Xavfsizlik plakatlari va belgilari 2.1. Xavfsizlik plakatlari va belgilari (bundan keyin plakatlar va belgilar) xatolik bilan ish joyiga kuchlanish berish mumkin bo‘lgan kommutatsion apparatlar harakatini taqiqlash, kuchlanish ostida bo‘lgan tok o‘tkazuvchi qismlarga yaqinlashish xavfli ekanligini ogohlantirish, mehnat xavfsizligining muayyan talablari bajarilgandan keyingina ma’lum harakatlarni amalga oshirishga ruxsat berish, turli obyektlar, qurilmalar va ularning joylashgan o‘rnini ko‘rsatish uchun qo‘llanilishi zarur. Plakatlar va belgilar ogohlantiruvchi, taqiqlovchi, ko‘rsatmali va ko‘rsatuvchi guruhlarga bo‘linadi.
2.2. Plakat va belgilar qo‘llash xarakteriga qarab muntazam hamda ko‘chma bo‘lishi mumkin. Muntazam plakat va belgilarni elektr izolatsiyalovchi materiallardan (tekstolit, getinaks, polistirol va h.k.) tayyorlash tavsiya qilinadi, beton va metall yuzalariga (havo elektr uzatish tarmog‘i ustunlari, kamera eshiklari va h.k.) esa, trafaretlar yordamida bo‘yoqlar bilan tushiriladi. Metall plakat va belgilar o‘rnatishga ham ijozat beriladi. Ko‘chma plakatlar elektroizolatsiyalovchi materiallardan (plastmassadan, kartondan) tayyorlanishi lozim. Ochiq elektr uskunalarida metalldan qilingan ko‘chma plakat va belgilarni qo‘llashga ijozat beriladi.
Xavfsizlik plakatlari va belgilarining ro‘yxati, o‘lchami, shakli, ishlatish joyi va sharti 7-ilovada keltirilgan.