1.Mashina traktor agregatlari va yoqilg‘i sarfiga bo‘lgan talablarni aniqlash
1.1. Xo‘jalik joylashgan mintaqaga xos texnologik xaritani tanlash Qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlash va mahsulot etishtirishda sarf-xarajatlarni muvofiqlashtirish, mashina-traktor agregatlaridan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida har bir ekin turi uchun namunaviy texnologik xaritalar yaratilgan.
Ayniqsa, paxta etishtirish bo‘yicha namunaviy texnologik xaritalar 3 ta mintaqa bo‘yicha tuzilgan bo‘lib, ularda barcha texnologik jarayonlarning sarf-xarajatlari mamlakatimiz mintaqalari bo‘yicha turli tuproq va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Kurs loyihasini bajarishda topshiriqda berilgan xo‘jalikning tuproq-iqlim sharoitini va uning iqtisodiy-tashkiliy yo‘nalishlarini e’tiborga olgan holda tuzilgan texnologiq xaritalari asos qilib olinadi yoki xo‘jalik joylashgan mintaqaga xos bo‘lgan namunaviy texnologik xaritalar olinib, ularga kerakli o‘zgartirishlar kiritiladi.
1.2. Traktorlar va qishloq xo‘jaligi mashinalarini tanlash Xo‘jalikning ishlab chiqarish rejalarini bajarish uchun foydalaniladigan traktorlar va qishloq xo‘jaligi mashinalarining turlari va rusumlari tanlanadi.
Bunda xo‘jalikning alohida joylashish xususiyatlari, ya’ni er relefi, tuproq-iqlim sharoiti, dalaning yuzasi va uzunligi, bajariladigan ishlarning turi hamda uning xususiyatlariga alohida ahamiyat beriladi.
Ko‘p energiya talab etiladigan (er haydash, chizellash, chuqur yumshatish va boshqalar) hamda yuzasi va uzunligi katta dalalardagi ishlarni bajarishda hozirgi zamon yuqori quvvatli umumiy ishlarni bajaradigan AXION-850, MX-250, ARION-640S, MAGNUM, AXOS-340 rusumli traktorlar keng qamrovli mashinalar bilan, xuddi shu ishlar, lekin kichik va o‘rtacha maydonlarda T-4A, VT-150, TS-6070, AXSOS-320S, TTZ LS PLUS 100 traktorlaridan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Ekishdan oldin erlarni tayyorlashda (tirmalash, disklash, chizellash, molalash, er tekislash va boshqalar) asosan T-4A, VT-100, VT-150, rusumli zanjirli traktorlardan, ekinlar qator oralariga ishlov berishda (ekish, kultivatsiya qilish, begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashish, g‘o‘zani defoliatsiya qilish, g‘o‘zapoyani yig‘ish va hokazolar) ekinlar qator orasi 60-70 sm bo‘lganda TTZ-60.11 va 90 sm bo‘lganda esa TTZ LS-100 HC, TTZ-80.11, MTZ-80X rusumli chopiq traktorlaridan hamda etishtirilgan ekinlarning hosilini tashish ishlarida TTZ-60.10, TTZ-80.10, TTZ-LS 100HC, MTZ-80,82, TTZ-100.10 rusumli transport traktorlaridan foydalanish yuqori samara beradi.
Tanlangan traktor va qishloq xo‘jaligi mashinasi quyidagi talablarga to‘liq javob berishi, ya’ni:
- traktorlar quvvati va tortish xossalari bo‘yicha mazkur mintaqa yoki fermer xo‘jaligi (fermerlar uyushmasi) sharoitlaridagi ishlarning to‘liq bajarilishini;
- MTAlarining mazkur sharoitlarda yuqori ish unumi va eng kam foydalanish harajatlar bilan ishlatilishini;
- barcha qishloq xo‘jalik mavsumlari davrida mumkin qadar MTAlaridan to‘liq foydalanish va rejalashtirilgan texnologik jarayonlarning kompleks mexanizatsiyalash ishlarini yuqori saviyada bajarilishini ta’minlashi kerak. SHu bilan birga, birinchi navbatda respublikamizda ishlab chiqarilayotgan texnikalarni tanlanishiga hamda ularni namunaviy texnologik xaritalarga va “Mashinalar tizimi”ga kiritilganligiga alohida ahamiyat berilishi talab etiladi.