MUNDARIJA KIRISH I-BOB G`AZNAVIYLAR DAVLATINING TASHKIL TOPISHI 1.1 G’aznaviylarning kelib chiqishi
1.2 G`aznaviylar ning davlatining ijtimoiy-iqtisodiy asoslari va madaniy hayoti
II-BOB G`AZNAVIYLAR DAVLATIDA BOSHQARUV TIZIMI 2.1 Mahmud G’aznaviy davrida G’aznaviylar davlati
2.2 G’aznaviylar davlatida ijtimoiy-iqtisodiy hayot
XULOSA ADABIYOTLAR RO`YXATI
KIRISH Gʻaznaviylar davlati – Xuroson, Shimoliy Hindiston hamda qisman Movarounnahrda (X-XII asrlarda) yashagan turkiy davlat.
Gʻaznaviylar davlatiga Alpteginning gʻulomi va kuyovi Sabuktegin asos solgan. Davlat nomi saltanatning poytaxti Gʻazna shahri nomidan olingan. Turkiy gʻulomlar xizmatlari evaziga somoniylardan Xuroson va Afgʻonistonning turli viloyatlari (Gʻazna, Kobul va boshqalar) ni boshqarish huquqini olganlar. Sabuktegin Gʻazna viloyatining noibi va qoʻshin amiri qilib tayinlangach (977), u bu mulklarni mustaqil boshqarishga kirishgan. 994–995 yillarda Xurosonda boʻlib oʻtgan 2 jangda somoniylar amiri Nuh ibn Mansur va noib Sabuktegin boshchiligidagi birlashgan qoʻshin isyon koʻtargan turk sarkardalari Abu Ali Simjuriy (Abulhasan Simjuriyning oʻgʻli) va Foyiq qoʻshinlarini tor-mor keltirish jarayonida Sabukteginning siyosiy nufuzi yanada ortadi.
Gʻ.d ning eng kuchaygan davri amir Sabuktegin, ayniqsa, sulton Mahmud Gʻaznaviy hukmronligi yillariga toʻgʻri keladi. 11-asr boshlariga kelganda Musulmon Sharqining eng qudratli davlatlaridan biriga aylangan Gʻaznaviylar davlatining chegaralari gʻarbda Ray va Isfahon shaharlari, Kaspiy dengizi hamda shim.-gʻarbda Xorazm va Orol dengizigacha choʻzilgan, sharqda esa Shimoliy Hindistonning kattagina qismini oʻz ichiga olgan va jan.da Balujistongacha yetgan edi. Mahmud Gʻaznaviy somoniylar sulolasi barham topgach, ularning Xurosondagi butun hududini, keyinchalik Xorazm davlatini (1017) ham oʻz saltanati tarkibiga qoʻshib olgan. Biroq Janubiy Toxariston (hozirgi Shimoliy Afgʻoniston)dan tashqari Shimoliy Toxariston (hozirgi Surxondaryo viloyati va Janubiy Tojikiston) hududini ham egallash uchun gʻaznaviylar kurash boshlaganlarida qoraxoniylar bilan ularning manfaatlari oʻzaro toʻqnashdi. Keskin kurashlar natijasida Chagʻoniyon va Termiz gʻaznaviylarga boʻysundirilgan. Gʻaznaviylar bilan qoraxoniylar davlati oʻrtasidagi chegara Amudaryo deb eʼtirof qilingan. 1024–1025-yillarda Mahmud Gʻaznaviy Termiz yaqinida Amudaryoni kechib oʻtib, temir darvoza (Temir qopqa) orqali Sugʻdga hujum qilgan va Samarqandgacha borgan. Bu harbiy yurishlar natijasida Omul (Chorjo'y)gacha boʻlgan viloyatlar qoraxoniylar hukmronligidan chiqib, gʻaznaviylar taʼsiriga oʻtgan. Bu davrda Gʻaznaviylar davlati Sharqdagi yirik musulmon davlatiga aylangan edi. Biroq, Mahmud Gʻaznaviyning oʻgʻli va valiahdi Masʼud Gʻaznaviy hukmronligi davrida (1030–1041) Gʻaznaviylar davlati oʻz qoʻl ostidagi hududlarni birin-ketin qoʻldan chiqarib, asta-sekin tanazzulga yuz tuta boshladi.
11-asr oʻrtalaridan boshlab gʻaznaviylarning asosiy raqibi saljuqiylar boʻldi.
Gʻaznaviylar davlati tarkibidan 1-boʻlib Xorazm ajralib chiqdi. Gʻaznaviylarning xorazmdagi noibi Oltintosh vafot etgach (1032), uning oʻgʻli Horun gʻaznaviylarga qarshi isyon koʻtardi (1034). U saljuqiylar va qoraxoniylar bilan doʻstona aloqa oʻrnatib, Xorazmni gʻaznaviylardan mustaqil deb eʼlon qilgan. Bu paytda qoraxoniylar va gʻaznaviylar oʻrtasida Chagʻoniyon, Xuttalon, Termizni egallash uchun yana keskin kurash boshlangan.
Marv yaqinidagi Dandanakon jangi (1040-yil may)da Masʼud Gʻaznaviy qoʻshini saljuqiylardan yengilgach, gʻaznaviylar Xurosonni butunlay qoʻldan chiqarishdi. Magʻlubiyatga uchragan sulton Masʼud Gʻaznaviy Gʻaznaga qochgan va keyinchalik fitnachilar tomonidan oʻldirilgan (1041). Taxtga Masʼudning ukasi Muhammad oʻtirgan. Lekin Masʼudning oʻgʻli Mavdud (hukmronlik davri: 1041–1048) amakisi muhammadning qoʻshinini yengib, uni oʻldirgan va taxtga oʻtirgan. Sulton Mavdudning Amudaryo yuqori qismidagi viloyatlarni qaytarib olishdagi saʼy-harakatlari natijasiz tugagan. Sulton Farruxzod (hukmronlik davri: 1053–1059)ning harakatlari bir muncha samarali boʻlib, u ketma-ket ikki jangda saljuqiylar qoʻshinini magʻlubiyatga uchratdi. Lekin keyinchalik Alp Arslon gʻaznaviylarni yengishga muvaffaq boʻldi. Ikki oʻrtada tuzilgan bitim (1059)ga muvofiq, gʻaznaviylar Movarounnahr va Toxaristonga boʻlgan har qanday huquqlarini yoʻqotdilar. Ularning hududi Gʻazna viloyati va Shimoliy Hindistonning bir qismi (Panjob va boshqalar) bilan cheklanib qoldi. Bu hudud ham 12-asr boshlaridan boshlab asta-sekin qisqarib bordi.