Mundarij a ishning umumiy tavsifi asosiy qism I. Bob. Nosiruddin Burhonuddin Rabg‘uziyning «Qisasi Rabg‘uziy»



Yüklə 1,72 Mb.
səhifə8/10
tarix14.11.2022
ölçüsü1,72 Mb.
#69115
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Ilmiy izlanishi

2.3. Boshqa janrlardagi she’riy parchalar tahlili. «Qisasi Rabg‘uziy» dagi qissalar tarkibida g‘azal va musallasdan boshqa lirik parchalar ham o‘rin olgan. Ular qissalar ichida keltirilgan va qahramonlar tilidan, ba’zan esa shoir tilidan aytilgan. She’rlarning aksariyatida ishq-muhabbat mavzusi yetakchi bo‘lsa, ba’zilarida pand-nasihat, ijtimoiy ruh ustunlik qiladi. Asardagi ushbu lirik parchalarni tasnif qiladigan bo‘lsak, dastlab ularni quyidagicha bo‘lib chiqamiz:

  1. Turkiy tildagi she’riy parchalar.

  2. Arab tilidagi she’riy parchalar.

Qissalarda turkiy tildagi hajman kichik she’riy parchalar «bayt» nomi bilan berilgan. Baytlarning aksariyatini to‘rtliklar tashkil qiladi.
To‘rtliklar eng qadimiy she’riy janrlardan hisoblanadi. Ularning shakllanish negizi xalq og‘zaki ijodiga borib taqaladi. Ilk turkiy to‘rtliklar «Devoni lug‘otit turk»da marosim, mehnat qo‘shiqlari tarzida ko‘ringan bo‘lsa, «Qutadg‘u bilig» va «Hibat-ul haqoyiq»da pandnomalar, Yassaviy ijodida hikmatlar shaklida nomoyon bo‘lgan. «Qutаdg‘u bilig»dа kеltirilgаn to‘rtliklаr (mаsnаviy shаklidа guruhlаshtirilgаn to‘rtliklаr) muаyyan bir fikrning yakuni yoki tаsdig‘i vаzifаsini o‘tаydi. Shоir ilgаri surgаn bir fikrning vаriаtsiyasi sifаtidа qo‘llаnilаdi. Vаriаtsiya esа аyni fikrni qаdimgi turkiy хаlqlаr аdаbiyotigа, хususаn, o‘zidа хаlq оg‘zаki ijоdining, shuningdеk, yozmа аdаbiyotning hаm аyrim nаmunаlаrini jаmlаgаn «Dеvоni lug‘оtit-turk»kа bоrib tаqаlаdi. Birоq ulаr оrаsidа fаrqli tоmоnlаr hаm bоr. «Dеvоni lug‘оtit-turk»dagi to‘rtliklar аruz elеmеntlаrini singdirgаni hоldа аsоsаn turkiy хаlqlаr uchun qаdimiy hisоblаngаn bаrmоqdа yozilgаn. «Qutаdg‘u bilig» аsаridаgi to‘rtliklаr аruzning mutаqоrib bаhridа, аsоsаn, «mutаqоribi musаmmаni mаhzuf» vаznidа yozilgаn. Bu vаzn epik аsаrlаr vаzni bo‘lib, Yusuf Хоs Hоjib аsаrning hаmmа qismlаridа ungа аmаl qilаdi. «Dеvоni lug‘оtit-turk»dаgi to‘rtliklаr o‘zidаgi mаzmungа ko‘rа хilmа-хil mаvzulаrdаdir. Ulаrdа hаm didаktik, hаm ijtimоiy хаrаktеrdаgi to‘rtliklаr bоr. «Qutаdg‘u bilig»dаgi to‘rtliklаr esа аsаrning аsоsiy ruhigа mоs fаlsаfiy-didаktik хаrаktеrgа egаdir. Binоbаrin, «Dеvоni lug‘оtit-turk», «Qutаdg‘u bilig», «Hibаt ul-hаqоyiq» аsаrlаridаgi to‘rtliklаr mumtoz poetik janrlarning shakllanishiga asos vazifasini o‘tagan. Mеhnаtkаsh хаlq mеhnаt jаrаyonini yеngillаtish niyatidа dаstlаbki shе’rlаrni to‘qiy bоshlаgаn dаvrlаrdаyoq bir qаnchа misrаlаrni bir хil qоfiyadоsh so‘zlаr bilаn yarаtish nаtijаsidа to‘rt misrаlik bаndlаr yuzаgа kеlgаn. Shu аsоsdа kеyingi to‘rtlik, murаbbа’ dеb аtаlgаn shе’rlаr vujudgа kеlgаn. Bu shе’riy shаkllаrdа оlti bo‘g‘inlik, yеtti bo‘g‘inlik, kеyinchаlik o‘n bir bo‘g‘inlik o‘lchоvlаrdаn fоydаlаnib turli shе’rlаr yarаtilgаn. To‘rtliklаrdа bir nеchа хil qоfiyalаnish tizimi qo‘llаnilgаn. Ulаrdаn quyidаgilаrni ko‘rsаtib o‘tish mumkin. Birinchisi, bаnddаgi uch misrа qоfiyalаnib, to‘rtinchi misrа erkin hоldа qоfiyalаnmаy kеluvchi to‘rtlik. Uning sхеmаsi а-а-а-b shаklidаdir. Ikkinchisi, bаnddаgi birinchi, ikkinchi, to‘rtinchi misrаlаr o‘zаrо qоfiyalаnаdigаn, uchinchi misrа qоfiyalаnmаy erkin kеlаdigаn to‘rtliklаr. Uning sхеmаsi а-а-b-а tаrtibigа egа. Ana shu she’riy shakllar har xil mazmun, har xil janrda lirik asarlar yaratishga xizmat qilgan. Ayniqsa, «Devoni hikmat» tufayli o‘zbek adabiyotiga yangi bir she’riy janr hikmat-murabba’ janri vujudga keldi va rivojlanib bordi.
