Mustaqillik yillarida amir temur va temuriylar davri tarixining tadqiq etilishi


Amir Temurning siyosiy hokimiyatga kelishigacha bo‘lgan davrdagi faoliyatining o‘rganilishi



Yüklə 60,99 Kb.
səhifə2/5
tarix17.05.2023
ölçüsü60,99 Kb.
#114859
1   2   3   4   5
Amir Temurning siyosiy hokimiyatga kelishigacha bo‘lgan davrdagi faoliyatining o‘rganilishi.

Amir Temurning siyosiy faoliyati haqida so‘z borar ekan, eng avvalo, uning hokimiyatga kelgunga qadar bo‘lgan davriga katta e’tibor qaratilganligini aytish lozim. Chunki tadqiqotlarning aksariyatida Sohibqironning siyosiy hokimiyatga kelishi muammolari XIV asrning 60−70-yillarida Movarounnahrdagi siyosiy ahvol, Amir Temurning amir Husayn bilan ittifoqi, sarbadorlar harakatiga Amir Temurning munosabati, Sohibqironning siyosiy hokimiyatga kelishi kabi masalalar bilan bog‘liq holda o‘rganishni taqozo etadi. Temuriylar davri tarixiga oid yozma manbalarning ko‘pchiligida Amir Temurning hayotiga daxldor tarixiy voqealar, ayniqsa uning siyosiy maydonga kelishi sabablarini bayon qilib, ularda muarrihlarning shaxsiy munosabatlari bildirilgan. Shuni qayd etish kerakki, ularda bildirilgan umumiy fikrlar Amir Temurning yoshlik -yillariga va uning 1344-1347-yillarda Movarounnahrda Chig‘atoy ulusining oxirgi mo‘g‘ul xoni Qozon Sultonxon (1332 − 1347) bilan amir Qazog‘on o‘rtasida yakka hukmronlik uchun bo‘lgan janglardagi ishtiroki, hokimiyat amir Qazog‘on qo‘liga o‘tib, bu bilan boshqaruvda amirlar hukmdorligi davri boshlangani masalalariga qaratilgan.
Qozonxon davrida Movarounnahrda itoatsizlik boshlangan bo‘lib, xon har kuni yuzlab odamlarni oliy jazoga hukm qilardi. A. Ziyo bu ahvolni sharhlar ekan, Chig‘atoy ulusi xonlarining Movarounnahrdagi mavqei zaiflashib, mahalliy amirlar ularga o‘z hukmlarini o‘tkazish va xonlik bilan raqobatlashish qudratiga ega bo‘lgani bois, amir Qazog‘on ulus hukmdori Qozon Sultonxonni jangda yengib qatl etdi, degan fikrni bildirdi6. Ba’zi tadqiqotlarda amirlardan Bayon Sulduz bilan Hoji Barlos Amir Qazog‘onning o‘g‘li amir Abdullohga qarshi chiqib, Samarqandga yurish qilgani va Movarounnahrni o‘z tasarrufiga olib, chingiziy Yasun Temurxonning o‘g‘li Temurshoh o‘g‘lonni (1358−1359) xon qilib ko‘targani ham ta’kidlangan7. Demak, davlatda amirlar boshqaruvi chog‘ida nomiga xon tayinlash an’anasi Amir Temurgacha ham bo‘lgan.
Nizomiddin Shomiy bu haqda shunday yozadi: “Amir Bayon Sulduz va amir Hoji Barlos mamlakatni va viloyatlarni o‘z tasarrufiga oldi. Amir Bayon mamlakatni boshqarish ishida g‘ofillikda sharobxo‘rlik va aysh−ishrat bilan mashg‘ul bo‘ldi… siyosat maqomiga kelganda sustlik va beparvolik qilardi. Donishmandlar demishlarki: “Mulk (podshohlik) siyosatsiz barqaror turmas va qilichsiz mustahkam bo‘lmas”.
Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” sida ham shu mazmundagi so‘zlarni o‘qiymiz. Natijada ular davrida o‘lkada tartibsizliklar boshlandi. Barlos amirlari Shaxrisabzni, jaloyirlardan amir Boyazid Xo‘jandni, amir Qazog‘on xonadonidan bo‘lgan amir Husayn Balxni, naymonlardan bo‘lgan amir Hamidxoja Shibirg‘onni, amir Shohmuhammad Badaxshoniy Ko‘histonni, amirlar Kayxisrav va O‘ljoytu Aperdi ittifoq bo‘lib Xatlonni o‘ziga bo‘ysundirdilar. Shunday bo‘linish oqibatida fitnafasodlar ko‘payib, mamlakatda tartibsizliklar boshlandi. Bunday tartibsizliklardan foydalanib, Movarounnahrga mo‘g‘ul xoni Tug‘luq Temur bostirib keladi8.
Tadqiqotlarda amirlar o‘rtasidagi munosabatlar ham yoritilib, mazkur voqealar o‘sha davrda yuz bergan siyosiy o‘zgarishlar bilan bevosita bog‘liq edi. A. Ziyo o‘z ilmiy izlanishlarida amir Qazog‘onning nabirasi amir Husayn, bobo meros yurtiga da’vo bilan chiqqan va amakisi Qazog‘onning o‘g‘li Abdullohning o‘chini olish bahonasida amir Bayon Sulduzga qarshi kurash boshlagan9, deb yozsa, boshqa bir tadqiqotida uning amirlardan Xizr, Boyazid va Temurga suyanib, bobosi davridagi mavqeni tiklab olmoqchi edi10, degan fikrni bildiradi. Amirlarning ittifoqlikdagi faoliyati, ularning oqibatlari B.Ahmedov tadqiqotlarida ham tahlil etilgan. Muallif, amirlarning 1363 − 1364-yillarda Chig‘atoyxon naslidan bo‘lgan darveshlikda yurgan Qobulshohni xonlik taxtiga ko‘targanlari va shu voqea (1364) amirlar ittifoqining buzilishiga olib kelganligini qayd etib, deb uning sababini esa shunday ko‘rsatadi: “Amir Husayn Amir Temurni uning nomzodini taxtga loyiq ko‘rib, qo‘llab-quvvatlamaganida ayblaydi. U xon bilan Amir Temurning orasiga rahna solish uchun, Tarmashirinxonning qizi to‘g‘risida Temur nomidan mish-mishlar tarqatdi”11.
Tadqiqotlarda Movarounnahrning 1340−1360-yillardagi siyosiy ahvoli yozma manbalardagi ma’lumotlarni qayd etish bilan kifoyalanilganini ko‘ramiz. Bu esa o‘z navbatida voqeliklarni o‘sha davr manbalari bilan qiyosiy o‘rganib, so‘ngra yoritishni taqozo etadi. Shuningdek, mahalliy hokimiyatning amalda amirlar qo‘liga o‘tib, nomiga Chingiz avlodi vakillari xon qilib ko‘tarilishi an’anasi dastlab amir Qazog‘on tomonidan boshlangani, keyinchalik Amir Temur saltanatida ham davom etganini ko‘rsatish lozim, deb o‘ylaymiz. Shu bilan birga, Amir Temurning Tug‘luq Temurxon xizmatiga kirishi tadqiqotlarda turlicha izohlangan.
B. Ahmedov sarbadorlar harakatini manbalarga tayanib ob’ektiv yondashgan holda ijobiy baholaydi. Olimning fikricha, mamlakat mo‘g‘ullarning oyog‘i ostida qolishi xavfi tug‘ilganda “menman degan beklar” uni himoya qilishga qodir bo‘lmagan bir sharoitda sarbadorlar xalqning joniga oro kirdilar12. Sarbadorlar mustahkam himoya qilgan Samarqand shahri ostonasida mo‘g‘ullar katta talofatga uchrab, chekinishga majbur bo‘lganlar. Buning sabablaridan biri sifatida Ilyosxo‘ja qo‘shinidagi otlarga vabo tarqalgani ham qayd etilgan13. Boshqa tadqiqotlarda ham ushbu fikrlarni kuzatish mumkin. Jumladan, “Amir Temur jahon tarixida” kitobida “Shahar qamali uzoqqa cho‘zilib, shaharliklar Samarqandni mardona muhofaza qilayotgan edilar, dushman ham shaharni ololmay, holdan toygan edi. Shu payt, kutilmaganda, dushman otlari orasida vabo tarqaldi va ko‘p “ot o‘ldikim, to‘rt kishi arosida bir ot qolmadi. Va bu jihatdin barcha (mo‘g‘ul) parishon bo‘lib qaytdilar. Ko‘pi egarlarini orqalariga solib, tirkashlarini qo‘ltiqlarig‘a tutub ketdilar”14, deb yoritilgan.
B. Ahmedov fikricha, sarbadorlar g‘alabasidan amir Husayn foydalanib, hiyla ishlatib, harakatning boshliqlarini qo‘lga tushiradi va Abubakr Kalaviy bilan Xurdak Buxoriyni osib o‘ldiradi. Mavlonzodani esa Temurbek dor ostidan qutqarib qoldi59.
A.Yu. Yakubovskiy, I. Mo‘minov tadqiqotlarida sarbadorlar harakati rahnamolari bilan Amir Temur o‘rtasida oldindan munosabatlar bo‘lganligiga ishora qilingan, biroq aloqalar qanday vujudga kelgani aniqlanmagan edi. T. Fayziyev bu munosabatlarni avvaldan bo‘lganligi dalili sifatida sarbadorlar qirg‘in qilingandan so‘ng, Amir Temur bilan Husayn o‘rtasida dushmanlik avjiga chiqqanini fakt sifatida keltiradi15.
Umuman olganda sarbadorlar harakati tadqiqotlarda turlicha izohlangan: Ba’zi tadqiqotchilar sarbadorlar harakatini salbiy baholab, ularning rahnamolarini avantyurachilar, deb ayblashlarini, ularning qatl etilishini ma’qullashlarini xato deb o‘ylaymiz. Qayd etish kerak, bu harakat mo‘g‘ullarga qarshi ko‘tarilgan Mahmud Tarobiy qo‘zg‘olonining mantiqiy davomidir. Sarbadorlar harakati masalasining to‘liq bahosi fanda hali o‘zining uzil-kesil yechimini olmagan va harakatning tarixiy ahamiyati xususida yaxlit bir to‘xtamga kelinmagan. Fikrimizcha, keyingi yangi tadqiqotlarda birlamchi manbalarga tayangan holda izlanishlarni davom ettirish maqsadga muvofiq. Shu o‘rinda Muiniddin Natanziy “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy” asaridagi mavzuga doir ma’lumotlar hanuzgacha tadqiqotlarga jalb qilinmaganligini aytish lozim.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, 1340−1360-yillardagi Movarounnahr siyosiy hayoti, 1360−1370-yillarda Amir Temurning siyosiy faoliyati ham fanda kam o‘rganilgan, voqeliklar ko‘proq axborot shaklida bayon etilgan va tadqiqotlarning aksariyatida mualliflar asosan 1370-yildan keyingi siyosiy voqealarga e’tibor berganlar.



  1. Yüklə 60,99 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin