Sanoatda ishlatiladigan issiqlik almashinish jarayonlarida devorning ikki tomonidagi issiqlik berish koeffistientlar bir - biridan keskin farq qiladi. Masalan, suv bug`i yordamida havo isitilganda, bug`ning devorga issiqlik berish koeffistienti tahminan 10000...15000 Vt/(m2K) ni tashkil etadi. Demak, ushbu holatda havo tomonidan yuza miqdorini oshirish kerak, ya’ni past tomonidan.
Trubalar yuzasini oshirish maqsadida uning tashqi yuzasiga dumaloq yoki to`rtburchak shaklidagi metall shaybalar payvandlanadi. Trubali issiqlik almashinish qurilmalarida ko`ndalang yoki bo`ylama qovurg`alar qo`llanishi mumkin. Natijada, bu turdagi trubalar o`rnatilgan qurilmaning issiqlik yuklamasi ortadi. Ma’lumki, qirrali trubalar yasaladigan materialning issiqlik o`tkazuvchanlik koeffistienti yuqori bo`lishi kerak.
Bunday trubalarning gidravlik qarshiligi kichik bo`lishi uchun qirralar yuzasi issiqlik eltkich oqimining yo`nalishiga parallel bo`lishi zarur. Hozirgi kunda to`g`ri to`rtburchak va trapestiya shaklidagi ko`ndalang kesimli qirralar eng ko`p qo`llaniladi. (16-rasm) Qirrali issiqlik almashinish yuzali elementlar havo va turli gazlarni isitadigan issiqlik almashinish qurilmalarida o`rnatiladi.
G’ilofli issiqlik almashinish qurilmasi. Bunday qurilmalarda issiqlik almashinish jarayonlari (isitish yoki sovitish) bilan kimyoviy jarayon bir vaqtda yuz beradi. G’ilofli qurilma tasviri 17-rasmda keltirilgan.
Bunday qurilmalarda issiqlik almashinishni yuzasi sifatida reaktor devori xizmat qiladi. Flanest birikma 3 yordamida qobiq 1 ga g`ilof 2 mahkamlanadi. Qobiq va g`ilof orasidagi bo`shliqda issiqlik eltkich I stirkulyastiya qiladi. Qurilmaning ichida esa, eltkich II joylashtiriladi. Bu turdagi qurilmalarning issiqlik almashinish yuzasi 10 m2 va g`ilofdagi bosim 1,0 MPa dan oshmaydi.
Agar, bosim 7,5 MPa dan ortsa, g`ilofda ko`p miqdorda teshiklar qilinadi va g`ilof listining chetlari perimetri bo`yicha buklanadi va qurilma qobig`iga payvandlanadi (17-rasm).