Ahmad Yassaviy murabba’ musammatlarining poetikasi «Devoni lug‘otit turk»dagi to‘rtliklarga nisbatan boy va rang-barangligi bilan ajralib turadi. Chunki Ahmad Yassaviy hikmаt-murabbalarida qofiyadoshlikning yangi tizimlari, vaznlarning ham rang-barangligi qaror topdi. Shu qatorda, Rabg‘uziyning ijodida ham to‘rtliklar yangicha mazmunda uchraydi. Ya’ni «Qisasi Rabg‘uziy»da to‘rtliklar, asosan, qissalar ichida qahramonlar tilidan aytilgan. Asar voqealari rivojida to‘rtliklarning o‘rni muhim hisoblanadi. Rabg‘uziy to‘rtliklarining yana bir farqli jihati shundaki, ularning ba’zilari taronayi ruboiy kabi qofiyalanadi. «Qisasi Rabg‘uziy» da to‘rtliklar jami o‘n beshta bo‘lib, bulardan, sakkiztasi arabcha, yettitasi turkchadir.
Asarda turkiy tildagi to‘rtliklarning hammasi kitobning birinchi qismida, ya’ni Ismoil (a.s) qissasida ikkita, Yusuf (a.s) qissasida beshta to‘rtlik o‘rin olgan. Ularning qofiyalanishi ikki xil ko‘rinishga ega.
-a-a-a-a
-a-a-b-a
Asardagi «Qissayi Zabihi Ismoil Alayhis-Salom» ichida keltirilgan to‘rtlikning qofiyalanishi a-a-a-a tarzda bo‘lib, to‘rtlik qissaning badiiy qimmatini oshirish hamda ta’sirchanlikka erishishga xizmat qilgan.
Sevuk sevdung ersa uzog‘ tur mudom,
Sevuk sevgan erga uzimoq xarom.
Er ersang uzun tun tilagil tamom,
Telimlar tilak tunla topdi tamom. (1-kitob, 79-b.)
Ushbu to‘rtlik Ibrohim payg‘ambar o‘z sevgan o‘g‘li Ismoilni qurbonlik qilishi tasvirida keltirilgan. Bundan tashqari, xududi shunday qofiyaga ega lirik parcha «Qissasi Yusuf Siddiq Alayhis-Salom»da ham uchraydi. To‘rtlik quyidagicha:
Qamug‘ yignalar to‘n tikar kizdurur,
Yana o‘zi ko‘rsang yalang‘och qolur.
Chirog‘ma ulasho‘ kuyar o‘rtanur,
Azinlarg‘a ko‘rsang yorug‘luq berur. (1-kitob, 118-b.)
To‘rtlik Yusufning qul qilib sotilishi qismida keltirilgan. Parchada Yusuf payg‘ambarning go‘zalligi, sifatlari tasvirlangan. To‘rtlikning qofiyalanishida biroz g‘alizlik kuzatiladi. Alisher Navoiyning fikri bilan aytganda, «qofiyasinda biroz ayibg‘inasi bor». Chunki qofiyada tirgak tovush- raviyning bir-biriga mos kelmaganligi qofiyadagi muvozanatni buzadi. Mumtoz adabiyotimizda qofiyadan foydalanish badiiy mahoratning muhim ko‘rinishlaridan biri sanaladi. Shuning uchun ham mumtoz shoirlarimiz azaldan qofiya vositasida she’rning ohangdorligi, serjiloligi, ta’sirchanligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelganlar.
Bu bilan biz Rabg‘uziyga qofiya ilmini chuqur egallamagan degan aybni qo‘yishimiz noto‘g‘ri. Bu borada, Rabg‘uziy yashagan davrning adabiy holatiga hamda adib shaxsiyatiga doir ma’lumotlarga e’tiborimizni qaratishimiz lozim.
XIII-XIV asrlar o‘zbek adabiyotining shakllanishida muhim davr hisoblangan, lekin asar yaratishning o‘ziga xos qonun-qoidalari ishlab chiqilgan nazariy asarlar vujudga kelmagan edi. Xususan, mumtoz poetikamiz qoidalari, janrlar masalasi va ularning tasnifi haqida ilmiy-nazariy qo‘llanmalar ham hali yaratilmagan edi. Shuning uchun, bu davrda janrlarning rivojlanishi birmuncha sust kechgan. O‘zbek adabiyotshunosligiga doir ilk qo‘llanma 1437-yilda Samarqandda yaratilgan. Bu qo‘llanma Ahmad Taroziyning «Funun-ul balog‘a» asari hisoblanadi. Asar 5 qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismida she’r navlari haqida ma’lumotlar qayd etilgan. Shoir va adabiyotshunos Shayx Ahmad Taroziy qofiya haqida to‘xtalib shunday deydi: «qofiya – she’rning doimiy yo‘ldoshi, misra va baytlarning ustunidir. Shoir ilhomining natijasi she’r, she’rning asli esa qofiyadir».18
«Qisasi Rabg‘uziy» asari masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, u garchi anbiyolar to‘g‘risidagi majmua bo‘lsa-da, unda rang-barang she’riy parchalarning borligi hamda ularning badiiyati, inson kamolotidagi ahamiyati beqiyos ekanligi diqqatga sazovordir. Asarda payg‘ambarlar tasviri asosiy bo‘lsa-da, sof diniy ruhdagi asarlardan farqli o‘laroq, o‘zida dunyoviy mayllarning, xalq og‘zaki ijodiga xos badiiy fantaziya tasviri ko‘lamining kengligi bilan ajralib turadi. Buni asardagi she’riy parchalarning mazmunidan kelib chiqadigan xulosalar orqali ko‘rishimiz mumkin.
Ko‘z ko‘rgani jamol ul,
Sevmak ani halol ul.
Andog‘ jamol ko‘rubon,
Kim sevmasa vabol ul. (1-kitob, 119-b.)
She’rda Yusuf jamoli va unga oshiq Zulayhoning ahvoli haqida mushohadakor fikrlar berilgan. She’riy parcha faqat Yusuf va Zulayho munosabatlariga taalluqli emas, balki butun oshiq ma’shuqlar uchun atalgandir. To‘rtlikning qofiyalanishi a-a-b-a ko‘rinishda bo‘lib, jamol-halol-vabol kabi qofiyadosh so‘zlardan tashkil topgan.
Turkiy parchalar asarda «bayt», nomidan tashqari yana «turkiy», «she’r» sarlavhalari bilan ham berilgan. She’rlarning aksariyat qismi Yusuf qissasida joylashgan. Bu qissa Qur’oni karimda «Ahsan ul-qisas» nomi bilan atalgan. Bu qissada hayotning barcha tomonlari keng tasvirlangan bo‘lib, oila, ijtimoiy hayot, ota va farzand, og‘a va inilar o‘rtasidagi munosabatlar hamda ishq- muhabbat masalalari yetakchi o‘rinda turadi. Rabg‘uziy ushbu masalalarni tasvirlashda ta’sirchanlikka erishish uchun she’riy parchalardan yetarli darajada foydalangan deyishimiz mumkin. Xususan, quyidagi to‘rtlikda og‘a–inilar ya’ni Yusuf va og‘alari o‘rtasidagi voqealarga ishora tarzida keltirigan. Yusufning o‘n og‘asi va bir ukasi Misrga don uchun kelganligi hamda Yusuf bilan og‘alari o‘rtasidagi munosabatlarni ifodalash chog‘ida ushbu she’r muhim vazifani bajargan.
Bu biztek qatig‘ qindakim bor bu kun,
Uruldi orig‘ jong‘a turluk tugun.
G‘ariblikda erksiz tushub iylanib,
Essiz o‘n qarindosh o‘larmiz bu kun. (1-kitob, 156-b.)
Qissada ishq-muhabbat tasvirlari jarayonida ham she’riy parchalar keltirilgan. Bunda, asosan, Zulayhoning his-tuyg‘ulari, qalb-iztiroblari tasviri yetakchi hisoblanadi.
Sabo istayur, yig‘och yeng solur,
Bulut yig‘layur, chechaklar kular.
Bu mundog‘ chechaklikda ko‘nglum bu kun
Saning birla bo‘lub ovunmoq tilar. (1-kitob,121-b.)
To‘rtliklarda ko‘proq hayotiylik, ijtimoiylik kuchli. Real hayotda bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan voqealar tasvirlangan. Bu masalaga adibning o‘ziga xos uslubi sifatida qarash mumkin. Demak, Rabg‘uziy shoirlikning asosi haqiqatni kuylashda deb hisoblagan va unga o‘zi ham qat’iy amal qilgan. (Qur’oni Karimning Shuaro surasi nazarda tutilmoqda) Quyidagi parchada ham Yusufning ko‘rgan tushi hamda qul sifatida sotilishi o‘rtasidagi tafovut Yusuf tilidan aytilmoqda.
Bu ko‘nglim murodg‘a tekinmak tilar,
Telim xalqlar aro o‘kunmak tilar.
Kun, oy sajda qilg‘ay arig‘ yuzga man,
Bu kun otdin inib yukunmak tilar. (1-kitob,114-b.)
To‘rtlik Yusufning o‘z-o‘ziga bildirgan monologik nutqi hisoblanadi. Qofiyalanishi a-a-b-a bo‘lib, bu yerda tekinmak, o‘kinmak, yukunmak so‘zlari qofiyadoshdir.
Asardan yuqorida ta’kidlaganimizdek, arabcha to‘rtliklar ham o‘rin olgan. Ulardan ba’zilarining o‘zbekcha tarjimalari ham keltirilgan. To‘rtliklarni quyidagicha tasniflashimiz mumkin:

  • Ibrohim (a.s) bilan bog‘liq qissada bitta;

  • Yusuf (a.s) bilan bog‘liq qissada bitta;

  • Muso (a.s) bilan bog‘liq qissada bitta;

  • Husayn (r.a) bilan bog‘liq qissada beshta arabcha to‘rtlik mavjud.

Arabcha parchalarning asarda borligi Rabg‘uziyning zullisonayn shoir ekanligidan dalolat beradi.
Inniy ajuzun sayyidiy zaifatun
Hafiyatun ariyatun nahifatun
Azribukum biz- zarbatil- anifati
Duna bani Fatimatish- sharifati (2-kitob, 212-b.)
(Ma’nosi: men qarigan, kuchsiz odamman yalang oyoq, yalang bosh va ariq. Lekin men shunday qattiq qilich solayki, agarchi Fotimai Zahroning o‘g‘illaridek bo‘lmasa ham)
Bu baytda islom uchun jang qilish tasviri hamda Husayn (r.a) bilan bog‘liq jihatlari sezilib turadi. To‘rtlik Husayn (r.a)ning otalari tilidan keltirilgan bo‘lib, unda islom dini tarafdorlari bilan Makka mushriklari o‘rtasidagi janglar (xususan, Uhud jangi) mobaynida yuz bergan voqealar tasvirlangan. To‘rtlikning qofiyalanishi a-a-b-b shaklda. She’riy san’atlardan talmeh ko‘zga tashlanadi. Asardagi keyingi to‘rtlikda ishq-muhabbat masalasi yetakchi hisoblanadi. Ishq-muhabbat kuylangan she’rlarning deyarli barchasi Yusuf qissasida keltirilgan. Ushbu to‘rtlik ham shu qissada keltirigan.
Inna al- farrasha tati iza raat lahaban,
Havla as- siroji fa tulqi nafsaha fihi.
Aqulu qavla Zulayho fi avazillaxi,
Qolat fa zalikunna al- lazi lumtunnani fihi. (1- kitob, 132-b.)
(Ma’nosi: parvona shu’lani ko‘rsa darhol unga kelur, sham atrofida, va o‘zini ul shu’laga urur, men Zulayhoning malomatchilariga degan so‘zini aytmoqchiman, u dedi: «ana shudir meni ma’lomat qilgan odaminglar»)
Qissada yuqoridagi she’riy parcha Zulayhoning o‘z quli Yusufni sevib qolgani, buni ahli ayollar eshitib Zulayhoni ma’lomat qilgani, Zulayho barcha ayollarni uyiga mehmonga chaqirib Yusufni ko‘rsatgani voqealariga ishora sifatida keltirilgan. Ushbu baytda ham talmehdan foydalanilgan. Qofiyalanishi: a-b-s-b ko‘rinishda, ya’ni toq misralari ochiq qolib, juft misralari o‘zaro qofiyalangan. Asardagi to‘rtliklar qissalarning badiiy go‘zalligini oshirishga xizmat qilishi bilan birga shoirning iste’dodi qay darajada ekanligini aniqlashga ham yordam beradi. Rabg‘uziy bu lirik parchalarni yaratish bilan mumtoz adabiyotimizda nazmning taraqqiyoti uchun muhim hissa qo‘shgan ijodkordir. «Qisasi Rabg‘uziy» asarida xalq og‘zaki ijodi na’munalaridan biri marsiya uchraydi. Bu marsiya insoniyat tarixida yaratilgan eng birinchi qo‘shiq hisoblanadi. Ya’ni, Odam Atoning o‘g‘li Hobil o‘limiga bag‘ishlab aytgan marsiya-qo‘shig‘idir. Marsiya bugungi kunda ham aza qo‘shig‘i sifatida qaraladi. Turkiy adabiyotdagi eng birinchi marsiya namunasi Mahmud Koshg‘ariyning «Devoni lug‘otit turk» asarida uchraydi. Ushbu marsiya Alp Er To‘nga vafoti munosabati bilan yozilgan bo‘lib, yig‘i-yo‘qlov xarakteriga ega. Koshg‘ariyning marsiyasi devonda adib tilidan aytilgan, Rabg‘uziyning asaridagi marsiya Odam Ato tomonidan kuylangan.
Aytishlaricha, qachon Odam hajga bormoqchi bo‘lganida Hobilni «men kelguncha saqlagil!» deb ko‘kka topshirganda, qabul qilmadi, yerga topshirdi qabul qilmadi, tog‘lar ham qabul qilmadilar. Qobil qabul qilgandi, lekin omonatga xiyonat qildi, o‘ldirdi. Qobil ukasini o‘ldirganida, kecha-yu kunduz yer qimirladi. Hobilning yerga suvdek singib ketdi. Odam hajdan qaytib kelganida hamma farzandlari qarshi oldilar, lekin Hobil ko‘rinmadi. – Hobil qani, - so‘radi u. – Hobilning qo‘ylari mening ekinzorimga kirib ketgandi, undan uyalib kela olmadi,- dedi Qobil. – Sen shunday deysan-u, ammo Hobilning qoni yerda ingranib yotar,- dedi Odam. U o‘ldi, -dedi Qobil. – Hobilning qoni to‘kilgan yerga Tangri la’nati bo‘lsin, bu kun u qonni tashqariga chiqarmasa,- dedi Odam. Yer qonni tashqariga chiqardi. O‘sha kundan beri qon yerga singimaydigan bo‘ldi. U joydan tikan va yulg‘un unib chiqdi. Biyobondagi qush-qurtlar «Qarindoshlarda mehr-shavqat qolmadi», deganlaricha tog‘larga qochib keldilar. Odam bilan Havvo juda ko‘p yig‘ladilar, aziyat tutdilar. Shunda Odam bir qo‘shiq kuyladi va bu qo‘shiq Odam avlodlari orasida qiyomatga qadar eng dardli, qayg‘uli qo‘shiq bo‘lib yashab boradi. Ushbu marsiya qo‘shiqni quyida keltirib o‘tamiz:
Tag‘ayyarat ul biladu va man alayxa,
Va vajhul arzi mug‘ayyirun Masihu.
Faajabahu iblis la’natullohi alayha,
Va qad bashashtil vajhil malihu.
Bi qatli Qobilin Hobilin axaxu,
Fa yo asafa alal- vajhis- sabihi.
Va badalatil- arzu aslan va hamtan,
Va fil- firdavsi anxarun sabihun,
Fa hal ana min hayotiy mustarixun.
Va yo asafa ala Hobilin innani,
Qatilan qad tazamannahu az-zarihu.
Tanha alal- biladi va sakiniha,
Fa fil- firdavsi zaqa bika al- fasihu.
Va qalbuka min azad- dunyo murixun,
Va ajabaku Havvou raziollohu anha.
Tunnaji fa- innaka shaytanun lainun,
Yafizu al- vajhu mal’unun qabihun.
Tavallu dahri kunta lana aduvvan,
Lainan la yamutu fa tasmarihu.
(1-kitob, 32-b.)
«Qisasi Rabg‘uziy» asarida turli hajmdagi she’riy parchalar mavjud. Bu parchalar asosan, bir banddan tashil topgan bo‘lib, turkiycha hamda arab tillarida yozilgan. Bu she’riy parchalarni o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan alohida janr sifatida tahlil qilish bir muncha mushkul. Chunki ushbu she’riy parchalar hech bir janr talablariga to‘liq javob bermaydi. Masalan, Odam safiy alayhis-salom qissasida keltirilgan quyidagi she’riy parchaga e’tiborimizni qaratamiz:
Nafsut tuqa al-mushtara
Val mushtari rabbul vara
Va jinanuhu asmanuxu
Val mustafa dilaluxu
Lakin sakkahu Tavratu
Injilu, Zaburu, Furkanuxu. (1-kitob, 22-b.)
(Ma’nosi: Sotiladurgan narsa taqvodorning joni, uning xaridori insoniyat parvardigori, uning bahosi Ollohning jannati, uning dalili Ollohning muxtor elchisi, isbotlagan uni Tavrot, Injil-u, Zabur-u Qur’oni ham.)
Ushbu she’riy parchada Odamni va uning o‘ngurqasinda o‘g‘lonlarini jannatga kirgizishdan maqsad nima ekanligi masalasi yoritilgan. Nazmiy parchaning qofiyalanishi: a-a-b-b-b-b shaklda bo‘lib, musammatning musaddas shakli qofiyalanishiga o‘xshaydi. Lekin musaddas bir qancha bandlardan tashkil topadi va bu bandlarning ayrim misralari keyingi bandlar misralariga qofiyadosh bo‘lib keladi. Asardagi she’riy parcha bir banddan tashkil topgan. Demak, biz buni asar badiiy qimmatini oshirishga yordam bergan «she’riy parchalar»dan biri sifatida e’tirof etishimiz mumkin.
Asarda «bayt» sarlavhasi ostida quyidagi maqol berilgan:
Suvda turg‘an ot bolasi necha bo‘lsa ul kichik,
Keng tengizning suvi ani eltumas.(1-kitob, 78-b.)
Ushbu maqol Ismoil (a.s) qissasida keltirilgan.
Asarda o‘n ikki burj haqida bayt keltirilgan. Rabg‘uziy bu o‘n ikki burjni Yusuf payg‘ambar va uning qarindoshlari bilan bog‘lagan.
O‘n ikki ukak yetti aqron qisliq,
Eng ilki qo‘zi, uy, arandand, quchiq.
Kur arslonma bug‘doy boshi ulkar aro,
Chayon ham yoy, o‘g‘loq, ko‘nak ham baliq.
Yana yetti yulduz bularda yuriyur,
Sakandir, o‘ngay ul kurud ham yashiq.
Saqit, orzu yalchiq yog‘itek bo‘lur,
To‘qushdin o‘sanma kizibon yoriq. (1-kitob, 101-b.)
She’riy parchaning qofyalanishi xuddi qit’aning qofiyalanishiga o‘xshaydi. Ya’ni, toq misralari ochiq qolib, juft misralari o‘zaro qofiyalangan.
Rabg‘uziy asaridagi she’riy parchalarning aksariyati Yusuf payg‘ambar bilan bog‘liq qissada berilgan bo‘lib, bu she’rlarning ba’zilari qissa qahramonlari tilidan aytilgan, ba’zilari shoir tilidan keltirilgan. Quyidagi she’riy parcha Yaqub payg‘ambarning o‘n o‘g‘li tomonidan aytilgan.
Vo asafo ala firoqi qavmin
Va – lmudnu va-muznu va- rravasi
Kam tag‘ayyara lana al- layali
Va kullu hamdin lana qulubu
Humu –l masobihu va – lhusunu
Va- lhaylu va- lunsu va- ssukunu
Hatta tavaffahum ulmanunu
Va kullu ma lana uyunu (1-kitob, 156-b.)
(Ma’nosi: taassuflar bo‘lsin bir jamoaning firoqiga, ular yo‘l ko‘rsatadurgan chiroqlar edi va himoya qiladigan qal’alar edi. Safardayu shaharda, bazmdayu razmda qancha- qancha tunlar tag‘yir topdi to ularga o‘lim kelguncha. Qalblar aytgan har bir hamd va ko‘zlar ko‘rib turgan har bir shay)19
Bu she’rning qofiyalainishida noo‘xshashliklar bo‘lib, birinchi bandda qofiyalanish kuzatilmaydi. Lekin ikkinchi band misralari biri-biri bilan o‘zaro qofiyalangan.
Hazrati Umar haqidagi qissa ichidagi she’riy parchaga e’tiborimizni qaratganimizda, she’rning barcha misralari o‘zaro qofiyalanganligini ko‘ramiz.
Ma li arokum kullakum qiyama
Ash- shayxa vash- shababa val- g‘ulama
Qad ba’asa- Llohu lana imama
Haza Muhammadun alayhis- salama
Fa azribukum bis- sayfi naqtulukum
Vo la nadavul- ahvala bal- a’mama. (2-kitob, 127-b.)
Yuqoridagi she’riy parchaning o‘zbekcha tarjimasi muallifning o‘zi tomonidan berilgan. Ya’ni
Ne bo‘ldi ko‘rarman sizlarni uru,
To‘ng‘uzdek yig‘ilib ashbaxda qoni
Qilich birla qirg‘am qomug‘ni bu kun
Tirik qo‘ymagan bir ini og‘ani.
Boshimiz yo‘q erdi Muhammadni Haq
Ato qildi mundog‘ arig‘ er qani!
Ushbu she’r hazrati Umar tomonidan aytilgan. Dastlab islom diniga qarshi chiqib, Muhammad payg‘ambarni o‘ldirishga jazm qilgan Umarning diliga Olloh ma’rifat sochadi va Umar haqiqat tomoniga o‘tadi. Muhammad payg‘ambarga sodiq do‘stga aylanadi. Dushmanlarga qarata yuqoridagi fikrlarni bildiradi.
Asar tarkibidagi keyingi misralarga e’tiborimizni qaratamiz. Bu baytlar o‘zbekcha bo‘lib, so‘nggi qissa Muhammad payg‘ambar qissasi tarkibidan o‘rin olgan. Baytlarda Abu Tolibning payg‘ambarimizga qarata aytgan so‘zlari keltirilgan. Ya’ni Quraysh kofirlarining qilmishlaridan payg‘ambarimizni ogohlantirganlar. Ushbu misralar quyidagi:
Menga arz qilding arig‘ dinni san,
Ammung kirmaguncha o‘lub sinig‘a.
Mazammat so‘kush or agar bo‘lmasa,
Ulanma teyursan tamug‘ qinig‘a.
Ko‘nisen bilursen berursen o‘gut,
Ulayur meni ul jinon aynig‘a.
Yovumagay vallohi, senga bu arab,
Kirur erdim erksiz Izi dinig‘a.(2-kitob, 141-b.)
Ushbu she’riy parchaning qofiyalanishi xuddi, qit’aning qofiyalanishiga o‘xshaydi. Ya’ni a-b, v-b, g-b, e-b, h-b tarzda, juft misralar o‘zaro qofiyalangan. Bu yerda qofiyadosh so‘zlar: sinig‘a- qinig‘a- aynig‘a- dinig‘a.
Keyingi she’riy parcha «bayt» sarlavhasi ostida berilgan. Ushbu she’riy parchaning o‘ziga xos jihati ko‘zga tashlanadi. Dastlab to‘rt misra arab tilida berilgan, keyingi misralar esa tarjima sifatida o‘zbekcha keltirilgan. Dastlabki to‘rt misra arabchani keltiramiz:
Nahnu banatu toriqi
Tamshiy alan-namariqi
Val-misku fil-mag‘orifi
Firoqu g‘ayri vamiqi
Lirik parchaning qofiyalanishi a-a-a-a shaklida bo‘lib, keyingi o‘zbekcha misralarida ham qofiyalanish xuddi shu tartibda ketgan.
Zuhra, qamar shikorimiz,
Qirg‘iz xitoy tavorimiz,
Yugurur kizik yiporimiz,
Yinju gavhar nigorimiz.
Sanchishmag‘a nek sevorimiz,
Qo‘nindaqi qo‘norimiz.
Sanchishmag‘a orimiz,
Burnundaqi mahorimiz. (2-kitob,169-170-b.)
Rabg‘uziyni zullisonayn shoir sifatida e’tirof etishimizga quyidagi she’riy parcha ham misol bo‘ladi. She’r olti misradan iborat bo‘lib, har bir misra o‘zaro qofiyalangan. She’rda Husayn (r.a)ning ichki hissiyotlari orqali qalb to‘ridagi ishonchning mustahkamligi, sodiqlik fazilati, mardlik va shijoatlilik xususiyatlari ham namoyon bo‘lgan.
Ana Aliyyu-bnul Husayni-bni aliyy,
Nahnu va bayti-Llahi avla bin nabiy.
Va-Llohi la yahkumufina ibnu mudda’iy,
Nahnu bi hukmi-Llahi haqqan amna’iy.
Azribukum bis- sayfi difa’an an abiy,
Zarba g‘ulamin hashimiyyin arabiy.
(Ma’nosi: Men Husaynning o‘g‘li, Alining nabirasi Ali bo‘laman. Baytulloh bilan qasamyod qilamanki, payg‘ambar ishini himoya qilishiga biz mustahiqmiz. Olloh nomi bilan qasamyod qilamanki, podshohlik da’vo qiluvchining o‘g‘li hechqachon bizning ustimizdan hokim bo‘la olmaydi. Ollohning hukmi bilan haqiqatda biz mustahiqmiz. Otamni himoya qilib, bo‘yinlaringizga qilich solaman, Hoshimiy urug‘idan bo‘lgan arab yigitning qilich solishini ko‘rasizlar)
Yuqorida biz ko‘rib o‘tgan she’riy parchalarni aniq bir janr tugalligiga ega emasligini ko‘ramiz. Lekin bu she’riy parchalarni lirik turdan tashqarida, ayro holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuni ta’kidlash lozimki, lirik turning xillarga, na’vlarga, janrlarga bo‘linishi shartli, nisbiy hodisadir. Hech bir lirik janr adabiy ijodda sof holda uchramaydi, ular orasida aralashish, qorshiqlik holati mavjud. Demak, Rabg‘uziy asaridagi she’riy parchalar lirik janrning aynan bir turiga mansub bo‘lmasa-da, ulardagi musiqiylik, pauza, qofiya kabi xususiyatlarning mavjudligi lirikaning go‘zal namunasi sifatidagi fikrimizni asoslaydi.
Nosiruddin Burhoniddin Rabg‘uziyning «Qisasi Rabg‘uziy» asari mumtoz adabiyotimiz, xususan, XIII-XIV asrlar adabiyotining nasr taraqqiyotiga, qolaversa, mumtoz poeziyaning shakllanishi va rivoji uchun xizmat qilgan noyob durdonadir.
Xulosa
Har bir xalq o‘z adabiyotiga, milliy va ma’naviy merosiga egadir. Adabiyot xalqning orzu-istaklarini, dard-u, quvonchi, mehnat-u mashaqqatlarini tasvirlovchi hamda avlodlarga meros sifatida yetkazib beruvchi mash’aldir. «Adabiyot yashasa, millat yashar» degan iboraning mohiyatida qanchadan-qancha ma’no jamlanganligiga ming bor ishonch hosil qilish mumkin. Har bir millatning qiyofasini belgilashda uning adabiyoti hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Chunki milliy adabiyot milliy ruhni aks ettiradi. Milliy ruhni to‘laqonli aks ettirish va uni saqlab qolishda boshqa biror bir vosita badiiy adabiyotga teng kelolmaydi. Shuning uchun ham adabiyoti bo‘lmagan millat unutilib ketadi.
Ma’lumki, ruh abadiydir. Milliy ruhi saqlab qolingan millat esa yashayveradi. Negaki millatning adiblari va ularning asarlari milliy ruhning yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymaydi, jonli obrazlar tasviri vositasida uni tiklab olaveradi. O‘z ruhiyatiga ega millat hechqachon o‘zligini boy bermaydi. Demakki, dunyo ayvonida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘laveradi. Bu yo‘lda xalq uchun eng zarur dasturamal milliy adabiyotdir. Shu o‘rinda, prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi fikrlarini keltirishimiz o‘rinlidir.
«Bizning qadimiy va go‘zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon svilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini xalqaro jamoatchilik tan olmoqda va e’tirof etmoqda. Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar yetishib chiqqani, umumbashariy svilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, islom dini bilan bog‘liq bilmlarning tarixan eng yuqori bosqichiga ko‘tarilishida ona- yurtimizda tug‘ilib kamolotga yetgan ulug‘ allomalarning xizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi».20
Darhaqiqat, Markaziy Osiyo uyg‘onish davri qomusiy allomalari hamda yozuvchi- adiblarining bizgacha yetib kelgan asarlari, jahon tamaddunidagi obro- e’tibori buning yorqin dalilidir. Xususan, XI-XV asrlar adabiyoti va o‘sha davr adiblari o‘z asarlari orqali ham jahon ilm-fani rivojiga, ham milliy adabiyotimizga o‘zining hissasini qo‘shganlar. Bu borada Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Nosiruddin Rabg‘uziy kabi ijodkorlarning adabiy merosini ta’kidlashimiz joiz. Prezidentimiz I.A.Karimovning «Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch» asarida adabiy meros ma’naviyatni shakllantiradigan va ma’rifatni oshiradigan asosiy mezonlardan biri sifatida sanalganligi, uning og‘zaki va yozma namunalari milliy mafkuramiz va ma’naviyatimizning shakllanishida muhim asos bo‘lganligi alohida qayd etiladi. Milliy merosimiz, qadriyatlarimiz, unutilgan buyuk ajdodlarimiz xotirasini tiklash, o‘tmish adabiyotining noayon, e’tibordan chetda qolgan jarayonlarida ishtirok etgan adiblar, shoirlar ijodini o‘rganish, milliy so‘z san’ati tarixidagi kemtiklarni to‘ldirish va uni yaxlit holga keltirish – istiqlol davri adabiyoshunoslari, xususan, mumtoz adabiyot tadqiqotchilari oldida turgan ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Turkiy adabiyotning XI-XV asrlar davri adabiy hayotning shakllanishi hamda taraqqiyotida muhim davr hisoblanadi.Shu qatorda, Nosiruddin Rabg‘uziyning «Qisasi Rabg‘uziy» asari ham o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Rabg‘uziy zamonasining yetuk shoiri, nosiri, iste'dodli tarjimoni va taniqli tarixchisi bo‘lgan. Adib qalamiga mansub qator turkiy, arabiy she'rlar, arabchadan o‘girilgan she'riy tarjimalar fikrimiz dalilidir. Adib yashagan XIII-XIV asrlar o‘zbek adabiyoti tarixida muhim bosqich bo‘ldi. Ya’nikim, shu davr adabiyoti keyingi davrlardagi adabiyotning rivoji uchun muhim ko‘prik vazifasini o‘tadi. Xususan, «Qisasi Rabg‘uziy» dan oldin yaratilgan badiiy asarlardagi janrlarni tasnif qiladigan bo‘lsak, salmoq jihatdan ancha kam. Badiiy adabiyotimizdagi ko‘plab elementlar ilk marotaba Rabg‘uziyning yozuvchilik mahoratida nomoyon bo‘lgan. Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» (XI asr), Ahmad Yugnakiyning «Hibat ul-haqoyiq» (XII asr), Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar» (XII asr) asarlaridagi she’riy parchalar o‘ziga xos xususiyatlari bilan bir-biridan farqlanadi. Shu bilan birga mushtarak jihatlarga ham ega. Ushbu asarlarda xalq og‘zaki ijodining ta’siri seziladi. Ularda lirikaning hajman kichik janrlaridan foydalanilgan.
Lirik janrlarning o‘zbek adabiyotidagi shakllanish jarayoni uzoq davrni talab qilmagan. Ya’ni, XI-XV asrlar davomida shakllanib, rivojlanib, o‘z taraqqiyot cho‘qqisiga ko‘tarildi. «Qisasi Rabg‘uziy»da mumtoz lirikaning asosi hisoblangan g‘azal janrining turkiy adabiyotdagi ilk na’munalari uchraydi. Bundan tashqari, to‘rtlik hamda musammat shakllari ham mavjud. Ularni ko‘zdan kechirar ekanmiz, adib Nosiruddin Rabg‘uziyning yuksak badiiy mahorati atroflicha namoyon bo‘ladi. Adib ijodida xalq og‘zaki ijodi namunalaridan marsiya, maqol, latifa kabilar ham uchraydi. Asarda she’riy parchalarning tuzilishi jihatdan turli ko‘rinishlari mavjud. G‘azallarning mukammal shakllari bilan birgalikda bir qancha notugallik jihatlariga ega bo‘lgan g‘azallar ham uchraydi.
Bizning ushbu tadqiqotimiz XIII-XIV asrlar adabiyotinig eng yirik vakili bo‘lgan mumtoz adabiyotimiz tarixida alohida e`tirof etiladigan adibimiz Nosiruddin Rabg‘uziy va uning bebaho asari «Qisasi Rabg‘uziy» (Qissasul-anbiyo) asari haqida bo‘lib, asardagi badiiy xususiyatlar talqini, Rabg‘uziyning shoirlik mahorati, she’rlarining janriy tahlili, qolaversa, lirik parchalarning asarda bajaradigan vazifasi kabi masalalar haqida o‘z fikr-mulohazalarimizni berishga harakat qilganmiz. Zero, ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan nodir qo‘lyozma asarlarni o‘rganish va xalqimiz hukmiga havola etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Ota-bobolarimizning asrlar davomida to‘plagan hayotiy tajribalari, diniy, axloqiy, ilmiy qarashlarini o‘zida mujassam etgan nodir qo‘lyozmalarni jiddiy o‘rganish bugungi kunimiz, ayniqsa, ertangi kunimizning kelajagi uchun muhimdir.



Yüklə 1,72 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin