Muskullar va ularning funksiyasi Skelet muskullari ishining boshqarilishi, skelet muskullarining shakllari Skelet muskullari tayanchharakatlanish sistemasining faol qismi hisoblanadi. Muskul qisqarishi suyaklarni harakatga keltiradi va odamning qo‘loyoqlari ma’lum ishni bajaradi (yurish, yugurish, sakrash, yuk ko‘tarish, ovqatlanish, so‘zlash, yozish va hokazo).
Muskullar harakatini ta’minlovchi motoneyronlarning orqa, uzunchoq va o‘rta miyadagi markazlarining funksiyasi bosh miya katta yarimsharlari po‘stloq qismining oldingi markaziy egatida joylashgan nerv hujayralari — harakatlanish oliy nerv markazlari tomonidan boshqariladi.
Agar bosh miya po‘stlog‘idagi nerv markazlarining ishi buzilsa, markazni boshqaradigan muskullar falaji yuzaga keladi. Bunda ularning tarangligi ortadi, shol bo‘lgan qo‘loyoq tarashadek qotib qoladi. Bu bosh miya shikastlanganda yoki miyaga qon quyilganda yuzaga keladi. Orqa miyada joylashgan nerv markazlarining ishi buzilganda ular boshqaradigan muskullarda periferik falajlik yuzaga keladi. Bunda ularning tonusi pasayib, falaj bo‘lgan qo‘l yoki oyoq harakatsizlanib, osilib qoladi.
Odam organizmida 600 dan ortiq skelet muskullari bo‘lib, ular tana massasining o‘rtacha 40 % ini tashkil etadi. Jismoniy mehnat va sport bilan shug‘ullanuvchilarda muskullar yaxshi rivojlangan bo‘lib, ular tana massasining 50 % ini va undan ko‘prog‘ini tashkil etadi.
Skelet muskullarining shakli xilma-xil: uzun, kalta, keng, rombsimon, trapetsiyasimon, piramidasimon, uchburchak, tishsimon, duksimon, patsimon va yarimpatsimon, ikki boshli, ikki qorinli, tasmasimon, aylana va hokazo bo‘ladi (19- rasm). Uzun muskullar, asosan, qo‘l va oyoqlarda, kalta muskullar qovurg‘alar orasida, keng muskullar ko‘krakda, qorin devorlarida, aylana muskullar og‘iz, ko‘z atrofida joylashgan. Har bir muskulning paylardan tashkil topgan bosh va dum qismi bo‘ladi. Muskul tashqi tomondan biriktiruvchi to‘qimadan tuzilgan yupqa parda bilan o‘ralgan bo‘lib, bu parda fassiya deb ataladi. Fassiya bilan muskulning paylari orasida harakatni qulaylashtiradigan sinovial suyuqlik bo‘ladi.