II-Bob. Maktabgacha ta’lim tashkiloti boshqaruv tizimida bola tarbiyasi
2.1. Maktabgacha ta`lim muassasalari va ularda bola tarbiyasining maqsad va vazifalari.
O`zbekiston Respublikasi “Ta`lim to`g`risida”gi Qonunning 10-moddasida va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da maktabgacha ta`lim-uzluksiz ta`lim tizimining birinchi turi ekanligi qayd etilgan. Shuningdek, maktabgacha ta`lim to`g`risida “Ta`lim to`g`risida”gi Qonunning 11-moddasida ham “Maktabgacha ta`lim bola shaxsini sog`lom va yetuk, maktabda o`qishga tayyorlangan tarzda
shakllantirish maqsadini ko`zlaydi. Bu ta`lim olti-yetti yoshgacha oilada, bolalar bog`chasida va mulk shaklidan qat`iy nazar boshqa ta`lim muassasalarida olib boriladi”, deb ta`kidlansa, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da “maktabgacha ta`limning samarali psixologik usullarini izlash va joriy etish”, degan talabni qo`yadi. Maktabgacha ta`lim bola 6-7 yoshga yetguncha oilada hamda davlat yoki nodavlat MTM ida amalga oshiriladi. YuNESKO qarori bilan 1997 yilda
“Maktabgacha ta`lim” uzluksiz ta`lim tizimining birinchi bosqichi sifatida kiritildi.
Oldingi “Maktabgacha tarbiya” termini “Maktabgacha ta`lim” bilan almashtirildi. Sir emaski, bugungi kunda uzluksiz ta`lim tizimiga mamlakatimizda katta e`tibor qaratilgan. Buni butun dunyo rivojlangan mamlakatlari tan olmoqda. Bunga sabab Mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimov O`zbekiston kelajagini qurishda asosiy ishtirokchi bo`ladigan bolalarni yuksak ma`naviyatli qilib tarbiyalashga katta e`tibor bermoqda. Jumladan, uning “Yuksak ma`naviyat-engilmas kuch” nomli asarida ham “Ko`p yillik ilmiy kuzatish va tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, inson o`z umri davomida oladigan barcha informasiyaning 70 foizini 5 yoshgacha bo`lgan davrda olar ekan.
Bolaning ongi asosan 5-7 yoshda shakllanishini inobatga oladigan bo`lsak, aynan ana shu davrda uning qalbida oiladagi muhit ta`sirida ma`naviyatning ilk kurtaklari namoyon bo`la boshlaydi”, deyilgan. Ushbu fikrlar nafaqat oila va oila muhitiga taalluqli, balki MTM dagi ta`lim-tarbiya jarayonining barcha jabhalariga tegishli. Chunki, bolalarning intellektual salohiyatini shakllantirishning eng muhim-boshlang`ich bosqichi ham aynan 5-7 yoshdagi bolalarga to`g`ri keladi. Buning isbotini mazkur tadqiqot ishining 3-bobidagi “Iste`dodli bola xonadoningizda” mavzusidagi oila darsi mashg`ulotlariga e`tibor berish orqali topasiz.Maktabgacha ta`limmuassasasini tashkil etishdanasosiy maqsad bolalar ta`lim-tarbiyasiga qo`yiladigan davlat talablariga muvofiq keladigan hamda har tomonlama yetuk va sog`lom bolalarni tarbiyalash uchun zaruriy tashkiliy, uslubiy, psixologik, pedagogik shart-sharoitlar yaratish va bolalarni maktabda muntazam ravishda ta`lim olishga tayyorlashda ota-onalarga yordam berish.
MTM ning asosiy vazifalari quyidagilar:
bolalar sog`lig`ini mustahkamlash va ularning hayotini muhofaza qilish;
bola shaxsiga munosabatni shakllantirish;
bolaning ma`naviy, jismoniy va intellektual rivojlanishiga hissa qo`shish va ularning bilimga qiziqishini rivojlantirish hamda mehnat ko`nikmalari elementlarini shakllantirishga ko`maklashish;
bolalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilishga o`rgatish;
bolalarni maktab ta`limiga tayyorlash;
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan yoki tavsiya qilingan dasturlar asosidagi ta`lim mazmunini amalga oshiradi.