Ekstensiv iqtisodiy o‘sishga ishlab chiqarishning mavjud texnikaviy asosi saqlanib qolgan holda iqtisodiy resurslar miqdorini ko‘paytirib borish orqali erishiladi. Aytaylik, mahsulot ishlab chiqarishni ikki xissa ko‘paytirish uchun mavjud korxonalar bilan bir qatorda o‘rnatilgan uskunalarning quvvati, miqdori va sifati, ishchi kuchining soni va malaka tarkibi bo‘yicha xuddi o‘shancha korxonalar ko‘riladi. Ekstensiv rivojlanishda, agar u sof holda amalga oshirilsa, ishlab chiqarish samaradorligi o‘zgarmay qoladi.
Iqtisodiy o‘sishning intensiv turi sharoitida mahsulot chiqarish miqyoslarini kengaytirishga ishlab chiqarish omillarini sifat jihatidan takomillashtirish: yanada progressivroq ishlab chiqarish vositalarini va yangi texnikani qo‘llash, ishchi kuchi malakasini oshirish, shuningdek, mavjud ishlab chiqarish salohiyatidan yaxshiroq foydalanish yo‘li bilan erishiladi. Intensiv yo‘l ishlab chiqarishga jalb etilgan resurslarning har bir birligidan olinadigan samaraning, pirovard mahsulot miqdorining o‘sishida, mahsulot sifatining yaxshilanishida o‘z ifodasini topadi. Bunda mahsulot ishlab chiqarishni ikki xissa oshirishga ishlab turgan korxonalarni rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta qurollantirish mavjud resurslardan yaxshiroq foydalanish hisobiga erishish mumkin. Real hayotda ekstensiv va intensiv omillar sof holda mavjud bo‘lmaydi, balki muayyan uyg‘unlikka, bir-biri bilan qo‘shilgan tarzda ro‘y beradi. Shu sababli ustuvor ekstensiv va ustuvor intensiv iqtisodiy o‘sish turlari tahlil qilinadi.
1.2 Iqtisodiy o’sish va rivojlanish Iqtisodiy adabiyotda “Iqtisodiy o‘sish” va “Iqtisodiy rivojlanish” tushunchalari mavjud. Turli iqtisodiy maktab va yo‘nalishlaming vakillari bir necha bor o‘sish va rivojlanishning o‘zaro bog‘liqligi muammolariga murojaat qilishgan. Mazkur tushunchalar ba’zan bir-biriga tenglashtirilgan bo‘lsa-da, ammo ko‘pchilik hollarda ular bir-biriga mos mazmun mohiyatni bermaydi. Iqtisodiy rivojlanish iqtisodiy o‘sishning jabhalaridan biri hisoblanadimi, yoxud aynan “rivojlanish”, “o‘sish”ni o‘z ichiga oluvchi keng tushuncha sifatida qabul qilish lozimmi? Bugungi kunda mazkur savolga berilayotgan javoblar ichida umumqabul qilingan, yakdil fikrlar mavjud emas.Masalan, I M.Tenyakov o‘zining “Iqtisodiy o‘sishning sifati milliy rivojlanishning omili sifatida” mavzusidagi dissertatsiyasida (2007) turli iqtisodiy maktablarning “o'sish” va “rivojlanish” tushunchalariga bergan ta’rif va talqinlarini batafsil tahlil etar ekan, u iqtisodiy maktablarni “o'sish” va “rivojlanish” talqinlariga munosabati tamoyili bo‘yicha tizimlashtiradi.
