Mundarija I. Kirish II. Bob. Migratsiya haqida umumiy malumot
Migratsiya yashash uchun kurash Aholi migratsiyasi yangi ming yillik boshida o‘zgacha qiyofa kasb etmoqda. Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo aholisining 3 foizi (200 mln. kishi) tug‘ilib o‘sgan yurtini tark etib, iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lgan davlatlarga ko‘chib o‘tgan. Bu ko‘chishlar xalqaro mehnat taqsimotidagi notenglik, mamlakatlardagi ziddiyatlar, ishsizlik, notinchlik va shu kabi ko‘plab omillar bilan bog‘liq. Yevropada Buyuk Britaniya, Frantsiya va Germaniya, Osiyoda Saudiya Arabistoni, Pokiston, Gonkong kabi davlatlar hozirgi kunda migrantlarni eng ko‘p qabul qilayotgan mamlakatlar sanaladi.
Qadimda aholi ko‘chishlari erkin va beqaror bo‘lgan, keyinchalik esa ma’lum bir maqsadlar yoki siyosiy manfaatlar ta’sirida ro‘y bergan. Biroq bu omillar ko‘p jabhalarda burilishlar yasasa-da, umuminsoniy qadriyatlar, madaniyatlarga daxli yo‘q edi. Keyingi o‘n yilliklarda odamlarning o‘zga o‘lkalarda qo‘nim topishi va mehnat qilishi mamlakatlarning iqtisodiy, siyosiy ahvoliga ta’sir etibgina qolmay, bashariyat hayotida yangicha tsivilizatsiyalar, madaniy bosqichlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Migratsiya har bir davrda turlicha ahamiyat kasb etgan, u ayrim jamiyatlarda muammolar tug‘dirsa, ba’zilarida ijobiy samara bergan. Masalan, XIX asrda Angliyani iqtisodiy tanazzuldan asrab qolgan uch omildan biri aholining ommaviy emigratsiyasi edi. Yaponiyaning rivojlanishiga jadallik kiritgan narsa o‘tish davridagi chetga chiqib ketgan fuqarolarning katta hayotiy tajriba, mol-mulk va qimmatbaho boyliklar bilan qaytishi bo‘lgan.
Tashqi ishchi kuchi migratsiyasi xalqaro iqtisodiy aloqalarda muhim o‘rin tutib, avvalo, ishchi kuchini eksport qiluvchi mamlakatlarda ishsizlar soni qisqarishi, xorijiy mamlakatlardan valyuta kelishini ta’minlagan. Bu esa, tabiiyki, mazkur mamlakatning milliy daromadi o‘sishiga ta’sir etadi.
Xalqaro migratsiya tashkiloti ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, xorijda ishlayotgan har bir ishchi o‘z mamlakatiga yiliga o‘rtacha 2-10 ming AQSh dollari olib keladi. Ba’zi tadqiqotchilarning fikricha, ishchi kuchini eksport qiluvchi mamlakatlarning daromadi rasmiy e’lon qilingan ma’lumotdan ikki marta ko‘pdir, chunki migrantlar o‘zlari bilan jamg‘arilgan pul, texnika va asbob-uskunalar ham olib kelishadi.
Qadimgi ko‘chishlar
Aytish joizki, kishilik jamiyatining barcha davrlarida migratsiya ro‘y bergan. Yevropa va Osiyoda ko‘p xalqlarning tarkib topishiga ta’sir ko‘rsatgan yirik aholi migratsiyasi o‘rta asrlarning boshlariga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, XV-XVI asrlarda aholining ko‘chishi juda avj oldi. Yangi qit’a — Amerikaga Yevropadan ko‘chib boruvchilar soni borgan sari ko‘paydi: dastlab u yerga ispanlar va portugallar, so‘ngra frantsuzlar, gollandlar, inglizlar, shotlandiyaliklar va boshqa millat vakillari borishgan. “Yashash uchun qulay joy qidirish” — migratsiya jarayoni Rossiya tarixida ham ko‘p bo‘lgan. 1861-1914 yillar mobaynida mamlakatning Yevropa qismidan 5 milliondan ortiq aholi ko‘chib keldi. Natijada shaharlarda yashovchilar 1911 yilda jami mamlakat aholisining 6 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 1913 yili 18 foizga yetdi. O‘sha vaqtda chetdan kelganlar Toshkentda 17 foizni, Samarqandda 21 foizni, Bokuda esa 64, Olmaotada 53 foizni tashkil qilgan. Shuning ta’sirida O‘rta Osiyodagi hamma eski shaharlar biqinida “yo‘ldosh” shaharlar bunyod bo‘lgan. Shuningdek, temir yo‘l yoqalarida, hatto ayrim qishloqlarda aholi yashaydigan qo‘rg‘onchalar paydo bo‘ldi. Avliyoota, Chimkent, Toshkent, Samarqand, Farg‘onada 1865-1910 yillar mobaynida 68 ta ana shunday qo‘rg‘oncha tashkil topdi. Bu davrda Markaziy Osiyodagi aholi migratsiyasi chor Rossiyasining siyosiy, iqtisodiy manfaatlariga bevosita bog‘liq edi.
Burilishlar omili
Migratsiya tarixi ko‘plab burilishlar va evrilishlarga boy. Ikkinchi jahon urushi davrida turli sabablarga ko‘ra fuqarolarining muayyan qismini yo‘qotgan mamlakatlar urushdan keyin o‘z aholisini milliy jihatdan yaxlitlash tadbirini ko‘rdi. Shuning natijasida o‘zga mamlakatlarda yashagan 12 million nemis, Xitoy va Koreya Xalq Demokratik Respublikasidan 6 million yapon, turli joylarda yashayotgan bir million yahudiy o‘z vataniga qaytdi.Yuqorida ta’kidlaganimizdek, qadimda ham, yaqin yuz yilliklarda ham migratsiya bizning davrimizdagidek salmoqli ahamiyat kasb etmagan. Ular shu paytgacha davlatlarning taraqqiyotiga, ijtimoiy, siyosiy faoliyatiga, fan-texnika yutuqlariga ta’sir etib kelgan bo‘lsa, hozirda umumbashariy madaniyatlarning istiqboliga ham tahdid solayotir, madaniyatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.Avval “madaniyat” tushunchasi muayyan hududlarga siyosiy chegaralarga bog‘liq holda tushunilgan bo‘lsa, endilikda bu tushuncha hududiy ahamiyat kasb etmay qoldi. Bugun turk madaniyatini mamlakat chegaralari bilan belgilab bo‘lmaydi. Chunki Berlin aholisining katta qismi turk madaniyati vakillari. Qolaversa, bugun oddiy hol hisoblanuvchi yarim umrini Meksikada, yarim umrini AQShda o‘tkazadigan ishchilarning madaniyatini qanday tushunish kerak?BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 1995 yilda 125 million kishi o‘zga mamlakatlarda yashagan. O‘sha paytda yashirin emigrantlarning soni 30 million kishi atrofida bo‘lgan. Bugun esa bu raqamlar ancha ortib ketdi. Aholining bunday sur’atda ko‘chib yurishi tsivilizatsiyalarga bevosita ta’sir o‘tkazmoqda. Bu jarayonda esa barcha mamlakatlar o‘z milliyligini asrash uchun zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rishi zarur. Chunki migratsiyalar ta’sirida tilga, milliy madaniyatga e’tiborning susayishi millat va milliy g‘ururga ta’sir o‘tkazishi ham sir emas. Bu holat tarixda ham o‘z isbotini topgan.
XULOSA Xulosa qilib shuni aytish mumkinki qishloq aholisi hisobiga shaharlarda yashovchi aholining to`xtovsiz o`sib borish tendensiyasi ham mavjud. Qishloqlarda yashash sharoitining shaharlarga nisbatan ma’lum darajada noqulayligi, uning ayniqsa yoshlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatlardan to`la qondira olmasligi bu tendensiyaga sabab bo`ladi.
Migratsion jarayonlarda ishtirok etuvchilar — migrant (muhojir)lar, migratsiya oqimi shakllanuvchi hudud — migrantlar chiquvchi, ular borgan hudud — migrantlar o`rnashuvchi region deyiladi. Muayyan mamlakatdan boshqa biron-bir mamlakatga aholining ko`chib ketish jarayoni emigratsiya, unda ishtirok etganlar esa emigrantlar deyiladi.
Aholining bir joydan ikkinchi joyga ko’chib joylashishi juda qadim zamonlardayoq mavjud bo’lgan. Biroq xar bir davrning migratsiyasiga o’ziga xos xususiyatlarga ega va turli xil oqibatlarga olib keladi. Antik davrning oxiri va o’rta asrlarining boshlarida ro’y bergan hamda adabiyotlarda “xalqlarning buyuk ko’chish davri” deb nomlangan migrassion harakatlar Yevropa va Osiyodagi ko’p xalqlarning etnik tarkibiga katta tasir ko’rsatadi.