II bob. Vokal ijrochiligi musiqa san’ati turi sifatida II.2.Vokal ijrochiligida ovoz usullari hususiyatlari Vokal ijrochiligi hozirgi kunda keng tarqalgan asl xalq san’ati turlaridan biridir. Vokal ijrochiligi odamlarda chuqur estetik zavq uyg‘otibgina qolmay, insoniy va ma’naviy saviyasini, badiiy didini oshirishga yordam beradi. Vokal janri xonandalik jozibasi bilan hayratga soluvchi o‘ziga xos san’atdir. U insonning eng yaxshi his-tuyg‘ularini uyg‘otib, hayajonlantirish, qiziqtirish xususiyatiga ega, shu sababdan vokal ijrochilari bilan bir qatorda tinglovchilarning ham badiiy - g‘oyaviy tarbiyalanishidagi roli juda katta. Vokal tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Yevropa vokali tarixiy jihatdan eng qadimiysi Italiya hisoblanadi. Italiyada dastlab vokal san’atining asosi diniy marosimlar bo‘lgan, keyinchalik esa zamonaviy vokal san’ati ham Italiyada shakllangan. Shuning uchun ham, zamonaviy vokal tarixini umumiy tasnif etganimizda ro‘yxatning boshini Italiya vokal maktabi egallaydi. Yevropa vokal san’atining shakllanishi va taraqqiyotida qadim italyan vokal maktabi asoschilari Petro Tozi, Jiambattista Manchini, Jozeffo sarlino, Lyudoviko sakkoni, Julio Kachchini (XVI-XVII asrlar) larning xizmatlari katta. O‘zbek vokal san’ati tarixi ham turkiy xalqlar madaniyatining uzoq tarixiga borib taqaladi. Ma’lum ma’noda vokal san’atining din va jamiyat e’tiqodi bilan bog‘liqligi o‘zbek vokal tarixi jarayonlariga ham tegishli. Xususan maqom tizimining bevosita tasavvuf falsafasidan kelib chiqishi mashhur mutasavviflar - Abu Homid G‘azzoliy, Jaloliddin Rumiy, Farididdin Attor, Ahmad Yassaviy, So‘fi Olloyor, Sulaymon Boqirg‘oniy, Mashrablar ilmiy-amaliy faoliyatida o‘z aksini topadi. Maqom esa so‘fiyning Alloh tomon intilish yo‘lidagi qalb va zikr maromini o‘zida aks ettiradi. Demak, vokal san’ati bir qadar murakkabroq va tizimliroq tarzda sharq xalqlari tarixida ham mavjud bo‘lgan. Ayni jarayonlar amaliy manbalar asosida Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Abdulqodir Marog‘iy, Darvesh Ali Changiy, Komil Xorazmiy, Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniylar tomonidan nazariy o‘rganilgan va targ‘ib etilgan. O‘zbek vokal ijrochiligining rivojiga Halima Nosirova, Saodat Qobulova, Sattor Yarashev, Ergash Yo‘ldoshev, Abdulla Bozorov, Faxriddin Umarov, Orif Alimahsumov, Muyassar Razzoqova, Ismoil Jalilov kabi mashhur san’atkorlar katta hissa qo‘shgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ularning ijrochilik faoliyatida esa ham yevropa, ham milliy vokal san’ati uyg‘unlashganini ko‘rish mumkin. Ular ijrosida yangragan har bir qo‘shiq o‘zining jozibadorligi, ohangraboligi bilan har qanday tinglovchini maftun qiladi. Vokal ijrochiligi musiqa san’ati turi sifatida ikki - akademik va xalq ijrochiligi yo‘nalishlarida rivojlanib kelmoqda. Kuylash usuli, tovush hosil qilish xarakteri, ovozlarning tembr turlanishi, ijrochiligini texnikasi usullari va ifodalash vositalarining imkoniyatlariga qarab vokal ijrochiligi uslubi aniqlanadi. Akademik vokalning asosiy vazifasi o‘zbek, rus va chet el klassik asarlarining eng yaxshi namunalarini ijro etish va targ‘ib qilishdan iborat. Bu asarlar ijrochining akademik uslubiga to‘g‘ri keladi va akademik vokal xonandaligi maktabi hisoblanadi. Asarlar vokal o‘qituvchisining boshchiligida va fortepiano jo‘rligida ijro etiladi. Ma’lumki, har qanday san’at o‘z-o‘zidan rivojlanmaydi. U xalq hayoti, voqelikdagi jo‘shqin o‘zgarishlar, jamiyat rivojidagi voqealar ta’sirida, o‘zgarib, rivojlanib turadi. Chunki san’atning ham mazmuni xalq hayoti, uning taraqqiyoti, rivojlanishidagi muvaffaqiyatlaridir. San’at xalq hayoti bilan qanchalik chambarchas bog‘liq bo‘lsa, u shunchalik rivoj topadi, asarlari hayotiy bo‘lishi ta’minlanadi, umrboqiy bo‘ladi va xalq muhabbatini qozonadi. Ma’lumki, vokal ijrochiligida ovoz muhim ahamiyat kasb etadi, ular xilma - xil diapozonga ega bo‘ladi. Vokal darslariga qatnashuvchilar ovozining diapozoni aksari bir yoki ikki oktava (tenor yoki bariton) bo‘lganida o‘qituvchining ishi birmuncha engillashgan bo‘ladi. Biroq bunda ham talabalar ovozida bir xillik xavfi tug‘ilib qoladi. Vokalchi talabalarning ko‘p ovozli repertuaridan foydalanish ularga xor qo‘shiqlarini, hatto vokal tantatalarini o‘rgatish imkonini tug‘diradi. To‘g‘ri nafas olish, ovoz apparatining anotomiyasi va fiziologiyasi, ovozni to‘g‘ri chiqarish kabi usullar vokal ijrochiligida muhim ahamiyatga egadir. Chunki bu har bir vokal ijrochisi bilishi va amal qilishi zarur bo‘lgan omildir. Xonandani tarbiyalash, ya’ni ovozini yo‘lga qo‘yish va uni professional kuylashga o‘rgatish kuchli bilimni hamda keng qamrovli kompleks davomiy ishlarni o‘z ichiga oladi.O‘qituvchi to‘g‘ri nafas olish, tovushni tog‘ri hosil etish haqida umumiy tushunchalarni talabalarga yetkazish bilan bir vaqtda, ularning ovozini zo‘riqishdan asrashga alohida e’tibor qaratishi lozim. Tabiatan inson ovozi qanchalik to‘g‘ri qo‘yilgan bo‘lmasin unda professional vokal ko‘nikmalarini hosil qilish zarurdir. Buning uchun esa ovozni yo‘lga qo‘yishda tinimsiz mehnat qilish talab etiladi. Talabaning ovozini yo‘lga qo‘yish jarayonida ovoz apparati, diapazoni, nafas, registrlar, tembr, jarang kuchi hamda bir qator badiiy vositalar ustida tinmay ish yuritilishi zarur. Vokal texnikasidagi ana shu barcha talablarni o‘zlashtirib olgandagina xonanda kuylayotgan asarlarini tinglovchiga mazmunan mohirona yetkazib berishi mumkin. Xonandalik ovozini tarbiyalashda bir qator metodik qo‘llanmalarga amal qilish talab etiladi. Eng avvalo xonandada metro - ritmik va musiqiy eshitish qobiliyatini rivojlantirish ustida ishlash zarur, chunki qo‘shiqni, intonatsion tiniq va aniq kuylash, eshitish qobiliyatiga bog‘liqdir. Vokal maktabini mukammal o‘zlashtirmay qo‘shiq, romans, ariyalarni kuylash qator qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin. Vokal ijrochisi yuksak ijrochilik sifatlariga ega bo‘lishi zarur. Ijrochilar ovozining xususiyatlarini yaxshi bilish musiqa rahbari uchun muvoffaqiyat garovidir. Ijrochi (vokalist) ovozi fiziologik tuzilishiga qarab bolalar, ayollar, erkaklar ovoziga bo‘linadi. Bolalar ovozida tovush o‘zining yengilligi, tiniqligi, yoqimli jarangdorligi va nozikligi bilan ajralib turadi. Bolalar ovoziga ikkiga - diskant va altga bo‘linadi. Diskant bolalarning baland ovozi bo‘lib, diapozoni, ya’ni hajmi birinchi oktava do tovushidan ikkinchi oktava sol tovushigachadir. Alt bolalarning past ovozi bo‘lib, diapozoni kichik oktava lya tovushidan ikkinchi oktava mi tovushiga qadardir Bolalarning ovoz xususiyatlarini aniqlashda har bir yoshning o‘z xususiyatiga ega bo‘lgan ishchan diapozoni (primar zonasi) borligini, ya’ni eng qulay va ko‘p ishlatiladigan tovushlar borligini hisobga olish zarur. Bu repertuar tanlashda va bolalar ovozini to‘g‘ri tarbiyalashda katta yordam beradi. “Erkaklar ovozi ham, ayollar ovozi ham bir necha turlarga bo‘linadi. Erkaklarda: bas, bariton, tenor va ular yana bir necha turlarga bo‘linadilar. Ayollarda esa asosan ikkita ovoz - soprano va alt. Ayniqsa soprano ovozi bir necha turlarga: koloratura soprano; lirika - koloratura soprano; liriko - dramatik; dramatik, metsso - sopranolarga bo‘linadi. Alt - kontralto - ko‘proq ko‘krak qafasi tembri bilan kuylaydigan ayollar ovoz sohibalariga tegishlidir. Har doim ham ovozlar klassifikatsiyasi to‘g‘ri chiqmasligi mumkin. Ba’zida insonlarda shunday xarakterli ovozlar uchraydiki, ikkilanishlar uzoq vaqtgacha davom etadi.”1 Har bir ovoz egasining o‘ziga xos ist’edodi, alohida jihatlari mavjud. Faqatgina uni o‘qituvchi tomonidan to‘g‘ri tarbiyalab, to‘g‘ri yo‘naltirilsa mukammal ovoz egasiga aylanadi. Ma’lumki, vokal san’ati so‘z bilan bog‘liq, bu o‘z navbatida vokal asarlarining bir muncha aniq tushunish uchun zamin yaratadi. Asarning mazmuni esa she’riy matn va musiqaviy ifoda vositasida ochib beriladi. Musiqaviy ifoda uning g‘oyaviy emotsional ahamiyatini oshirishda muhim omilga aylanadi. Yaxshi, mazmunli tanlangan asar va mahorat bilan ijro etilgan qo‘shiq tinglovchi tolmonidan sevib tinglanadigan, umrboqiy bo‘ladi. Vokal ijrochiligida vokal eshitish muhim o‘rin tutadi. Vokal eshitish orqali kuy-musiqani, notalarni to‘g‘ri eshitib, anglay olish qobiliyatiga ega bo‘lish talab etiladi. Vokal eshitish asta-sekin, vokal texnikasini egallagan sari rivojlanadi. Buning zamirida esa tinimsiz mehnat, o‘z ustida muntazam izlanish yotadi. Eshitish va ovoz o‘rtasidagi aloqa ikki tomonlama bo‘ladi. Eshitish ishtirokisiz ovoz shakllanmasligi bilan bir qatorda, eshitish ham ovoz a’zolari ishtirokisiz faoliyat ko‘rsata olmaydi. Ovoz organlari faoliyati orqali eshitish idroki hosil bo‘ladi. Nutq, musiqa bir-ikki qo‘shiqni eshitish orqali ularni ichimizda bir necha ovoz chiqarib, takrorlaymiz, shundan keyingina ularni idrok etamiz. “Vokal jarangi ifodaliligi, tovush sifati vokal - texnik ko’nikmalar: nafasni rezonatorlar ishi, talaffuz apparatini egallashga bog‘liq. Biroq texnik ko’nikmalarni shakllantirish emotsional yo’nalish va badiiy ifodalilik bilan birga olib borilishi lozim.” Shuningdek, ijrochilikda harakat va ruhiy tetiklik ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mukammal asar yaratish uchun xonandada shijoat va ko‘tarinki kayfiyat bo‘lishi kerak. Shundagini tinimsiz qilingan mehnat o‘z natijasini beradi.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, mustaqilikka erishilgandan so‘ng unitilib borayotgan milliy qadriyatlarimiz, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizga alohida e’tibor berila boshlandi. Shu bilan bir qatorda milliy san’atimizga bo‘lgan e’tibor ham kuchaydi. Milliy musiqamiz asrlar osha avlodlardan-avlodlarga o‘tib sayqallashib, rivojlanib kelmoqda. Yosh va barkamol avlodni milliy ruhda tarbiyalashda va umuminsoniy qadriyatlarimizni asrab-avaylab kelajak avlodlarga ham qoldirishda milliy musiqamiz va san’atimizning o‘rni nihoyatda beqiyos. Shunday ekan, milliy mumtoz qo‘shiqchilik san’atiga ham boshqa san’at turlari singari e’tibor kuchaytirildi va bu borada imkoniyatlar kengaytirildi. Ayniqsa, hozirgi davrga kelib, yoshlar o‘rtasida vokal san’atida mumtoz maqom ijrochiligi bilan birga zamonaviy qo‘shiqchilik san’atiga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Yangi usullarda yoshlar ijod qilib, qo‘shiqchilik san’atining rivojiga o‘z hissalarini qo‘shmoqda. Bu san’at sirlarini puhta egallashga harakat qilmoqda. Vokal san’atida, uning ijrochiligida qo‘shiqchining ovozini to‘g‘ri shakllantirish, to‘g‘ri yo‘naltirish asosiy maqsad hisoblanadi. Vokal ijrochiligida eshitish, ovozni yo‘lga qo‘yish, nafas organlarini o‘z maromida ishlatish kabi vokal qoidalari muhim ahamiyatga egadir. Buni esa har bir vokalist bo‘laman degan talaba bilishi va unga to‘liq amal qilishi talab qilinadi.