Yozef Shumpeter iqtisodiy o‘sish va iqtisodiy rivojlanish o‘rtasidagi tafovutlarni ko‘rsatib beradi. Buning ifodasi sifatida u, o‘zining “Iqtisodiy rivojlanish nazariyasi” asarida pochta karetalari va temir yo’llardan foydalanishni taqqoslagan holda, misol keltiradi.Y. Shumpeter iqtisodiy o‘sishni miqdoriy o‘zgarishlar - bir vaqtning o‘zida ayni bir xil tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish va iste’mol qilishning o‘sishi, iqtisodiy rivojlanishni esa, ishlab chiqarish, mahsulot va xizmatlar, boshqaruv, iqtisodiy faoliyat turlari va hayot faoliyatining boshqa sohalaridagi yangiliklar va ijobiy sifat o‘zgarishlari sifatida izohlaydi. Bir vaqtning o‘zida iqtisodiy o‘sish borasidagi tadqiqotlarda “iqtisodiy o‘sish” va “iqtisodiy rivojlanish” tushunchalari o‘xshash qarashlar ham, keng tarqalganligini inobatga olish zarur. Masalan, professor K.X, Oppenlender o‘z fikrini quyidagicha shaklda ifoda etadi: “Biz o‘sish va rivojlanishni sinonimlar sifatida tushunamiz.
O‘sish va rivojlanish o‘rtasidagi farqlanishlar sun’iydir”. Iqtisodiy o‘sish muammolarini tadqiq qilayotgan tadqiqotchi olim uchun iqtisodiy o‘sish va iqtisodiy rivojlanishning o‘zaro nisbati kabi jihatlarni chetlab o‘tish ancha mushkuldir. Ushbu tushunchalar aynan bir xil emas, ularning mazmun-mohiyati turlicha deb, hisoblovchilar fikriga qo‘shilamiz. Iqtisodiy o‘sish haqida gapirar ekanmiz, hatto intuitiv tarzda ham iqtisodiy o‘sish salbiy bo’lishini, iqtisodiy rivojlanish uchun esa qandaydir bir ijobiy holat, oldinga qarab qandaydir harakatlanish xosligini tasavvur etishimiz mumkin. Biroq buning o‘zi yetarli emas, iqtisodiy o‘sish va iqtisodiy rivojlanishni tushunish borasidagi chalkashlikni yo‘qotish uchun bir muncha aniq mezonlar zarur. Iqtisodiy o‘sish odatda biror bir aniq son bilan ifodalanuvchi aniq bir qiymatga masalan, yalpi ichki mahsulot (yalpi qo‘shilgan qiymat)ga “bog‘lab” qo‘yilgan bo’ladi. Iqtisodiy rivojlanish esa, ushbu yo‘sinda jamiyat farovonligi (uning biror bir jihati yoki barcha moddiy, ma’naviy -axloqiy kabi jihatlarining umumiyligi) ko‘rinishida aks etadi. Iqtisodiy o‘sish va iqtisodiy rivojlanish - keng qamrovli kategoriyalardir, ammo tadqiqot maqsadidan kelib chiqib ularning asosiy jihatlarini ajratib olish biz uchun muhim hisoblanadi. O‘sishni talqin etishda iqtisodiy jihat, iqtisodiy rivojlanishni tushunishda esa ijtimoiy jihat ustuvorlik qiladi, deb hisoblaymiz. Shuning uchun “Milliy iqtisodiyotda iqtisodiy rivojlanish qiyin aniqlanadigan jarayon bo‘lganligi sababli, uning mezonlaridan biri bo‘lgan iqtisodiy o‘sish ko‘proq tahlil qilinadi”,-deydi F.Egamberdiyev. Shu asnoda shartli tarzda yalpi ichki mahsulot dinamikasini iqtisodiy o'sish, jamiyat farovonligi dinamikasini esa iqtisodiy rivojlanish deb hisoblashimiz mumkin. Mazkur talqin yetarlicha sodda bo‘lib ko‘rinsada, umuman olganda bu talqin fanda allaqachon o‘z tasdig‘ini topib ulgurgan. Har qanday ishlab chiqarishning pirovard maqsadi - bu jamiyat ehtiyojlarini qondirishdan iboratdir, deb ta’kidlash albatta adolatdan bo‘lar edi. Ammo bu o‘rinda ehtiyojlami yuqori darajada qondirish, bu farovonlikning asosiy maqsad va vazifasi ekanligini unutishimiz mumkin emas. Shunday qilib, iqtisodiy farovonlik iqtisodiyot va takror ishlab chiqarishning pirovard maqsadi bo’lsa, iqtisodiy o‘sish esa- oraliq maqsad, ya’ni yalpi ichki mahsulot yaratish zaruriyatidir.
