Bugun, oradan yillar o’tib, ko’p narsalar oydinlashganidan so’ng yana bir haqiqatni alohida e’tirof etish har tomonlama o’rinli bo’ladi.
1990 yil 24 mart kuni o’n ikkinchi chaqiriq O’zbekiston SSR Oliy Kengashining birinchi sessiyasida ittifokdosh respublikalar orasida birinchi bo’lib O’zbekistonda respublika Prezidenti lavozimi joriy etildi. Bu o’rinda shuni aytish joizki, bundan bir necha kun oldin, ya’ni 14 mart kuni SSSR xalq deputatlarining navbatdan tashqari uchinchi s’ezdida SSSR Prezidenti lavozimini ta’sis etish to’g`risidagi qonun qabul qilinib, M. Gorbachev bu vazifaga saylangan edi.
Bepoyon Ittifoq hududida ikkinchi bir Prezidentning paydo bo’lishini Markaz va uning rahbariyati qanday qahr-g`azab va ichiqoralik bilan qabul qilganini tasavvur qilish qiyin emas, albatta.
Yangi yo’l
1989 yil 23 iyun kuni bo’lib o’tgan O’zbekiston Kompartiyasi MQning XIV Plenumida Islom Abdug’anievich Karimov O’zbekiston Kompartiyasi MQning birinchi kotibi etib saylandi. I.A. Karimov boshliq yangi rahbariyat tomonidan o’zbek xalqining milliy o’zligini anglashi kuchayib borayotganligi birinchi bor etirof etildi. Xalqning shon-shuhrati, qadr-qimmatini himoya qilish, milliy mustaqillikka erishish tomon yo’l olindi.
I.A.Karimov 1989 yil 20 sentyabrda Maskvada bo’lib o’tgan KPSS MQ ning Plenumida so’zlagan nutqida respublikalar bilan SSSR o’rtasidagi vakolatlarni aniq-ravshan ajratib qo’yishni ko’zda tutadigan yangi federativ shartnoma ishlab chiqish zarurligi to’g’risida o’z fikrini bildirib: «Biz Ittifoq va respublikalarning vazifalarini, burchlarini va o’zaro majburiyatlarini aniq-ravshan belgilab qo’yish, respublikalar mustaqilligini har jihatdan mustahkamlash tarafdorimiz»,- degan edi.
1990 yil avgust oyida Ittifoqni yangilash dasturi ishlab chiqildi.
Dasturda respublikalar o’z hududlaridagi butun milliy boyliklarga egalik qilish, foydalanish huquqiga ega ekanligi ta’kidlangan edi. Ammo shartnomaga bunday yondashuv Markazdagilarga yoqmadi. SSSR Oliy Soveti mazkur dasturni qabul qilmadi. SSSR Oliy Soveti respublikalarning istak va manfaatlarini batamom inkor etgan yangicha shartnoma loyihasini tuzib respublikalarga tarqatdi. Respublikalar, shu jumladan, O’zbekiston Markaz loyihasini qabul qilmadi. 1991 yil fevral-mart oylarida Ittifoq shartnomasi loyihasi ustida qayta ish olib borildi.