Band shudgorlar va ularda yetishtirish uchun tavsiya etilgan ekin turlari.
Band shudgor qator oralari ishlanadigan va yoppasiga ekin ekiladigan shudgorga bo’linadi. Bund shudgor, O’zbekistonda ekish muddatlariga qarab ertagi, o’rtagi, kech bahorgi xillariga bo’linadi. Ekin bilan band qilinadigan erta bahorgi shudgorga no’xat, maxsar, kungaboqar, xashaki no’xat ekiladi. Maxsar va xashaki no’xatlarning kuzda ekiladiganlari eng samaralidir. O’rta bahorgi band shudgorga oqjo’xori, sudan o’ti, kungaboqar, ba’zi joylarda makkajo’xori, oqjo’xori, poliz ekinlari, kunjut, kungaboqar ekiladi.
Band shudgorli yerni ekin ekishgacha va ekin ekish oldidin ishlashga quyidagi agrotexnika tadbirlari kiradi: erta va o’rta bahorgi band shudgor uchun mo’ljallangan yerlar kuzda haydaladi. Ekin ekish oldidan bu shudgor 6-8 sm chuqurlikda kultivatsiya qilinadi. Kech bahorgi shudgor bahorda-aprel oyining boshlarida haydaladi va ekin ekish oldidan yer otvalsiz plugda 16-18 sm chuqurlikda qayta haydaladi va bir yo’la mola bostiriladi.
Yaxlit shudgor qator oralari tor qilib (12-15 sm) ekiladigan ekinlar bilan band qilinadi. O’zbekistonda bu turdagi shudgorga pichan va ko’kat oziqa uchun bir yillik o’simliklar (javdar, suli, arpa va ular bilan aralashtirib xashaki no’xat, sudan o’ti) ekiladi. Sideratlar ekilgan shudgor ham band shudgorga kiradi. Unga asosan dukkakli o’simliklar ekiladi. Ular to’plagan yashil massalar tuproqni azot va organik moddalar bilan boyitish hisobiga unumdorligini oshirish uchun tuproq bilan birga haydab yuboriladi. O’zbekiston sharoitida sug’oriladigan tumanlarda sideratlar kuzda g’o’za va sholi ekinlari orasiga yoki ulardan keyin ekiladigan oraliq ekin sifatida qo’llanilishi mumkin.
Oraliq ekinlar yerlarning agromeliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirish, barcha mikrobiologik jarayonlarni jadallashtiruvchi omillardan hisoblanadi. Oraliq ekinlar tuproqqa qo’shib haydab yuborilganda yerda gumus miqdorini oshiradi, tuproqlarni oziqa va suv rejimlari yaxshilanadi. Sideratlar sho’r yuvish samaradorligini oshiradi va tuproqni sho’rlanishini oldini oladi.
Ma’lumki, har-xil operatsiyalarni bajarish vaqtida agregatlar daladan ko’p marta yurib o’tadi, natijada tuproq zichlashadi, suv o’tkazuvchanligi, havo almashinuvi yomonlashadi. Besh korpusli plugni traktorga tirkab yer haydalganda uning g’ildiraklari yer yuzasining 40-50 % ni bosadi. Bundan tashqari, ekin ekishdan oldin yerni ko’p marta ishlash ekishni kechiktiradi hamda hosildorlikka salbiy ta’sir etadi. Respublikamizning ayrim paxtakor xo’jaliklarida, g’o’za
5-8 marta kultivatsiya qilinadi, unga 2-3 marta o’g’it solinadi, 5-7 marta sug’orish uchun egat olinadi va kasallik hamda zararkunandalarga qarshi 2-3 marta har xil kimyoviy dorilar purkaladi. Natijada, agregat mavsumda daladan
15-20 marta va undan ham ortiq yurib o’tadi. Bahor noqulay kelgan yillari hamda dala begona o’tlar bilan ifloslangan bo’lsa, yerni ishlash soni yana ham ortadi. O’zPITI da olib borilgan tajribalar natijalariga ko’ra, yerlarni ishlash sonini kamaytirish qo’yidagi yo’nalishlarda olib borilishi mumkin.
1)yerni haydash chuqurligini tabaqalashtirish.
2)yerlarga asosiy ishlov berishda haydalma qatlamining uvoqlanishini yaxshilaydigan va dala tekis bo’lishini ta’minlaydigan faol qurollardan (freza kabilardan) foydalanish.
3)bahorgi va ekin ekish oldidan alohida-alohida amalga oshiriladigan ishlar sonini kamaytirish va ularni birga qo’shib, bir vaqtda bajarish;
4)dalada traktor bir yurib o’tishida zarur ishlarni bajaradigan kombinatsiyalashtirilgan agregatlardan foydalanish;
5)g’o’za va boshqa ekinlarni parvarish qilishda agrotexnika tadbirlarini qo’shib o’tkazash hisobiga kultivatsiya hamda boshqa ishlar sonini kamaytirish.
Paxta ekiladigan maydonlarda bahorda va ekin ekish oldidan yerlarni ishlash soni buyicha olib borilgan kuzatishlar, ishlash soni kamaytirilganida tuproq yaxshi uvoqlashishni, uning suv-fizik xossalari yaxshilanishini, dalalar begona o’tlar bilan kam ifloslanishini va paxta hosildorligini ortishini ko’rsatdi. Yerlarni ishlash sonini kamaytirish uchun ekinlarning o’suv davrida bajariladigan tadbirlarni, sharoitdan kelib chiqqan holda moslashtirib bir-biriga qo’shib olib borish, dalaga agregatlarni kamroq kiritish zarur. Chunonchi, begona o’tlarga qarshi kultivatsiya o’rniga gerbitsid qo’llash, o’g’it solishni egat olish va mavsum oxirida egat olishni esa chekanka va boshqalar bilan bir vaqtda o’tkazish kerak. Natijada sarflanayotgan yoqilg’i va mablag’ tejaladi, yetishtirilgan mahsulot tannarxi arzonlashadi.