birinchidan, bu o‘zbek matnshunosligining dastlabki qadamlari haqidagi tasavvurimizni boyitadi. Uning tarixi va olimlar erishgan ilmiy natijalardan boxabar bo‘lish, o‘z o‘rnida, sohaning keyingi taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
ikkinchidan, orttirilgan tajribalar, chiqarilgan ilmiy xulosalar soha bilan bog‘liq yangi g‘oyalar, qarashlar hamda yangicha yondashuv mezonlarining shakllanishida katta rol o‘ynaydi;
uchinchidan, sohaning eng dolzarb masalalarini o‘rganish hamda ularning yechimini topish(xususan, ilmiy-tanqidiy matn tuzish va akademik nashrlarning nazariy-metodologik asoslarini ishlab chiqish)da tajribali matnshunos olimlar laboratoriyasini chuqur tadqiq etish katta ahamiyatga ega.
Alisher Navoiy asarlarini keng ko‘lamda chop etish ishlari, asosan, 1938/39 yillardan boshlangan bo‘lsa-da, ungacha ham buyuk ijodkor asarlarining ba’zilari bilan qisman tanishishga imkon beruvchi nashrlar bor edi. Bu borada, avvalo, Fitratning Navoiy “Xamsa”siga doir olib borgan izlanishlarini ta’kidlash o‘rinli [Фитрат 2000: 11]. Xususan, XX asr boshlarida (1927/28 yillarda) uning sa’y-harakatlari bilan chop etilgan “O‘zbek adabiyoti namunalari” [Fitrat, 1928] to‘plamida o‘zbek adabiyotining ilk davrlaridan XVI asrgacha bo‘lgan adiblarning she’riy va nasriy asarlaridan namunalar kiritilgan [Ҳамроева 2019: 113]. Mazkur nashrlar talabiga qarab ibtidoiy tarzda bo‘lsa ham ayrim tekstologik ishlar olib borilgan. Biroq mustaqil fan darajasiga ko‘tarilgan zamonaviy matnshunoslik nuqtai nazaridan qaralganda, ular sohaning eng oddiy talablariga ham javob bera oladigan ishlar emas. Qisqa qilib aytganda, 40-yillargacha shoir asarlarining turli davrlarga tegishli qo‘lyozmalari qisman aniqlangan bo‘lsa-da, ushbu ulkan merosni chuqur o‘rganish, g‘oyaviy jihatdan yetuk asarlarni xalqqa yetkazish masalasi dolzarbligicha qolayotgan edi. Lekin undan keyingi davr navoiyshunosligi erishgan yutuqlar salmog‘ini e’tirof qilish joiz.
Erishilgan yutuqlar haqida gap ketganda, unda bevosita ustoz matnshunos Porso Shamsiyev xizmatlarini e’tirof qilish lozim. 1938-yil Sovet ittifoqi Kommunistik partiyasi va hukumatning maxsus qaroriga binoan Alisher Navoiy tavalludining 500 yillik yubiley doirasida shoir asarlarining X tomligini nashr etish ishlari rejalashtiriladi1. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda maxsus komissiya tashkil etiladi. Uning asosiy vazifasi ulug‘ shoir qo‘lyozmalarini to‘plash va shular asosida nashr ishlarini amalga oshirish edi. Ushbu komissiya tarkibida Porso Shamsiyev ham bo‘lib, shoir qo‘lyozmalarini aniqlash va nashr ishlarida bevosita ishtirok etadi. Olim bu jarayonlarni tashkil etish ishlari naqadar og’ir kechgani, tajriba yo’qligi va boshqa mulohazalarini bildirgan edi [Шамсиев, 1969: 3].
Hukumat komitetining bu boradagi dastlabki qarori Navoiy asarlarini, xususan, uning dostonlari matnini mavjud adabiy til normalariga muvofiq nasriy ifodalar bilan nashr etish bo‘ldi. Mazkur jarayondagi eng muhim vazifa shoir asarlarining fanga ma’lum qo‘lyozmalarini ilmiy tavsiflash bo‘lib, bu juda katta mas’uliyat va aniqlik bilan ishlashni talab qilar edi. Ayni vazifa professor A.A.Semenov tomonidan amalga oshirildi. U davlat xalq kutubxonasining sharq bo‘limida saqlanayotgan Navoiy asarlari qo‘lyozmalarining ilmiy tavsifini tuzib chiqadi [Semenov 1940]. Keyinroq, ya’ni 1946 yilda S.L.Volin shoir asarlarining Sankt-Peterburg(Leningrad)da saqlanayotgan qo‘lyozmalari tavsifini e’lon qildi [Волин, 1946: 214-217].
