez fursatda «eb tugatadilar»;
2)bu mablag’ tadbirkorlik bilan ish yuritish, ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish va boshqa
sohalarga qo’yishga emas, asosan shaxsiy ehtiyojlarni qondirish uchun sarflanadi;
3)«pinhoniy iqtisodiyot» vakillari hamda chet el ishbilarmonlari aholidan davlat mulkida ulushlari ko’rsatilgan hujjatlarni osongina sotib oladilar. «Sotuvchi» qancha kambag’al bo’lsa, shuncha arzonroqqa sotadi;
4)bozor iqtisodiyoti sharoitida mulk faqat boylik, to’kinchilik, muvaffaqiyatlar garovi emas. U har bir kishidan tinimsiz izlanish, mashaqqatli mehnat, tadbirkorlik, ma’lum darajada tavakkalchilik qilishni talab qiladi;
5)davlat mulki hukmron sharoitda voyaga etgan avlod kam bo’lsa ham kafolatlangan ish haqiga, buyruqni bajarishga o’rgangan. Xususiy mulk egasi sifatida ish yuritishga qiynaladi;
6)bepul berishning adolatli mezonini belgilash juda qiyin va boshqalar...
Bozor iqtisodiyotiga o’tishning «O’zbekiston modeli» da har ikki variantning ustun va zaif tomonlarini hisobga olgan holda davlat mulkini sotish usuli asosida xususiylashtirishga
qaror qilindi. Bunda, eng avvalo, har bir shaxsning davlat mulkini yaratishda qo’shgan hissasini olisona baholab bo’lmasligi, bepul qo’lga kiritilgan mol-mulk qadrlanmasligiga alohida e’tibor
qaratildi. Qabul qilingan qonunlar, jumladan «Mulkchilik to’g’risida», «Mulkni davlat tasarrufidan
chiqarish va xususiylashtirish» va boshqa me’yoriy hujjatlarda davlat mulkini boshqa mulk shakllariga aylantirish jarayonida yuz berishi mumkin bo’lgan salbiy jihatlarni cheklash uchun tadbirlar belgilandi. Xususiylashtirish muddati ham turli mamlakatlarda turlicha. Masalan, Angliyada 11 yil,
ya’ni 1979—1990 yillar davomida o’tkazilib, mamlakat aholisining kapital va aktsiyalariga ega
bo’lgan mulkdorlari 7% dan 21% ga ortdi, uy-joyni xususiylashtirish asosida o’z uyiga ega
bo’lgan oilalar hissasi 55% dan 66% ga ortdi. G’arbiy Evropa mamlakatlarida 10—15 yil,
Yaponida 10 yil, boshqa mamlakatlarda ham shu muddat atrofida vaqt ketdi.
1992 yilning oxirida O’zbekiston Davlat mulk va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash
qo’mitasi tashkil etildi. U mamlakat hukumati bilan birgalikda xususiylashtirishning strategiya
va taktikasini ishlab chiqdi.
Xususiylashtirishni ikki yo’l:
1) individual, har bir korxonaning xususiyatlarini hisobga olgan holda;
2) umumiy, namunaviy dastur asosida olib borish ko’zda tutildi.
Xususiylashtirish ko’proq individual yondashuvni hisobga olgan holda ikkinchi yo’l bilan amalga oshirildi. U korxonaning katta-kichikligi, iqtisodiy potentsiali qaysi tarmoqqa qarashli bo’lishidan qat’i nazar, qabul qilingan namunaviy dasturdan foydalanib xususiylashtirishga asoslanadi. Korxona mulkini baholashga ham tipik asosda yondashiladi.
Xususiylashtirishni huquqiy-me’yoriy jihatdan ta’minlash uchun turkum qonunlar va hujjatlar ishlab chiqildi. Ularda mulk shakllari, davlat tasarrufidan chiqarish va
xususiylashtirishning asosiy tartib-qoidalari belgilandi.
«O’zbekiston modeli» bo’yicha xususiylashtirishni bosqichma-bos-qich, «oddiydan
murakkab sari» qoidasi asosida amalga oshirish ko’zda tutildi. Birinchi (1992—1994 yillar) bosqichda xususiylashtirish savdo, maishiy xizmat sohasi doirasida amalga oshirildi.
