Jamoaning vujudga kelish uchun to‘rt bosqich zarur. Jamoaning shakllanish bosqichlarida dastlab o‘qituvchi butun guruhga talab qo‘yadi hamda mazkur jarayonda jamoa faollarining shakllanishiga alohida e'tibor qaratadi. Navbatdagi bosqichda muayyan darajada shakllangan jamoa faollari (aktivi) jamoa a'zolari oldiga ma'lum talablarni qo‘yadi. Uchinchi bosqichda esa jamoa umumiy holda jamoaning har a'zosidan muayyan tarzdagi faoliyatni olib borishni talab qiladi. So‘nggi (to‘rtinchi) bosqichda esa jamoaning har bir a'zosi o‘z oldiga mustaqil ravishda jamoa manfaatlarini ifoda etuvchi talabni qo‘yish layoqatiga ega bo‘ladi. Jamoaga qo‘yilayotgan talablar mazmunidagi farq jamoa rivojlanishi bosqichini aniqlovchi yorqin tashkiliy ko‘rsatkich sanaladi. Jamoaning amaliy faoliyati mazmuni, jamoa a'zolarining jamoa oldidagi javobgarligi, ular o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik, shuningdek, ularning xulq-atvori axloqiy kamolot darajalarini ko‘rsatuvchi muhim belgilar sifatida namoyon bo‘ladi. Jamoani shakllantirishda uning hayotini belgilovchi ichki jarayonining mohiyatini inobatga olish zarur. Jamoa hayotining birinchi bosqichida jamoa faolining paydo bo‘lishi ushbu davr uchun xarakterli hodisadir. Jamoa faoli (aktivi) muayyan guruhning shunday a'zolaridirki, ular jamoa manfaatiga muvofiq tarzda harakat qiladilar, o‗qituvchi faoliyati va talabiga nisbatan xayrixohlik bilan munosabatda bo‘ladilar. Faollar o‘qituvchining yaqin yordamchilari sifatida ish olib boradilar. Jamoa rivojlanishining ikkinchi bosqichi. Ushbu bosqich jamoa faolining o‘qituvchi talabini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘z navbatida uning o‘zi bu talablarni jamoa a'zolari zimmasiga qo‘yishi bilan tafsiflanadi. Endilikda o‘qituvchi jamoada paydo bo‘lgan va u bilan bog‘liq muammo, masalalarni yolg‘iz o‘zi hal qilmaydi. Jamoa faoli bilan maxsus tarbiyaviy ish olib borish orqali bu ishga uni jalb etadi. Ushbu bosqichda jamoa hayotini tashkil qilish usuli murakkablashib boradi, ya'ni, jamoa o‘z-o‘zini boshqarishga o‘tadi. O‘quvchilar amaliy faoliyatining doimiy ravishda murakkablashib borishi mazkur davrining muhim xususiyati sanaladi. Ikkinchi bosqichda jamoaning muhim ishlarini o‘quvchilar tomonidan mustaqil rejalashtirilishi, tadbirlarni o‘tkazishga tiyyorgarlik, uni o‘tkazish hamda faoliyat natijalarini muhokama qilish jamoa faoliyatining ijodiy xususyat kasb etishini ko‘rsatuvchi omillar sanaladi.