Mustaqillik davri tadqiqotlarida Amir Temur hayoti va faoliyati tahlili.
Amir Temur hayoti va faoliyati har bir davrda dunyo olimlarining diqqat markazida bo‘lib keldi. G‘arb tarixshunosligida Amir Temur shaxsiga e’tibor XVIII asrdanoq boshlangan va kelgusi davrlarda uning hayoti, faoliyatiga qiziqish doimo ortib borgan edi. Jahon tarixshunosligida Amir Temur to‘g‘risida ko‘plab monografiya va maqolalar yozilib nashr etildi. Ularda Sohibqironning davlat, ijtimoiy-siyosiy qurilishi, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, ma’muriy tizim, harbiy yurishlar, diplomatiya, din, fan, madaniyat, san’at sohalaridagi ko‘p qirrali faoliyati yoritilgan. XX asr jahon sharqshunosligida mustaqil ilmiy yo‘nalish–“Temurshunoslik” shakllandi va ular orasida R. Grosse, L. Keren, Ye.Rose, X.Xukxem, F. Mans, G. Golombek, A. Derg, K. Yenoki, Ye. Manu, M. Rossati va boshqalarning asarlarini qayd etish o‘rinli. Bugungi kunga kelib Amir Temur haqidagi o‘rta asrlarga oid ko‘plab yozma manbalar Yevropa tillarida bosilib chiqqan. 1996-yilboshlarida chet el tadqiqotchilarining Parijda e’lon qilingan Amir Temur va Temuriylar haqidagi tadqiqotlari bibliografiyasi ro‘yxatiga 450 dan ortiq asar kiritilgan edi16. 2000 -yillarga kelib o‘tgan vaqt mobaynida yana 50 dan ziyod tadqiqot mavjudligi aniqlandi17. Amir Temurning bunyodkorlik, ilm-fanga e’tibori V.V.Bartold, A.Yu.Yakubovskiy asarlarida ma’lum bir ma’noda o‘z aksini topgan edi18.
Yirik bibliograf B.V. Lunin mustaqillikkacha bo‘lgan davrda Amir Temur va Temuriylar davri tarixnavisligini tadqiq etgan. Olim Temuriylar davri tarixi bo‘yicha bibliografik ko‘rsatkich ham tuzgan19.
1968-yilda akademik I. Mo‘minovning “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli”20 haqidagi risolasining nashr etilishi keng jamoatchilikning bu mavzuga qiziqishini avj oldirib yubordi.
Amir Temur hayoti va faoliyatiga qiziqish hamda xolis yoritishga intilish O‘zbekistonda 1980-yil oxirlaridan boshlandi. Bu ilm-fandagi oshkoralik to‘lqini tarix fanida nisbatan erkin fikrlash, xolis ilmiy xulosalarni o‘rtaga tashlash imkoniyatini tug‘dirdi va mavzuga taalluqli sanoqli maqolalar e’lon qilindi. 1990 -yillar boshlarida B.V. Lunin, A. Ahmedov, B. Ahmedov kabi olimlar Amir Temur tarixini qayta, xolis o‘rganish masalasini ko‘tarib chiqib, uning shaxsiga yuqori baho berdilar.
Amir Temur shaxsini xolis o‘rganish masalasi shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A. Karimov nomi bilan chambarchas bog‘liq. Zero, uning tashabbusi bilan Amir Temur tarixini har tomonlama chuqur o‘rganish va tadqiq qilish kerakligi, tarixiy adolatni qaror toptirish zamonaviy temurshunoslikning muhim vazifalaridan biri ekanligi e’tirof etildi. 1993-yil 31-avgustda Toshkentda Amir Temur xaykalining ochilish marosimidagi nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Birinchi I.A. Karimov: “Amir Temur mamlakat qudratini har sohada yuksaklikka ko‘tarib, dunyoga mashhur qildi. Amir Temur davlati qurilishi, harbiy san’ati ko‘p asrlar davomida Sharqu G‘arb davlatlariga o‘rnak va andoza bo‘ldi. Uning zamonida madaniyat, ilmu-fan me’morchilik, tasviriy san’at, musiqa, she’riyat beqiyos rivoj topdi, xalqimizning ko‘p an’analari takomiliga yetdi”21, – deb juda to‘g‘ri ta’kidladi.
Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash to‘g‘risida va 1996-yilni “Amir Temur yili” deb e’lon qilish to‘g‘risida hukumat qarorlari temurshunoslik sohasining keyingi taraqqiyoti uchun katta zamin yaratdi. Amir Temurning dunyo sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, tarixdagi buyuk xizmatlari YUNESKO tomonidan e’tirof etilib, uning 660 yillik yubileyi Parijda keng nishonlandi.
1998-yilda Birinchi Prezident I.A. Karimovning tarixchilar bilan uchrashuvi, eng muhimi “O‘zbek xalqi davlatchiligi tarixi konsepsiyasi”ning yaratilishi, hamda unda Amir Temur va Temuriylar davri alohida bosqich etib belgilanganligi kelgusi tadqiqotlar uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Tabiiyki, mazkur tadbirlar O‘zbekistonda Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid ilmiy bilimlarning rivojiga, yangicha yondoshuvlarning shakllanishiga asos bo‘lib xizmat qildi.
Turli yozma manbalar o‘zbek, fors, arab tilida bitilgan manbalardan olingan faktik ma’lumotlar asosida O‘zbekiston davlatchiligi tarixiga borib taqaluvchi o‘zbek davlatchiligi tarixi, ayniqsa, yirik davlat arbobi Amir Temur davridagi rivojini yoritgan ko‘pgina tadqiqotlar yaratildi.
Ayniqsa, Parijda o‘tkazilgan “Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va maorifning gullab yashnashi” mavzudagi konferensiyada o‘zbek olimlarining mavzuni asosiy manbalar yordamida yoritib berishi muhim ahamiyat kasb etdi.
Bu o‘rinda “Amir Temur jahon tarixida”22 nomli asarni alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. Unda juda jonli, asosli tarzda Amir Temur davlati tarixi, Sohibqironning mamlakatni chet el bosqinchilari hukmronligidan ozod qiluvchi xalqlarning kurashi, Amir Temur davlatining iqtisodiy o‘sishi va savdo aloqalari, xalqaro aloqalar va diplomatiya, ilm-fan va madaniyati har tomonlama ochib berilgan. Ushbu kitobga bo‘lgan qiziqish bu asarni 2001-yilda qayta nashr etishga olib keldi.
1996-yili chop etilgan yana bir yirik asar “Temur va Ulug‘bek davri tarixi”23dir. Unda Amir Temur va Temuriylar davrini o‘rganishga bag‘ishlangan manbalar, bu davrni o‘rganishga xizmat qiluvchi adabiyotlar, Temur obrazining folklorda aks etishi, Temur va Ulug‘bekning tarjimai holi, Temur va Ulug‘bek davridagi ijtimoiyiqtisodiy, siyosiy va madaniy hayot masalalari atroflicha yoritilgan.
Eng avvalo Amir Temur bibliografiyasi tuzish ishlariga katta e’tibor qaratildi. 1995-yil R. Alimov tomonidan “Sohibqiron Amir Temur” metodik tavsiyanomasi, 1999-yilakademik E.V. Rtveladze va professor A.X. Saidovlar tomonidan “Amir Temur dunyo fani ko‘zgusida” bibliografiyasi nashr etildi.
2003-yilda “Amir Temur bibliografiyasi” nashr etilib, unda qo‘lyozmalar, yozishmalar; MDH davlatlari xalqlari; Yevropa va Sharq tillaridagi kitoblar keltirilgan. Ammo bibliografiyaning adabiyotlar ro‘yxatida ayrim xatoliklar, qaytarishlar borligi, shoshma-shosharlikda chop etilganligi va ilmiy tahrirga muhtojligi ko‘zga tashlanadi.
Shu o‘rinda G.A. Pugachenkova, R.G. Mukminova, E.V. Rtveladze, B.V. Lunin, A. O‘rinboyev, D. Yusupova, O. Bo‘riyev kabi olimlarning mustaqillikkacha bo‘lgan davrda ham temurshunoslikning rivojiga tamal toshini qo‘yganliklarini yana bir bor ta’kidlash zarur. Zero, aynan ularning mustaqillik -yillarida chop etilgan yirik nashrlarda Amir Temur hayoti va faoliyati tarixini mukammal yoritishdagi xizmatlarini e’tirof etish zarur.
Amir Temur davri tarixshunosligiga katta hissa qo‘shgan olimlardan biri B. Ahmedovdir. B. Ahmedovning maxsus tadqiqotlarida XIV asr o‘rtalarida Chig‘atoy ulusidagi ijtimoiy-siyosiy ahvol; amirlar o‘rtasidagi nizoning chuqurlashuvi; davlatning tashkil topishi; qonun ustuvorligi; harbiy yurishlar va uning sabablari, Amir Temur ilm-fan va madaniyat homiysi kabi mavzularga e’tibor qaratilgan24. Aytish joizki, Amir Temurning shaxsi, hayoti, madaniy hayot masalalariga mavjud adabiyotlarda ko‘p hollarda umumiy axborot shaklida qisqa to‘xtalib o‘tilgan edi.
B. Ahmedovning G.A. Pugachenkova va R.G. Mukminova bilan hamkorlikdagi “Amir Temur” nomli kollektiv monografiyada Amir Temurning Yevropa va Osiyo tarixidagi buyuk xizmatlari, Buyuk ipak yo‘lini tiklagani, bunyodkorlik faoliyati, ilm−fan va madaniyatga homiyligi xususida so‘z boradi25.
E.V. Rtveladze mustaqillikkacha davrda arxeologik izlanishlar olib bordi, mustaqillik -yillarida u bibliografik tadqiqotlari bilan temurshunoslikning rivojiga katta hissa qo‘shdi26.
A. O‘rinboyevning yozma manbalarni tarjima qilish va izohlar bilan nashrga tayyorlash sohasidagi xizmati temurshunoslikning rivojida yetakchi o‘rin egallaydi. Bu sohada u Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining ilmiy tanqidiy matni nashrini27 amalga oshirdi; Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma” asari tarjimasini F.Tauer nashriga solishtirib, unga tuzatishlar kiritib, ayrim sahifalarini qayta tarjima qilib nashr ettirdi.
O. Bo‘riyevning Amir Temur saltanati tarixiga oid ilmiy izlanishlarida “Amir Temur ajdodlari” nomi bilan Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” sining “Muqaddima”si va 1360 − 1370-yilMovarounnahr voqealari bayoni qismlaridan lavhalar tarjima qilib, izohlar bilan alohida kitob holida hamda bunyodkorlikka oid ba’zi ma’lumotlarni chop etgan. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asari tarjimasiga geografik nomlar izohini tuzgan28.
O. Bo‘riyev tadqiqotlarida29 esa, o‘lkaning XIV − XV asrlar tarixiy geografiyasi o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy voqealari bilan bog‘liq holda mavzuni tarixiy aspektda to‘ldirgan.
A. Ahmedov mustaqillikning dastlabki -yillarida Amir Temur shaxsi va saltanati tarixini qayta, xolis o‘rganib baho berish masalasini ko‘tarib chiqib, Sohibqiron haqidagi tuhmat va xato fikrlarning asossizligini ko‘rsatdi.
H. Bobobekov Amir Temur davri tarixining ayrim munozarali masalalariga o‘zining munosabatini bildirib, XIX asrda yaratilgan “Qissai Temur”ni “Temur tuzuklari” ning to‘la varianti30 degan fikrni bildirdi.
T. Fayziyev Temuriylar shajarasini yozma manbalarga tayanib o‘rgangan, 300 dan ortiq malika va 192 ta shahzodalar taqdirini aniqlagan olimdir31.
Mustaqillik -yillarida amalga oshirilgan ijobiy yutuqlardan yana biri, xorij tadqiqotchilarining asarlarini o‘zbek va rus tiliga tarjima qilinishidir. Chunonchi, ingliz olimasi X. Xukxem bir joyda “Temur o‘zining favqulodda nodir salohiyati va izzat-nafsi tufayli o‘ta tolei kulgan shaxs edi, u O‘rta Osiyo tarixida chuqur ildiz otgan imperiyaviylik va madaniy an’analarning davomchisi edi. Temurning tarix sahnasiga chiqishi tasodifiy hol emasdi”32, deb yozadi.
Fransuz temurshunosi L. Kerenning esa o‘z tadqiqotlarida: “Agar Amir Temur faqatgina jangu jadal, yohud ashaddiy istilolar ishqida yongan buyuk fotih bo‘lganida, u tarixni ko‘p ham qiziqtirmasdi”33, deb yozadi. Albatta mazkur fikrlar Sohibqiron shaxsiga baho berishda shubhasiz katta ahamiyatga ega.
Movarounnahrning XIV asr 50-yillaridagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotining yoritilishi masalasida B. Spuller, R. Grosse, X. Xukxem, B.Mans, S.Jamoliddinning fikrlari V.V. Bartold, A.Yu.Yakubovskiy, I.P. Petrushevskiy, A.A. Semyonov, I.M. Mo‘minov, B. Ahmedovning xulosalari bilan mazmunan to‘g‘ri kelishi aytilgan. Biroq tadqiqotchi maqsadiga mazkur masalalar kirmaganligi sababli Rossiya sharqshunoslari asarlaridagi metodologik jihatlarga e’tibor qaratilmagan.
Mustaqillik davrida Amir Temur davlati boshqaruv tizimi, iqtisodiy hayot, soliqlar masalasi shuningdek, saltanatning huquqiy asoslari bo‘lgani, islom dini, Qur’oni karim va hadislarda bayon etilgan tartib-qoidalarga tayanilgani ilmiy asoslanilganligini ta’kidlash zarur. Chunki “Temur tuzuklari” ning nashr etilishi huquqshunoslarning ushbu asarni huquqiy jihatdan tahlil qilishlariga xizmat qildi.
Xususan, H. Boboyev tomonidan Sohibqiron va uning avlodlari davridagi siyosiy, huquqiy ta’limotlar tadqiq etilib, unda davlatni idora qilish tadbirlari, kengashlar, vazirlar va amirlarni qo‘yish masalalariga e’tibor qaratilsa, Z. Muqimov ilmiy ishida O‘zbekiston tarixining VIII-XIX asrlariga oid tarixiy-huquqiy manbalari qatorida “Temur tuzuklari” ham tahlil etilib, huquqshunoslik nuqtai-nazaridan baholandi.
Mustaqillik -yillarida yaratilgan ilmiy tadqiqotlarda saltanat boshqaruvida qonun ustuvorligi, raiyat manfaati va davlat ravnaqi ko‘zda tutilgan masalalarining tafsilotlari manbalar asosida yoritildi. Davlatda qonun barchaga – vazirlar, amirlar, hokimlar, raiyat, hatto shahzoda uchun ham barobar bo‘lgani, davlat mansabini su’iste’mol qilganlik uchun jazolar berilgani ta’kidlandi.