Mahsulot yaratish -bu sof ishlab chiqarishga xos masaladir, ammo takror ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini hisobga olgan holda farovonlikning o‘sishini ta’minlash- bu pirovard maqsad hisoblanadi va shu yo‘sinda biz iqtisodiy rivojlanishni talqin etishimiz mumkin. Shu tariqa, biz iqtisodiy o‘sish va iqtisodiy rivojlanish kategoriyalarini talqin etish borasida tez-tez uchrab turadigan ko‘pgina chalkashliklarni bartaraf etishga harakat qilamiz. Buning uchun iqtisodiy o‘sish va iqtisodiy rivojlanish kategoriyalarini farqlashning quyidagi me’zonlarini taklif etamiz:
• Iqtisodiy o‘sish ko'proq yalpi ichki mahsulotning o‘sishi bilan, iqtisodiy rivojlanish esa - farovonlikning o‘sishi bilan uyg‘unlashadi;
• Iqtisodiy o‘sishga iqtisodiy jihat (oraliq tavsifga ega bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarish) xos bo‘lgani holda, iqtisodiy rivojlanishga ijtimoiy jihat xosdir, bunda jamiyat farovonligining o‘sishi pirovard maqsad sifatida namoyon bo‘ladi.
Nazariya darsliklarida esa hayot darajasi va sifati kabi muammolami qamrab olgan holda iqtisodiy rivojlanish kategoriyasiga katta e’tibor qaratiladi. Mazkur talqin, bir muncha tor hisoblansada, ammo u mazkur ko‘p qirrali tushunchalarning asosiy jihatlarini ajratib olish, ularni tushunishdagi eng muhim holatlarni qayd etish imkonini beradi. Real hayotda jamiyat hayotining turli jihatlarini qamrab oluvchi iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy, ekologik va shu kabi jihatlar o‘zaro mustahkam aloqa va bog‘liqlikda bo‘lgan holda, vaqt o‘tishi bilan mazkur jarayonlar murakkablashib boraveradi. Iqtisodiy o‘sish mavzusi bilan bog‘liq holda sifat kategoriyasi haqida so‘z yuritilganda nimani nazarda tutishimiz lozim? Sifat - bu avvalo, iqtisodiy o‘sish jarayonlarining amalga oshish tavsifidir. Iqtisodiy o‘sishning tavsifi esa - bu uning turli tuman xususiyatlarining yig‘indisi hisoblanadi. Iqtisodiy o‘sishning tavsifini farovonlik tamoyili bo‘yicha talqin qilishimiz mumkin. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida shuni ta’kidlashimiz lozimki, yalpi ichki mahsulot - farovonlikning moddiy asosi sanaladi. Ammo, shuning bilan bir qatorda atrof-muhit va milliy boylikni ham esdan chiqarmasligimiz lozim. Yuqoridagi fikrlarga qo‘shimoha ravishda ijtimoiy tashkil etuvchilar: ma’naviy-axloqiy jihatlar va millatning madaniyati va qadriyatlariga ham alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Keyingi paytlarda iqtisodiyot nazariyasidagi mazkur zamonaviy yondashuvlarga inson baxti aholi farovonligi tushunchasini qo‘shish ko‘zga tashlanmoqda. Iqtisodiy o‘sish sifati — bu kuzatuvchi tomonidan farovonlik me’zonining iqtisodiy o‘sish tamoyili bo‘yicha tasniflanishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy o‘zgarishlar jarayonidir.
Iqtisodiy o‘sish sifatining mohiyati - bu mamlakat yalpi ichki mahsuloti kategoriyasining to‘laligicha jamiyat farovonligi kategoriyasiga transformatsiyalanishidir. Yalpi ichki mahsulot jamiyat farovonligini shakllantirishda qanchalik ishtirok etishiga qarab iqtisodiy o‘sishning sifati namoyon bo‘ladi deb, aytishimiz mumkin bo‘ladi. Iqtisodiy o‘sish sifatida yo‘qotilishlar imkon qadar kam bo'lishi lozim Bu yalpi ichki mahsulotning jamiyat farovonligiga transformatsiya jarayonini yuqori darajada bo‘lishiga bog‘liqdir, zero ijobiy tavsifga ega bo‘lgan turli jarayonlar bilan birgalikda salbiy tavsifga ega bo‘lgan jarayonlar ham yuz berishi tabiiydir. Bunday jarayonlarga insonlar sog‘lig‘ining yomonlashuvi, atrof-muhitning ifloslanishi, aholining turli - xil tabaqalanishlar (daromadlar, savodxonlik darajasi, hududlar va shu kabilar bo'yicha) iqtisodiy o‘sish sifati bilan doimo birga kechadigan jarayonlarni ta’kidlab o‘tish mumkin.
Bu turdagi salbiy jarayonlar pirovardida yalpi ichki mahsulotning to‘lig‘icha jamiyat farovonligiga transformatsiya jarayonini samaradorligini pasaytirib yuboradi va unda yo‘qotishlarni ko‘payishiga olib keladi. Ya’ni iqtisodiy o‘sishning sifati farovonlikning o‘sib borishi bilan birgalikda kechadigan destruktiv jarayonlami minimallashtirishda ham namoyon bo‘ladi. Iqtisodiy o‘sish sifati deyilganda, keng ma’noda salbiy jarayonlarni minimallashtirishga erishilgan holda, yalpi ichki mahsulotning jamiyat farovonligiga to‘liq tarzda transformatsiyalanishini eng yuqori darajada ta’min etilishiga yo‘naltirilgan pirovard maqsad sifatida farovonlikka yo‘naltirilgan rivojlanishni tushunamiz. Iqtisodiy o‘sishning sifati -bu ijobiy jarayonlarning ta’sir doirasini kengaytirish salbiy jarayonlar ta’sirini kamaytirish asnosida yalpi ichki mahsulotning jamiyat farovonligiga transformatsiyalanishi jarayonlarining amalga oshish tavsifidir. Sifat me’zonlari - bu yalpi ichki mahsulotning farovonlik ehtiyojlariga aylanish darajasidir. Shuni ta’kidlash muhimki, asosiy narxlarda yalpi ishlab chiqarish tushunchasiga tayangan holda biz umumiy holatda yalpi ichki mahsulotning jamiyat farovonligiga transformatsiyalanishining quyidagi uchlamchi maqsadlarini shakllantirishimiz mumkin bo‘ladi:
-sarflangan mehnat predmetlari va eskirgan ishlab chiqarish vositalari o‘rnini qoplash,
-turmush darajasi va sifatini oshirish,
-davlat boshqaruvi idoralarining me’yorida faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.
Yana shuni qo‘shimcha qilish lozimki, yalpi ichki mahsulotning jamiyat farovonligiga to‘lig‘icha transformatsiyalanishi avvalroq ta’kidlab o‘tganimizdek, ijobiy jarayonlarni maksimallashtirish va salbiy jarayonlarni qisqartirishdan iborat bo‘lgani holda, bir vaqtning o‘zida transformatsiyalanish jarayonlarini va shuning bilan bir qatorda keng ma’noda olganda iqtisodiy o‘sish sifati jarayonlarining ham harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Yalpi ichki mahsulotning jamiyat farovonligiga transformatsiyalanishining to’liqligi va transformatsiyalanish jarayonlarining harakatlantiruvchi kuchi borasida ilgari surilgan tezislar bizning fikrimizcha qo‘shimcha izohlash va tushuntirishlarni talab etadi. Takror ishlab chiqarish jarayonlarining siklik tavsifga ega ekanligini fikrimizning tastig‘i sifatida keltirib o‘tishimiz mumkin. Gap shundaki, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, xo‘jalik hayotiy faoliyatining iqtisodiy va ijtimoiy jihatlari o‘zaro bog‘liqlikda va bir-birini to‘ldirgan holda taraqqiy etadi. Bu shuni anglatadiki, jamiyat farovonligi darajasiga ishlab chiqarish va yalpi ichki mahsulotdan foydalanish darajasiga ta’sir etibgina qolmasdan, balki jamiyat farovonligi darajasining o‘zgarishi ham bevosita yoki bilvosita tarzda ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol jarayonlariga ta’sir ko‘rsatadi, bu esa o‘z navbatida farovonlik darajasiga yangidan ta’sir etgan holda o‘zaro bog‘liq jarayonlarning uzluksizligini ta’min etadi. Yalpi ichki mahsulotning jamiyat farovonligiga transformatsiyalanishi darajasida yuz beruvchi jarayonlarni chuqur o‘rganish mazkur jarayonlarning favqulodda murakkab, ko‘p qirrali va ko‘p omilli ekanligini ko‘rsatmoqda. Jamiyat farovonligi bilan yalpi ichki mahsulot o'rtasidagi teskari bog’liqlikka oydinlik kiritish tadqiqotlarimiz doirasida alohida ahamiyat kasb etadi. Jamiyat farovonligi va yalpi ichki mahsulot o‘rtasidagi teskari bog’liqliklar borasidagi fikrimizni asoslash maqsadida bir necha misollarni keltirib o‘tamiz:
• Mehnat unumdorligi.
• Hayot va mehnat shart-sharoitlari.
• Ishdan tashqari bo‘sh vaqt. Hordiq va dam olish sifati.
• Texnik-texnologik va ilmiy jarayonlarning ijodiy tashkil etuvchisi.
• Ishchi kuchini takomillashtirish.
• Mehnatning insonparvarlik tashkil etuvchisi. Mehnat insonning o’z-o‘zini namoyon etish shakli sifatida.
• Farovonlikning o‘sishi samarali talabni ta’min etadi, talab esa - bu ayni paytda ishlab chiqarishni rivojlantiruvchi kuchdir.
• Iste’molning uyg‘unlashishi. Iste’mol jarayonlarini oqilona tashkil etish.
• Jamiyat ehtiyojlarining o‘sishi va murakkablashishi ishlab chiqarishni harakatlantiruvchi kuch sifatida. Ehtiyojlarning o‘sishi, quyi darajadagi ehtiyojlarning qondirilganligini ifoda etadi.
Jamiyat farovonligi va yalpi ichki mahsulot o‘rtasidagi teskari bog‘liqlikni o‘rganish biz amalga oshirayotgan ilmiy- tadqiqot ishlarimizning mazmunan boyishiga xizmat qiladi. Bu o‘rinda bir qator mazkur teskari bog‘liqlik nimalarda namoyon bo‘ladi, mazkur teskari bog‘liqlikning amalga oshish mexanizmi qanday, teskari bog‘liqlikning mavjudligini ko‘rsatuvchi qanday misollar bor kabi savollar kelib chiqishi tabiiy. Shu tariqa, jamiyat farovonligini iqtisodiy o‘sish sifatining pirovard maqsadi bo‘lib hisoblanadi. Sifat esa bir tomondan yalpi ichki mahsulotning jamiyat farovonligiga haligicha transformatsiyalanishining natijasi, boshqa bir tomondan esa salbiy jarayonlaming ta’sirini eng quyi darajagacha tushurish asnosida maydonga chiqadi.
Iqtisodiy o‘sish sifati mavzusi juda keng qamrovli mavzu hisoblanadi. Bu borada mazkur mavzuni uni qamrab oluvchi barcha jihatlari bilan birgalikda yoritishga harakat qilish, iqtisodiy o‘sish sifatining barcha qirralarini ochib berish mazkur ilmiy - tadqiqot ishining ilmiy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda takror ishlab chiqarishning ekologik tipi mavzusi tobora dolzarblik kasb etmoqda Bu o‘rinda shuni anglashimiz lozimki, insonning tabiatga tajovuzi shunchalik chuqurlashib ketdiki, buning natijasida insonlar hayotiga salbiy ta’sir etuvchi, ortga qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlar yuzaga kelmoqda. Mavjud tartib-qoidalarni buzganlik uchun turli ta’sir choralarini qo‘llashni ifoda etuvchi, xo‘jalik faoliyatining ekologik tipini rag‘batlantirish ham, o‘ziga xos dolzarb mavzulardan hisoblanadi.
