konditsiya talablariga javob bermaydigan neft mahsuloti — normativ hujjatlar talablarini qanoatlantirmaydigan neft mahsuloti;
neft mahsulotini yetkazib beruvchi — iste’molchiga neft mahsuloti yetkazib berishni amalga oshiradigan neft mahsuloti mulkdori yoki uning tomonidan vakolat berilgan shaxs;
neft mahsuloti iste’molchisi — maqsadli ravishda foydalanish uchun yetkazib beruvchidan neft mahsulotini sotib oladigan yuridik shaxs;
sifat ko‘rsatkichi — neft mahsulotini yaratish va foydalanish yoki iste’mol qilishning muayyan shartlariga muvofiq ravishda ko‘rib chiqiladigan neft mahsulotining sifatini tashkil qiladigan uning bir yoki bir nechta xususiyatlarining miqdoriy tavsifi.
3. Neft mahsulotlarini sotish faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang. (4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-iyundagi 444-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.06.2018-y., 09/18/444/1353-son) 5. Neft mahsulotlaridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari va hajmlari Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 28-iyundagi 124-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy balanslarni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan moddiy balanslarda belgilanadi.
6. Davlat ehtiyojlari, uzoq muddat saqlash korxonalari, ishlab chiqaruvchilarning ichki tarmoqlari ehtiyojlari, iste’molchilar uchun neft mahsulotlarini sotish birjalar va kim oshdi savdolarida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar, komissiya shartnomalari bo‘yicha, shuningdek eksportga sotish Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy-texnika resurslarining strategik turlarini sotishning maxsus tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang. 7. Neft mahsulotlarini sotish va ulardan foydalanish bo‘yicha qonun hujjatlariga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyundagi 520-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2019-y., 09/19/520/3332-son) 8. Neft mahsulotlarini yetkazib berish yoki oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha yetkazib beruvchilar beradilar, oluvchilar esa qabul qiladilar, shartnomada ko‘rsatilgan ikkala tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligidan tashqari quyidagilar kelishib olinishi kerak: berish va qabul qilish shoxobchalari, ikkala tomon vakillarining ishtirok etishining zaruriyati, namuna olish joyi va metodi, o‘lchash metodining nisbiy xatolik chegaralari ko‘rsatilgan holda neft mahsulotlari miqdorini o‘lchash metodlari, Inkoterms (franko-zavod, franko-tashuvchi va boshqalar) qoidalarini qo‘llash.
9. Neft mahsulotlarini berish va qabul qilish texnologiyasi neft mahsuloti yetkazib beriladigan va yuklab jo‘natiladigan transport vositalarining turiga, to‘kish-quyish operatsiyalarining jadalligiga, iqlim sharoitlariga va neft mahsulotlarining fizikaviy-kimyoviy xossalariga bog‘liq bo‘ladi.
10. Neft mahsulotlarini berish va qabul qilish quyidagi statsionar to‘kish-quyish qurilmalari:
temir yo‘l vagonlari-tsisternalariga va konteyner-tsisternalariga — maxsus estakadalarda, alohida ustunlar yoki to‘kish qurilmalari orqali;
avtomobil tsisternalariga va konteyner-tsisternalariga — quyish stansiyalarida, avtoestakadalarda alohida ustunlar orqali;
bochkalar, bidonlar va boshqa idishlarga — quyish va qadoqlash bo‘limlari orqali amalga oshirilishi kerak.
Statsionar to‘kish-quyish qurilmalari mavjud bo‘lmaganda neft mahsulotlarini qabul qilish va berish bo‘yicha operatsiyalarning maxsus ko‘chma haydash vositalari tomonidan bajarilishiga yo‘l qo‘yiladi.
11. Neft mahsulotlarini berish va qabul qilishda ularning miqdori yetkazib berish yoki oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan o‘lchash metodlari bilan hamda sifat tavsifini muayyan neft mahsulotiga belgilangan normativ hujjat bilan aniqlanadi.
12. Neft mahsulotlarini berish “GOST 1510-84 (keyinchalik — GOST 1510) Neft va neft mahsulotlari. Markirovkalash, o‘rash, transport vositasida tashish va saqlash”ga, transportning har bir turida amalda bo‘lgan yo‘riqnomalar, qoidalarga muvofiq tayyorlangan hamda qiyoslash sertifikatiga ega bo‘lgan temir yo‘llar, avtomobil tsisternalari va ixtisoslashtirilgan konteyner-tsisternalarda, shuningdek kichik iste’mol idishlarida amalga oshiriladi.
13. Neft, mazut, moylar, bitum va fizikaviy-kimyoviy xossalari ularga o‘xshash neft mahsulotlarini “Benzin” trafaret yozuviga ega bo‘lgan tsisternalarga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
14. Neft mahsulotlarini ilova hujjatlarisiz tsisternalarga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
15. Aviatsiya texnikasida foydalaniladigan neft mahsulotlari alohida tanlangan tsisternalarga beriladi. Ushbu tsisternalarga boshqa neft mahsulotlarini berishga ruxsat berilmaydi.
16. Neft mahsuloti neft mahsulotining markasi va massasi ko‘rsatilgan holda belgilangan shakllardagi temir yo‘l yoki tovar-transport nakladnoyi, shuningdek sifat pasporti va muvofiqlik sertifikati bilan birga beriladi.
