Marganes. Dastlab Bertran va I.V. Michurinning tajribalari o’simliklar hayotida marganes katta ahamiyatga ega ekanligini ko’rsatdi.
Tuproqda marganes amorf oksidlar, karbonatlar shaklida, silikatlar tarkibida bo’ladi. O’simliklar marganesni tuproqdan kation (Mn+) shaklida o’zlashtiradi. Uning o’simlikdagi o’rtacha miqdori 0,001 % yoki 1 mg/kg quruq massa hisobida bo’ladi. Ayniqsa o’simliklarning barglarida ko’p to’planadi. Masalan, Kruglovaning ko’rsatishi boyicha, 100 g quruq massa hisobiga marganes g’o’za barglarida-24 mg, poyasida – 2 mg, chanoklarda – 4 mg, chigitda – 2 mg va tolasida – 1 mg bular ekan.
Marganes fotosintez jarayonida ishtirok etib, suvning fotolizi va kislorodning ajralib chiqishi, SO2 ning qaytarilishida muhim rol oynaydi. Bu mikroelement o’simliklarda shakarlarning sintez qilishini va uning barglardan boshqa organlariga oqimini kuchaytiradi. Marganes nafas olish jarayonida ham ishtirok etib, Krebs siklidagi malatdegidrogenaza va izositratdegidrogenaza fermentlarini faollashtiradi. Marganes o’simliklarning azot o’zlashtirish jarayonida ham faol ishtirok etadi. Nitratlarni o’zlashtirganda qaytaruvchi, ammoniy holdagi azotni o’zlashtirishda esa oksidlovchi sifatida ishtirok etadi. Gidrooksilaminreduktaza fermentining faol markaziga kiradi va nitratlarning qaytarilishida ishtirok etadi. Marganes nuklein kislotalarning sintezi jarayonida ham ishtirok etadi.
Mis. Mis o’simliklarning rivojlanishi uchun zarur mikroelementlardan biridir. Uning zarurligi oziqaviy eritmadagina emas, balki dala sharoitida ham aniq ko’rinadi. O’simliklarda o’rtacha miqdori 0,0002 yoki 0,2 mg/kg atrofida. Bu miqdor o’simlik va tuproq turiga bog’liq. Mis tuproqda sulfidlar, sulfatlar, karbonatlar shaklida, tuproqning organik moddalari bilan bog’liq holda uchraydi. Muhitning ishqoriyligi qancha yuqori bo’lsa, o’simliklarga shuncha kam o’tadi. o’simliklar misni tuproqdan kation (Cu+) shaklida o’zlashtiradi. o’simlikning yosh o’suvchi qismlarida va urug’larida ko’p bo’ladi. Masalan, go’za organlarida: barglarida mis-2,5 mg/kg, poyada – 1,0 mg/kg, chanokda –4,8 mg/kg, chigitda – 4,2 mg/kg va tolada-0,2 mg/kg bo’ladi.
O’simlik barglaridagi umumiy misning 70 % xloroplastlarda va plastosianin fermenti tarkibida uchraydi. Plastosianin fermenti fotosintez jarayonida elektronlarni tashish vazifasini bajaradi. Mis bir qator muhim fermentlar (askarbotoksidaza, polifenoloksidaza, ortodifeniloksidaza va triozinazalar) tarkibiga kiradi. Bu mikroelement azot almashnuvida ham ishtirok etadi. Nitratreduktuza fermentining tarkibida ham bor. Xlorofillning sintezi jarayonida mis ham faol ishtirok etishi aniqlangan. Mis vitaminlarni faollashtiradi, uglevod va oqsillar almashinuvini kuchaytiradi.
Keyingi yillardagi izlanishlar o’simliklarni qurg’oqchilikka, sovuqqa va issiqlikka chidamligini oshirishda ham misning ahamiyati borligini ko’rsatadi.