Ilk marotaba tekstologik tadqiqot yo‘li bilan nashr etilgan “Xamsa” dostonlarining biri “Farhod va Shirin”dir. 1940-yilda mazkur ish atoqli adib G‘afur G‘ulom tomonidan tayyorlangan edi. Ushbu nashrning eng afzal jihatlaridan biri doston matniga qo‘shib uning nasriy ifodasi berilganidir. P.Shamsiyevning ta’kidlashicha, ushbu nasriy ifoda Navoiyning boshqa dostonlariga berilgan nasriy bayonlardan mazmun va asl matnga yaqinligi jihatidan eng yaxshisi bo‘lgan [Шамсиев, 1969: 5]. Lekin ushbu ishda katta-kichik nuqsonlar ham mavjud edi.
Matnshunos olim Alimulla Habibullayevning ta’kidlashicha, ommaviy nashr uchun odatda ko‘p nusxali matnlardan bir tayanch nusxa tanlab olinib, uning kamchiliklari boshqa nusxalar yordamida bartaraf etiladi va bu ishlar nashr so‘z boshisida batafsil yoritiladi (bir nusxali qo‘lyozmalar bundan mustasno). Bunday nashrlar lozim topilsa, izohlar, qiyin so‘zlar lug‘ati kabi ma’lumotnomalar bilan ta’minlanadi [Ҳабибуллаев, 2000, 127]. Yuqoridagi nashrning birinchi kamchiligi ham asl matnga yaqin mo‘tabar qo‘lyozma manbalarning aniqlanmaganidir. Ishda to‘g‘ri kelgan qo‘lyozma va toshbosmalardan foydalanish, qolaversa, nusxalararo farqlarning ko‘rsatilmasligi, umuman, qo‘lyozma nusxalarning hech biriga ilmiy tavsif berilmagani natijasida qilingan mehnat o‘z qimmatini topmadi.
Matnshunos Shuhrat Sirojiddinov: “Matn tarixini o‘rganish qo‘lyozma asarning mavjud nusxalarini qiyoslashdan boshlanadi”, deydi [Сирожиддинов, 2019: 7]. Olim tekstologik ishlarda qo‘lyozma manbalarning saralanishini eng birinchi o‘ringa qo‘ygani bejiz emas, albatta. Chunki, aynan mana shu jaryondan muvaffaqiyatli o‘tish ishning keyingi bosqichlari uchun juda muhim sanaladi. Asl matnga muvofiq, unga eng yaqin turuvchi manbalar birinchi navbatda aniqlab olinmasa, ularning ilmiy tavsifini berishdan ham, o‘zaro farqli jihatlarini ko‘rsatishdan ham biron naf chiqmasligi tayin va ish yuqoridagicha samarasiz yakunlanishi shubhasiz. Bu borada Porso Shamsiyev va u bilan ishlagan jamoaning ham asosiy kamchiligi shudir.
“Farhod va Shirin” nashridagi kamchiliklar Amin Umariy, Sharif Husaynzoda, Yunus Latif va Inoyat Maxsumovlar tomonidan tayyorlangan “Layli va Majnun” hamda “Saddi Iskandariy” dostonlarida ortig‘i bilan takrorlandi.
Ta’kidlash lozimki, og‘ir sharoitlarda ham matn ishiga katta mas’uliyat, ulug‘ ajdodlar va ularning ijodiga yuksak hurmat hissi bilan yondashib, ulkan fidoyilik ko‘rsatgan matnshunoslar xizmati tufayli o‘zbek matnshunosligi dastlabki qadamlarini tashladi. Sohaning taraqqiy eta borishi va bugungi kundagi darajasi ushbu matnshunoslar faoliyati bilan bevosita bog‘liq.
1941-yilda “Hayratu-l-abror” dostonini nashrga tayyorlashda Olim Sharafiddinov rahbarligida S.Mutallibov, A.Nasriddinov, M.Faxriddinov va I.Ahmedovlar jonbozlik ko‘rsatdilar. E’tiborlisi, ular qo‘lyozma manbalarni saralash, muayyan nusxalarni ishga jalb qilish va ularni qiyoslash borasida o‘zgacha uslubda tadqiqot olib bordilar. Bu esa matnshunoslikda yangi qarash va yangicha tafakkurning shakllanishiga sabab bo‘ldi. “Hayratu-l-abror” dostonining ushbu nashri Navoiy asarlarining keyingi nashrlari uchun kichik namuna, tajriba bo‘ldi. Har holda, matnshunoslikning dastlabki tamoyillari paydo bo‘lishi va rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Ulug‘ mutafakkir ijodidan ommani bahramand etish borasida Sadriddin Ayniyning ham qilgan xizmatlarini eslab o‘tish o‘rinli. U “Xamsa”ning barcha dostonlarini jamlab, turli qisqartirishlar bilan nashr ettirdi. Ayniy asarga yozgan so‘zboshisida dostonni nashrga tayyorlashdagi o‘z prinsiplari haqida to‘xtalib o‘tgan edi [Айний, 1940, 11].
1938/1949 yillarda mumtoz adabiyot vakillari, jumladan, Alisher Navoiy asarlarining bir qancha nashrlari yuzaga keldi. Ularning ba’zilari biroz bo‘lsa-da, takomillashtirilgan holda qayta nashr ham qilindi. Navoiy asarlarining ushbu nashrlarini ikki davrga ajratish o‘rinli: