NAVOIY “XAMSA”SI NASHRLARIGA DOIR Shodmonov Nafas Namozovich, Filologiya fanlari doktori, professor, Qarshi davlat universiteti, nafasxon_62@mail.ru. Shodmonov G‘iyosiddin Nafasovich, Filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori, dotsent v.b. Qarshi davlat universiteti, shodmonov786@gmail.com.
Annotatsiya Mazkur maqolada “Xamsa” dostonlari nashri tarixi va u bilan aloqador jarayonlar, umuman, o‘zbek matnshunosligining dastlabki erishgan yutuqlari, orttirilgan tajribalar hamda ularning ahamiyati tahlil etilgan, tegishli ilmiy xulosalar berilgan.
Kalit so‘zlar:matnshunoslik, manbashunoslik, Navoiy, Xamsa, qo‘lyozma, nusxa, ilmiy-tanqidiy matn, nashr, doston, asar, jild, nasriy bayon, izoh, lug‘at Annotation This article analyzes the history of the publication of the epics "Khamsa" and related processes, in general, the first achievements of Uzbek textual studies, the experience gained and their significance, and gives relevant scientific conclusions.
Key words: textology, source studies, Navoi, Hamsa, manuscript, copy, scientific-critical text, publication, epic, work, volume, prose statement, explanatory, dictionary. XX asr Alisher Navoiyning o‘lmas merosini keng qamrovda o‘rganish, ularning ko‘p nusxali nashrlarini amalga oshirish davri bo‘ldi. Bu ishlar, ayniqsa, ulug‘ shoir tavalludining 500 yilligini nishonlash munosabati bilan yanada jonlanib ketdi. Mazkur davr “Xamsa” tarkibidagi dostonlarning matnshunoslik mezonlari asosida jiddiy tadqiq qilingani va navoiyshunoslikning yangi bosqichga ko‘tarilgani bilan katta ahamiyatga ega.
Yetuk adabiyotshunos olim G‘ulom Karimov Navoiy “Layli va Majnun” dostonining ilmiy-tanqidiy matni ustida tadqiqot olib borayotgan jarayonlarda “Xamsa”ning ommaviy nashrlari xususida to‘xtalib, shunday mulohaza qilgan edi: “Bularning hammasi ham xarakter e’tibori bilan ommaviy nashr bo‘lib, hech birida asl Navoiy tekstlarini tiklash, bugungi ma’nodagi ilmiy-tanqidiy tekst hozirlash masalasi vazifa qilib qo‘yilmagan. Shunday bo‘lishiga qaramay, ularning tajribasi bilan tanishish, Navoiy tekstlarini qanday nashr qilib kelganlarini ko‘zdan kechirib chiqish “Layli va Majnun” dostonini akademik nashrga hozirlashda foydadan holi bo‘lmaydi” [Каримов, 1944: 7].
Bizningcha ham matnshunos olimlarning erishgan ilmiy natijalaridan, to‘plagan tajribalaridan boxabar bo‘lish har jihatdan foydalidir. Jumladan, bu tadqiqotdan quyidagicha amaliy natijalar olinadi: