1. Talab tushunchasi. Talab qonuni. Talab o’zgaruvchanligi va unga ta’sir etuvchi omillar.
Insonlar hayotida turli ehtiyojlar paydo bo’ladi. Bular moddiy, ma’naviy va ijtimoiy ehtiyojlardir. Ehtiyojlar jamiyat taraqqiyotining mahsulidir. Ehtiyojlarning xarakteri, tuzilishi va ularni ta’minlash uslublari ishlab chiqaruvchi kuchlarining taraqqiyot darajasi, fan-texnika taraqqiyoti, ijtimoiy tuzumning xususiyatlariga bog’liqdir. Ehtiyojlar ichida moddiy, iqtisodiy ehtiyojlar muhim bo’lib, ular ishlab chiqarish faoliyati bilan chambarchas bog’liq bo’lib, unda ishlab chiqarish ehtiyojlarining shakllanishi va taraqqiyotida asosiy rol o’ynaydi.
Insonlar ehtiyoji, ularning iste’molini qondirish borasidagi talabga aylanadi. Talabning asosi ehtiyojdir. Bozor pul bilan ta’minlanmagan ehtiyojga ahamiyat bermaydi. Demak, har qanday tovarga yoki xizmatga tug’ilgan ehtiyoj, albatta, sotib olish quvvatiga ega bo’lishi lozim. Pul bilan ta’minlangan ehtiyoj talabga aylanadi va xaridorlarning u yoki bu tovarni sotib olishga tayyorligini bildiradi4. Bozorda xaridorlar u yoki bu tovarga talab bilan, sotuvchilar esa, tovar taklifi bilan o’zaro uchrashadilar.
Talab-bu, zarur tovarlar va xizmatlar miqdori bo’lib, to’lovga qobil ehtiyojdir.
Talab tovarni sotib olishga tayyor xaridor holatini namoyon etadi. Talab, eng avvalo o’z hajmiga ega. Bozorning bir tovarga bo’lgan talab hajmi-bu xaridorlarning ma’lum bir davrda biror turdagi tovarlarning muayyan miqdorini sotib olish xohishlaridir. Talab hajmi mazkur mahsulot bahosiga va boshqa ta’sirlarga bog’liqdir. Masalan, xaridor daromadi, didi, boshqa tovarlar baholari va boshqalar.
Bozorda talab qonuni namoyon bo’lib, u tovarning bozor bahosi bilan unga bo’lgan talab miqdori o’rtasidagi aloqaning teskari bog’liqligini ifodalaydi. Agarda ma’lum bir tovarning bahosi pasaysa, mazkur tovarga bo’lgan talab ortadi. Agarda, tovarning bahosi ortsa, u holda mazkur tovarga bo’lgan talab ozayadi. Demak,
4 A.O’lmasov. Iqtisodiyot asoslari. Toshkent “Mehnat” 1997 y.
tovarning bahosi va unga talab miqdori o’rtasida qarama-qarshi munosabat mavjuddir.