Kichik xususiylashtirishni amalga oshirish natijasida savdo-sotiq hajmi va umumiy
ovqatlanish, yalpi mahsulotning 82% dan ortig’i nodavlat sektor hissasiga to’g’ri kelgan. Uy-joylarni xususiylashtirish natijasida bir milliondan ortiq kvartira yoki davlat uy-joy fondining 95% dan ortig’i fuqarolarning shaxsiy mulki bo’lib qoldi. Bunda har uch kvartiraning bittasi egalariga imtiyozli shartlar bilan yoki bepul berildi. Urush faxriylari, o’qituvchilar, tibbiyot xodimlari va ilmiy xodimlar, ijodiy ziyolilar kvartiralarning bepul egalari bo’lishdi. Kam daromadli, mehnatga layoqatsiz va yolg’iz, keksa shaxslar, yosh oilalar hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyalanmagan, kam ta’minlangan boshqa toifalari, uy-joyga muhtojlar
uchun aniq maqsadli maxsus kommunal uy-joy zaxiralari tashkil etildi.
Ikkinchi bosqichda (1994(yil o’rtalaridan boshlab)-1995 yillar) ommaviy
xususiylashtirish boshlandi. Bu bosqich engil, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati, tayyorlov shoxobchalari, qurilish, transport, aloqa korxonalarini qamrab oldi.
Jahon banki yalpi xususiylashtirish mexanizmini ishlab chiqishda katta yordam ko’rsatdi. Bank mutaxassislari tavsiyasiga ko’ra korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarib aktsionerlik jamiyatlariga aylantirishni quyidagicha amalga oshirish ko’zda tutildi.
25% gacha — mehnat jamoasiga, 25% gacha — davlatga (davlat bilan mehnat
jamoasining hissasi 49% dan oshmasligi lozim).
Kamida 50% i erkin sotuvga, shu jumladan, 25% va undan ortiqrog’i xorijiy investorga sotilishi belgilandi. Ommaviy xususiylashtirish dasturi aktsiyalarning nazorat paketini xorijiy firmalar tomonidan sotib olinishiga yo’l qo’yadi. Masalan, respublikamizning tamakichilik tarmog’I xalqaro «BAT indastriz» firmasi, motorlar ishlab chiqarish esa Italiya firmasi nazoratiga o’tdi. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida 692 korxona o’z
mulk shaklini o’zgartirib, 3685 aktsionerlik jamiyati, 2966 jamoa, 13544 kichik, xususiy va 497 qo’shma korxonalar tashkil etildi. 1998 yilda umumiy korxonalarning 84,1% i nodavlat sektoriga qarashli edi.
«O’zbekiston modeli» xususiylashtirilgan korxonalardan tushgan mablag’lar ishlab
chiqarishni texnika bilan qayta qurollantirish, xususiylashtirilgan korxonalarni, tadbirkorlikni
rivojlantirishga sarflanishi bilan ajralib turadi.
1995 yildan Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartib bo’yicha xususiylashtirishdan tushgan
mablag’ning 50% i Respublika «Biznes fondi»ga kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llabquvvatlash
uchun;
20% i — hokimiyatlarga, regionlarda bozor infrastrukturasini rivojlantirish uchun;
20% i — turli tarmoqlardagi xususiylashtirilgan korxonalarni kreditlash uchun;
10% i — mulk qo’mitasiga kadrlarni o’qitish, malakasini oshirish, bozor strukturasini
yaratish va ta’minotini yaxshilash uchun ajratildi.
1997 yildan boshlab, hukumat xususiylashtirishdan tushgan mablag’larni taqsimlashni
o’zgartirish to’g’risida qaror qabul qildi, unga binoan:
40% i — investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetiga;
30% — biznes fondga;
20% — viloyat va Toshkent shahri hokimliklariga sotsial-iqtisodiy rivojlanishni,
investitsion loyihalarni moliyalashtirish va bozor infrastrukturasini tashkil qilish uchun;
10% — Davlat mulk qo’mitasiga xususiylashtirish bo’yicha dasturni amalga oshirish,
investitsion va bozor strukturalarini tashkil etish uchun, jumladan 5% i boshqarish xarajatlarini
qoplash uchun ajratiladigan bo’ldi.
Uchinchi bosqich 1996-1998 yillarni o’z ichiga olib, aktsiya nazorat paketlari davlat
ixtiyorida bo’lgan yirik korxonalarning aktsiyalarining davlat ulushi sotilishi amalga oshirish
boshlandi. Xususiylashtirilmaydigan davlat ahamiyatiga ega bo’lgan, umumjamiyat manfaati uchun zarur bo’lgan korxonalar ro’yxati va byudjetdan tashqari fondlar Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qo’yildi.
To’rtinchi bosqich 1998 yil oxirlaridan boshlab hozirgacha davom etmoqda. Bu
bosqichda xususiylashtirilgan ob’ektlardan byudjetga mablag’lar tushirish, xorijiy
investitsiyalarni jalb qilish, ishlamayotgan ob’ektlarni ularga investitsiya kiritish sharti bilan tender asosida tekinga berish va boshqa mulkdan foydalanish samaradorligini oshiradigan tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2003 yil 26 avgustda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasinig «Davlatning past
rentabelli, zarar ko’rib ishlayotgan, iqtisodiy nochor korxonalar va ob’ektlarni
xususiylashtirishni tezlashtirishning qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risidagi» qarori muhim ahamiyatga ega. Unga ko’ra past rentabelli, zarar ko’rib ishlayotgan iqtisodiy nochor korxonalar va past likvidli ob’ektlarni 0 qiymatida tanlov asosida investorlarga investitsion majburiyatlar qabul qilish yo’li bilan sotish tartibi va xususiylashtirilayotgan davlat korxonalari aktivlari bahosini navbatma-navbat pasytirish tartibini tasdiqladi. Respublikamizda bozor munosabatlarining qaror topishi va mulkdorlar sinfining
shakllanishiga erishish asosiy vazifa bo’lib, u o’z ichiga ikki muammoni:
a) bozor munosabatlarini o’rnatish;
b) mulkdorlar sinfini shakllantirishni oladi.
«O’zbekiston modeli»da mulk shakllarining xilma-xilligiga bi-rinchi navbatda xususiy mulkka e’tibor beriladi, chunki mulk o’z egasini topsagina, haqiqiy mulkka aylanadi.O’zbekistonda o’tkazilayotgan tub islohotlar, jumladan, mulkchilikni isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish pirovard natijada demokratik o’zgartirishlar qilish, kuchli, suveren, huquqiy davlatni barpo etish, xalqimizni farovon, osuda hayot kechirishini ta’minlashning moddiy negizini yaratishga qaratilgan.
*Iqtisodiy faoliyat jarayonida kishilar o’rtasida ro’y beradigan munosabatlar iqtisodiy munosabatlar bo’lib, uning markazida mulk munosabatlari turadi Yaratilgan ne’matlarni qanday o’zlashtirish anna shu munosaatlarga bog’liq.
*Mulk munosabatlari resurslarni cheklanganligi tufayli kelib chiqqan. Inson tabiatan o’z manfaatlarini ko’zlovchi, cheksiz bo’lishi, ikkinchi tomondan, resurslarni cheklanganligi kishilik jamiyatining dastlabki pog’onalaridan boshlab ne’matlarni o’zlashtirishda turli-tuman konfliktlar chiqishiga sabab bo’lganki, aqlli mavjulot inson ma’lum qonun-qoidalar ishla chiqish orqali bartaraf qilish yo’lini topgan.
* Mulk itisodiy va huquqiy kategoriya bo’lib, ular o’zaro og’liq va birbirini
taqozo qiladi. Mulkchilikni mazmunini o’zlashtirish ifodalaydi. O’zlashtirish esa
egalik qilish, foydalanish, tasarruf qilish yaxlitligidan iborat.
*O’zlashtirish qanday yuz berishiga ko’ra mulk turlari vujudga kelgan. Ular ma’lum
mezonlar asosida ajratilgan. Unga ko’ra kishilik jamiyati vujudga kelgandan hozirga qadar mulkchilikning uch tipi: ijtimoiy mulk, xususiy mulk, hamkorlikdagi mulk va ularga muvofiq ravishda mulk shakllari vujudga kelgan.
*Kishilik jamiyati taraqqiyoti shuni ko’rsatadiki, mulkning biron bir turi, shakli monopol mavqega ega bo’lsa, ana shu monopol mavqega ega bo’lgan boshqa mulk egalariga tegishli bo’lgan ne’matlarni ham bir qismini o’zlashtirish imkonini qo’lga kiritadi.
*Bozor (aralash) iqtisodiyotining muhim afzalligi shundaki, u mulkchilikning turlitumanligi asoslangan. Unga ko’ra ko’p ukladli iqtisodiyot barpo etiladi, monopolizmning asosi
barham topadi. Shuning uchun mamlakatimiz bozor iqtisodiyotiga o’tish yo’lini tanlar ekan, eng avvalo mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga alohida ahamiyat berildi
Dostları ilə paylaş: |