Iqtisodiy o‘sish sifatining atrof-muhitni muhofaza qilishga yo‘naltirilgan tiplari haqida so‘z yuritar ekanmiz, 1960-yillarda resurs tejash bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan nol darajali iqtisodiy o‘sish mavzusi ustida tadqiqotlar olib borilganligini eslatib o‘tish joizdir (Denis Medouz, Donella Medouz). Masalan, yirik energiya tejamkorlik kabi muammollar nuqtai nazaridan qaraganda mazkur mavzu bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani holda, dolzarblik kasb etib bormoqda. Mazkur mavzu atrof muhitni (tabiat) muhofazalash jihatiga egaligi bilan ajralib turadi. Bizning fikrimizcha, 1960-yillarga nisbatan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish shart-sharoitlari sezilarli darajada o‘zgarganligi va yangi jarayonlami tadqiq qilish zaruriyati sababli mazkur mavzuda tadqiqotlar olib borish bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etgan bo‘lar edi.
Iqtisodiy o‘sish sifati ta’limotida o‘ziga xos yo‘nalishlaridan biri - bu, barqaror iqtisodiy rivojlanishdir. “Barqaror rivojlanish” termini 1987-yilda atrof muhit va rivojlanish bo‘yicha xalqaro komissiya tomonidan keng muomalaga kiritilgan. Barqaror rivojlanish deyilganda kelgusi avlodlaming o‘z shaxsiy ehtiyojlarini qondira olish imkoniyatlarini xavf ostida qoldirmagan holda, bugungi kun ehtiyojlarining qondirilishi tushuniladi. Barqaror rivojlanish konsepsiyasi besh asosiy tamoyilga asoslanadi:
l.Insoniyat kelajak avlodlami o‘z ehtiyojlarini qondira olish imkoniyatlaridan mahmrum etmagan holda, bugungi kunda yashayotgan insonlarning ehtiyojlarini to‘la qonli e’tiborga olish asosida rivojlanishga barqaror va uzoq muddatli tus berishi lozim;
2.Tabiiy resurslardan foydalanish borasidagi mavjud cheklovlar nisbiydir. Ular ijtimoiy tashkillashtirish va texnika darajasining taraqqiyoti hamda biosferaning inson faoliyati oqibatlarini bartaraf eta olish imkoniyatlari bilan bog’liqdir.
3.Barcha insonlarning eng oddiy darajadagi ehtiyojlarini va farovon hayotga erishish borasidagi o‘z orzu-umidlarini amalga oshirishlari uchun bir xil imkoniyatlar taqdim etish zarur. Dunyoda oddiy holga aylangan kambag‘allik ekologik va boshqa halokatlar vujudga kelishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.
4. Katta moliyaviy mablag‘larga egalik qiluvchilarning turmush tarzini yer sharimizning ekologik imkoniyatlari, xususan energiya iste’moliga nisbatan muvofiqlashtirish zarur.
5.Aholi soni va uning o‘sish sur’atlari yer shari global ekotizimining o‘zgaruvchan ishlab chiqarish potensiali bilan muvofiqlashtirilgan bo‘lishi lozim.
Iqtisodiyotda shunday qoida borki, unga ko‘ra kishilarning iqtisodiy farovonligi insonlarning tovar va xizmatlarni naqadar darajada yarata olishlari bilan belgilanadi. Shu bois turmush forovonligi iqtisodiyotning samaradorligiga bog’liqdir. Agar jamiyat qanchalik kamsarflagan holda ko‘p ishlab chiqarsa, kishilar shunchalik farovon yashaydilar.