Ilm ma'rifatsiz biror bir jamiyat yoxud davlatchilik tuzumi taraqqiy etmagan, farovonlikka yuz tutmagan. “Biz ustozni otaday ulug‘ deb bilgan, doimo ardoqlagan ma'rifatparvar xalqning vakillarimiz. Men ham o‘qituvchi, muallim deganda o‘zim uchun eng aziz va hurmatli bo‘lgan, ziyoli va zamonaviy, samimiy va mehribon insonlarni tasavvur qilaman. Chunki hammamizga ham shu muallim saboq va ta'lim berib, mehribon ota-onalarimiz qatorida tarbiyalagan, – dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida. – Bugungi kunda O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri poydevorini yaratyapmiz. Bunda bizning eng yaqin ko‘makchilarimiz ustoz va murabbiylar, ilmiy va ijodkor ziyolilardir”. Shavkat Mirziyoyev NAJOT – TARBIYADA “TARBIYA - biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” Abdulla AVLONIY Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, ta'lim va tarbiyadir. Hozirgi jadal taraqqiyot, globallashuv jarayonlari Yangi O‘zbekiston oldiga uning nurli kelajagini ta'minlaydigan, hayot sinovlarini munosib yengib o‘ta oladigan barkamol avlodni voyaga yetkazishdek zalvorli vazifani qo‘ymoqda. Bu, o‘z navbatida, bugun tarbiyalanayotgan yosh avlodning kelgusidagi axloqiy-ma'naviy qiyofasini, shaklu shamoyilini shakllantirishni taqozo etadi. Bunday sharafli vazifa yurtimizda uzluksiz ma'naviy tarbiya orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Aynan go‘zal odob, ibratli axloqqa asoslangan tarbiyagina insonni ziynatlaydi, komillik sari eltadi. Zero, umr insonning har kungi ma'nan yuksalishidir. Shu o‘rinda mutafakkir bobokalonimiz Abu Muso al-Xorazmiyning insonni inson darajasida ushlab turuvchi oliy va mangu qadriyat haqida quyidagi fikri ahamiyatli. Agar inson go‘zal axloq egasi bo‘lsa, u birga tengdir, ya'ni axloqli inson=1; Buning ustiga, u xushsurat bo‘lsa, birning yoniga nol raqamini qo‘shing, ya'ni axloqli+ xushsurat inson= 10;