beshinchidan, Buxoriy hadislar to'plamini yaratishda usuli-fiqh me'yorlariga rioya etishga harakat qilgan. Ya'ni, boshqacha qilib aytganda, Imom Buxoriy hadislarga shunday tartib berganki, natijada birlamchi manbadan hukm hosil qilish faqihlar uchun qulaylik tug'dirgan. Islomshunoslar Imom Buxoriyni usul-al-fiqhdan to'liq xabardor bo'lganini taxmin qilishadi.
Shu tariqa Buxoriyning hadis ilmi rivojiga qo'shgan hissasi betakrordir, uning hadislar to'plami esa favqulodda mukammallik kasb etadi. Bu esa uning hadislaridan keng foydalanishga turki beradi. Mana shu sabablarga ko'ra, Imom Buxoriy hadislari butun islom dunyosida keng tarqaldi, uning o'zi buyuk muhaddis sifatida shuhrat qozondi.
Xulosa. Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash lozimki, Yurtimizda yashab ijod etgan buyuk alloma va mutafakkirlarning bebaho ilmiy-ma’naviy merosini tadqiq qilish, ular qoldirgan asarlarni ilmiy-izohli tarjima qilib, ommalashtirish hamda xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning elektron nusxalarini to‘plab, xalqimizga yetkazish dolzarb masalalarga aylanmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti marhum Islom Karimov shunday degan edi: “Buyuk mutafakkir va allomalarimizning islom madaniyatini ravnaq toptirishga qo‘shgan betakror hissasi to‘g‘risida so‘z yuritganda, eng avvalo, haqli ravishda musulmon olamida “muhaddislar sultoni” deya ulkan shuhrat qozongan Imom Buxoriy bobomizning muborak nomlarini hurmat-ehtirom bilan tilga olamiz. Bu mo‘’tabar zot merosining gultoji bo‘lmish eng ishonchli hadislar to‘plami – “Al-Jome’ as-Sahih” kitobi islom dinida Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba’ bo‘lib, ahli islom e’tiqodiga ko‘ra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulug‘i hisoblanadi. Mana, o‘n ikki asrdirki, bu kitob millionlab insonlar qalbini imon nuri bilan munavvar etib, haq va diyonat yo‘liga chorlab kelmoqda15”.
Imom al-Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” (Ishonarli to‘plam) asari haqida so‘z ketganda shuni aytish mumkinki, mazkur manba Islom dini ta’limotida Qur’oni karimdan keyin asosiy manba sifatida foydalaniladi. Imom al-Buxoriy yashagan davrdan oldin ta’lif etilgan hadis kitoblarida sahih va g‘ayri sahih hadislar aralash holda berilgan bo‘lib, o‘quvchi ulardagi biror hadisni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini, hadis rivoyat qiluvchining ahvolini tekshirmay va aniqlamay turib, bilolmasdi. Buning uchun o‘quvchi o‘sha hadisga aniqlik kiritish maqsadida ulamolardan so‘rashga majbur bo‘lardi. Manashunday murakkab davrda shu kabi buyuk asarning yozilishi taqsinga sazovor albatta. Imom al-Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” kitobiga mashhur olimlar tomonidan yuzdan ziyod sharh va xoshiyalar bitilgan. Imom Buxoriyning ijodiy merosi o‘zining hajmi, zamonasining diniy va ijtimoiy fanlarini to‘la-to‘kis qamrab olganligi bilan kishini hayratga soladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 14-15 aprel kunlari Samarqand viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini qurish taklifini bildirib, shunday degan edi: “Buyuk mutafakkir bobomiz, barcha muhaddislar peshvosi Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan ushbu maskanda o‘ziga xos ma’naviy-ruhiy muhit mavjud. Majmuaga ziyoratga kelgan odam bu markazga ham kirib, o‘ziga katta ozuqa olsin, bobolarimiz hikmatlaridan o‘rganib ketsin. Shunda ularning qalbida ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usi rivoj topadi, ayni paytda shunday buyuk zotlarning avlodi mas’uliyatini his etadi16”.
Demak, hadislar mazmunan har bir mo‘minning ishonchini, e’tiqodini mustahkamlaydi va shu bilan birga insonni ma’naviy kamolotga da’vat etadi. Shunday ekan, hadislar komil insonni shakllantirishda muhim manba bo‘lib hisoblanadi va undan yoshlar tarbiyasida foydalanish shu kunning dolzarb vazifalaridan sanaladi. Hadis ilmining yetuk namoyondasi bo’lgan Imom Buxoriy o’zining “Sahih Buxoriy” asari bilan hadis ilmiga ulkan hissa qo’shdi.
Bu inon bilan nafaqat turkiy xalqlar balki butun musilmon olami faxrlansa arziydi.