Urushdan keyin, ayniqsa, Navoiy hayoti, faoliyati va ijodini o‘rganish borasidagi tadqiqotlar ko‘lami ancha kengaydi. Notinchlik sabab to‘xtab qolgan ulug‘ mutafakkir yubileyiga qayta tayyorgarlik boshlanadi. Shu munosabat bilan shoirning ilgari bosilgan asarlarini qayta nashr etish va hali maydonda ko‘rinmagan, qo‘lyozma holida turgan boshqa asarlarini ham ommaga taqdim etish maqsadida katta adabiyotshunos olimlar guruhi ishga jalb etildi. Buning natijasida Alisher Navoiyning IV jildli tanlangan asarlari yuzaga keldi.
Rejaga ko‘ra, II jildga kirgan birinchi kitob – “Hayratu-l-abror”dan tashqari barcha dostonlar nashrga tayyorlanib, turli yillarda bosib chiqarildi. Ushbu asarning chop etilmagani bilan bog‘liq masalaga keyinroq alohida to‘xtalamiz.
Mazkur nashrlarning oldingilaridan birinchi farqi ularning nasriy bayonsiz chop qilinganidir. Biroq an’anaga ko‘ra, ushbu kitoblarning oxirida ham maxsus lug‘at va ko‘rsatkichlar berilgan.
“Farhod va Shirin”.Doston beshinchi bobdan boshlangan. Bu ishda mas’ul muharrir bo‘lgan Hodi Zarifning xizmatlari katta. Til va adabiyot instituti tomonidan kitobga berilgan izohda doston matni qadimiy ikkita nusxa asosida tayyorlangani aytiladi [Навоий 1948: 3]. Qiyoslash jarayonida boshqa manbalarga ham tayanilgan. Biroq bu nusxalar haqida hech qanday ma’lumot berilmagani biroz shubha uyg‘otadi. Bizningcha, ma’lum bir asar nashriga asos bo‘lgan qo‘lyozma nusxalar haqida qisqacha bo‘lsa-da, izoh berilishi shart. Chunki shu asar ustida tadqiqot olib boruvchilar uchun kichik ma’lumotlar ham muhim sanaladi.
“Layli va Majnun”.II jildning 3-kitobi hisoblangan ushbu nashri ham hajm jihatdan avvalgisi bilan bir xil bo‘lib, nasriy ifoda berilmagan. Dostonning mazkur ikkinchi nashrining boshqalaridan eng afzal jihati va yutug‘i uning ilmiy-tanqidiy matnga asoslanganidir.
1944-yilda G‘ulom Karimov tomonidan nashrga tayyorlangan “Layli va Majnun” dostonida ham olim o‘zi tuzgan ilmiy-tanqidiy matn va yana bir qancha qadimiy qo‘lyozma manbalarga tayanilgani uning ahamiyatini oshirgan [Навоий 1949, 22].
“Sab’ai sayyor”. Dostonning ikkinchi nashri ham Porso Shamsiyev tomonidan qadimiy qo‘lyozmalar asosida tayyorlangan [Shamsiyev 1969, 4]. Nashrning o‘zida bu qo‘lyozma nusxalar haqda biror jumla uchramaydi. Shunday bo‘lsa-da, olimning keyingi ishlarida qayd etilgan ma’lumotlar mazkur nashrda ham Abduljamil va Sulton Ali Mashhadiy nusxalariga tayanib ish olib borilganini ko‘rsatadi.
“Saddi Iskandariy”. Porso Shamsiyev tomonidan amalga oshirilgan ushbu dostonning nashri ham tajribadan o‘tkazilgan prinsiplarga qayta murojaat qilish yo‘li bilan tayyorlangan. Ishga qabul qilingan qo‘lyozma nusxalar haqida nashrning o‘zida ma’lumot berib o‘tilgan [Навоий 1949, 5]. Nashr so‘zboshida ikki qo‘lyozma – Abduljamil va Sulton Ali Mashhadiy nusxalariga qisqacha tavsif beriladi hamda o‘zaro farqli jihatlari ko‘rsatib o‘tiladi. Bundan tashqari, uning yana bir afzalligi qo‘lyozma manbalardagi matn to‘g‘ridan to‘g‘ri, mexanik ravishda ko‘chirilmay, tafovutli o‘rinlar imkon qadar o‘rganilgan va to‘g‘ri variantlar tanlab olingan. Lug‘at, tarixiy va afsonaviy nomlar izohi ilova qilingan.
Yuqorida ko‘rib o‘tilganlardan xulosa qilib aytish mumkinki, bu davrga kelib amalga oshirilgan tadqiqotlar navoiyshunoslik sohasining ancha olg‘a siljiganini, uning muayyan darajada yuqori bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Hatto, ilmiy-tanqidiy matn tuzish tajribalari ham qo‘llanila boshlangani eng katta yutuqlardan edi.
Ta’kidlash joizki, urushgacha bo‘lgan nashrlarning barchasi amaliy faoliyat zamirida yuzaga keldi. Davr taqozosiga ko‘ra faoliyat olib borgan olimlar fikran faraz qilib ko‘rishga nisbatan amaliy eksperimentni2 ma’qul ko‘rdilar va nashrlar ko‘lamini kengaytirish ustida tinimsiz mehnat qildilar. Umuman olganda, har ikki davrdagi ishlardan orttirilgan ana shunday katta-kichik amaliy tajribalar bugungi zamonaviy matnshunoslik tamoyillari, uslub va metodlarining shakllanishiga katta hissa qo‘shdi.
Shu o‘rinda ayrim mulohazalarni bildirishni maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz. Dastlabki davrda, ya’ni jahon urushidan oldin Navoiy “Xamsa”sini tashkil etgan dostonlar matnini tayyorlashda aniqlangan qo‘lyozma manbalarning ko‘lami juda kam edi. Ayniqsa, ular ichida qadimiy va ishonchlilari deyarli mavjud bo‘lmagan. Shu bois e’lon qilingan aksariyat ishlar duch kelgan, tasodifiy qo‘lyozma nusxalarga murojaat qilinishi orqali amalga oshirilgan. Bundan tashqari, ayrim nashrlar mavjud siyosiy tuzum mafkurasidan kelib chiqib muayyan qisqartirishlarga uchradi yoki umuman chop etilmadi. Jumladan, yuqorida tilga olingan “Hayratu-l-abror” dostonining chop qilinmagani bevosita uning g‘oyasi, botiniy va zohiriy xossalari bilan bog‘liq ekanini ta’kidlash joiz. Doston, tom ma’noda, ilohiyot mavzusida bitilgan bo‘lib, unda Yaratuvchi ilmi va qudrati hamda komil inson e’tiqodi haqida so‘z boradi [Сирожиддинов 2021: 7]. Asarning ayni shu sifatlari zamon siyosati, mafkurasiga mutlaqo zid edi. Shu bois u nashr etiladigan asarlar rejasidan tushirib qoldirilgan. Holbuki, mazkur doston professor Nurboy Jabborov ta’biri bilan aytganda, “Xamsa”ning kaliti [ЎЗАС 2010: 4] bo‘lib, u keyingi to‘rt doston mohiyatini anglashda o‘ta muhim sanaladi. Qisqa qilib aytganda, davrning mafkuraviy cheklovlari navoiyshunoslik fani rivojlanishiga jiddiy to‘siq bo‘lgan edi. Achinarli holatlardan yana biri Navoiy asarlarini talqin qilishda rus adabiyotshunosligining qoliplaridan foydalanilganidir.
Shu o‘rinda mazkur davr bilan bog‘liq muhim bir jihatni qayd etish zarurati tug‘iladi. Matnshunos Shuhrat Sirojiddinov ushbu yillar haqida: “Adabiyotshunosligimiz tarixida “tashnalik” bosqichi bo‘lgan. Xalqni tezroq va ko‘proq adabiyot bilan ta’minlash, ularning ma’rifatini oshirish davr talabiga aylangan vaqtlar bo‘lgan”, deydi [ЎЗАС, 2010: 4]. Umuman olganda, xalqni ma’naviy yuksaltirishga katta ehtiyoj sezilgan. Ko‘rib o‘tilgan nashrlarni, avvalo, mana shu ehtiyoj talabidan amalga oshirilgan ishlar sifatida baholash kerak.
To‘g‘ri, istiqlolgacha bo‘lgan navoiyshunoslikning cheklangan tomonlari ko‘p edi. Jumladan, mutafakkirning ijod konsepsiyasi aks etgan hamd, na’t, munojot qismlar qisqartirilgan, diniy-irfoniy, tasavvufiy mavzular doim chetlab o‘tilgan. Holbuki, Navoiy ijodining eng muhim qirralari, buyuk shoirning g‘oyaviy pozitsiyasini ularsiz to‘g‘ri anglash mushkul. Professor Nurboy Jabborov matn tarixi va Navoiy lirik devonlari xususida fikr yuritib, ayni masalaga ham diqqat qaratadi: “...hazrat Alisher Navoiy lirik devonlaridagi hamd va na’t mazmunidagi she’rlarda muallif dunyoqarashining, ijod konsepsiyasining asoslari ifodalangan” [Жабборов 2020: 21]. Matnshunos olim Otabek Jo‘raboyev ham bu borada shunday fikr yuritadi: “Alisher Navoiyning dostonlari tarkibiga mansub hazrati Muhammad Mustafo (s.a.v.)ga bag‘ishlangan qismlar – na’tlar bevosita doston mazmun mohiyatini asoslashga xizmat qiladigan uzviy bo‘lakdir” [Жўрабоев, 2017: 40].
Hech shubhasiz, yuqoridagi fikrlar to‘liq asosga ega. Ustoz matnshunoslar mulohazalariga qo‘shilgan holda masalaning boshqa tomoniga ham e’tibor qaratmoqchimiz. Adabiyotshunos olim A.Hayitmetov ta’biri bilan aytganda: “Yaqin o‘tmishdagi tadqiqotlarda hukmron mafkura belgilab bergan metodologiya ta’siri aniq sezilib turadi. Biroq o‘sha davr navoiyshunosligida qo‘lga kiritilgan yutuqlardan ko‘z yummasligimiz darkor [Ҳайитметов, 1996: 6]. Sir emaski, ulug‘ allomaning dunyoqarashi asosini faqat diniy, tasavvufiy g‘oyalar emas, balki dunyoviy bag‘rikenglik ham tashkil etadi. Shoirning ijodida yuksak ma’naviyatli barkamol shaxsni tarbiyalashga qaratilgan g‘oyalar ham katta o‘rin egallaydi. Umuman, mazkur asar falsafiy-axloqiy qarashlarning talqiniga bag‘ishlangani bilan ham ahamiyatli. Bizningcha, ushbu davr olimlarining maqsadi ham hech bo‘lmaganda, xalqni daho ijodkor siymosi bilan tanitish barobarida, uning ana shunday muhim g‘oyalari, ilg‘or konsepsiyalarini targ‘ib qilish bo‘lgan.
Yuqoridagi kuzatishlar asosida quyidagicha xulosalarga kelish mumkin:
Birinchidan, dastlabki va undan keyingi nashrlar Navoiy “Xamsa”si, uning mazmun-mohiyati haqida umumiy tasavvur berishi bilan ahamiyatli. Ular shoir she’riyatining formal xususiyatlari, nazariy asoslari ustidagi tadqiqotlarda muhim manba vazifasini bajargan va navoiyshunoslik ilmining rivojlanishiga zamin yaratgan;
Ikkinchidan, mazkur davrda amalga oshirilgan “Xamsa” nashrlari ba’zi nuqsonlar bilan chiqishiga qaramay, olingan ilmiy natijalar va orttirilgan tajribalar boshqa mumtoz asarlar nashrlari takomiliga xizmat qildi;
Uchinchidan, sobiq ittifoq davrida turli qisqartirishlar va cheklovlar bilan nashr etilgan bu asarlarga odatda tanqidiy qaralsa-da, biroq bugungi davr navoiyshunosligi va matnshunosligi taraqqiyoti ular bilan bevosita bog‘liqdir.