17. Neft mahsulotlarini qabul qilish jarayonida yuklash miqdori va sifatining jo‘natish hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlanganda idoraviy texnikaviy normalar va qoidalar bilan belgilangan tegishli hujjatlar rasmiylashtiriladi.
18. Neft mahsulotlari omborlari, temir yo‘l va avtomobil to‘kish-quyish estakadalari, quyiladigan, qadoqlanadigan, tarqatiladigan va boshqa binolar, inshootlar hamda asbob-uskunalar amaldagi qurilish normalari, qoidalari va standartlari talablariga javob berishi kerak.
19. Neft mahsulotlarini berish va qabul qilishda Davlat reyestriga kiritilgan va qiyoslash sertifikatlariga ega bo‘lgan, belgilangan tartibda qo‘llashga ruxsat berilgan asbob-uskunalar va o‘lchov vositalaridan foydalanilishi kerak.
20. Qiyoslashdan va davlat metrologiya attestatsiyasidan o‘tmagan o‘lchov vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
2 21. Neftni qayta ishlash zavodlarida va neft bazalarida temir yo‘l vagonlari-tsisternalari (konteyner-tsisternalar)da tashiladigan neft mahsulotlarini berish va qabul qilish operatsiyalari, qoidaga ko‘ra, maxsus bir va ikki tomonlama estakadalar, quyish yoki to‘kish qurilmalari, tozalash va havo-vakuumli kollektorlar, mazut va moylar uchun oraliq rezervuarlar, neft mahsulotini hisobga olish bog‘lanmalari, qizdirish priborlarini ko‘tarish va tushirish hamda tsisternalarni maydonlar bo‘ylab ko‘chirish vositalari bilan jihozlangan kirish yo‘li mavjud bo‘lgan temir yo‘llarda amalga oshirilishi kerak.
Iste’molchilarning omborlari va bazalarida temir yo‘l vagonlari-tsisternalari (konteyner-tsisternalar)da tashiladigan neft mahsulotlarini berish va qabul qilish operatsiyalari, qoidaga ko‘ra, xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda ushbu operatsiyalar uchun mo‘ljallangan kirish yo‘li mavjud bo‘lgan temir yo‘llarda amalga oshirilishi mumkin.
22. Boshi berk temir yo‘llarning to‘kish-quyish estakadalari yong‘in holatida vagon-tsisternalarni uzib qo‘yish va yong‘in hududidan uzoqlashtirish imkonini beradigan qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
23. Neft mahsulotlarini quyish uchun qo‘yiladigan vagon-tsisternalar va konteyner-tsisternalar soz holatda bo‘lishi, ilgari tashilgan neft mahsulotlaridan tozalangan bo‘lishi, GOST 1510 va idoraviy texnik normalar va qoidalar talablariga javob berishi kerak.
Konteyner-tsisternalar texnik pasportga yoki davriy ravishda tekshiruvdan o‘tkazilganligini tasdiqlaydigan sertifikatga ega bo‘lishi kerak
Vagon-tsisternalarning neft mahsulotlari quyish uchun yaroqliligi yuk jo‘natuvchi tomonidan aniqlanadi.
24. Quyish oldidan barcha tsisternalar xavfli yuklarni tashishning texnik normalari va qoidalarida belgilangan tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan holda texnik ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
Neft mahsulotlarini quyish uchun texnik ko‘rikdan o‘tmagan va bunday neft mahsulotlarini tashish uchun ularning yaroqliligi e’tirof etilmagan tsisternalardan foydalanish taqiqlanadi.
25. Neft mahsulotlarini quyish avtomatlashtirilgan sharnirli biriktirilgan yopiq shlangsiz tizim bo‘yicha yoki tsisternalarga toshirib quyilishining bartaraf etilishini ta’minlaydigan quyishning avtomatik cheklagichlari bilan jihozlangan teleskopik qurilmalar, shuningdek bug‘larni regeneratsiya qurilmasi yoki gaz yig‘ish tizimiga chiqarib yuborish bilan quyishni germetizatsiya qilish (zichlash) qurilmalari bilan amalga oshirilishi kerak. Quyish qurilmasining pastki bo‘g‘ini zarba bo‘lganda uchqun yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaydigan metalldan tayyorlangan bo‘lishi lozim.
Zarba bo‘lganda uchqun yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaydigan metalldan tayyorlangan erga ulangan simga ega bo‘lgan uchlik shlang rukavalarni qo‘llashga ruxsat beriladi. Rukavalarning uchlik bilan uzunligi tsisternaning tubigacha uning tushishini ta’minlashi lozim.
26. Neft mahsulotini quyish jarayonida temir yo‘l tsisternasida (konteyner-tsisternada) uning oqishi aniqlanganda oqishni to‘liq bartaraf etgunga qadar quyish zudlik bilan to‘xtatib turilishi kerak. Oqishini bartaraf etishning imkoni bo‘lmaganda tsisternani quyilgan neft mahsulotidan bo‘shatish hamda jo‘nash stansiyasiga qaytarib yuborish lozim.
27. Sisternalarni to‘kish-quyish estakadalari hududida ta’mirlash taqiqlanadi.
28. Temir yo‘l tsisternalariga (konteyner-tsisternalarga) neft mahsulotlarini quyish suyuq qatlam ostida to‘ldirish darajasi belgilangunga qadar sachratmasdan va to‘kmasdan, borayotgan yo‘lda harorati oshishidan kengayishi imkonini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak.
29. Yuqori qovushqoqli neft mahsulotlarining muzlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun quyish kommunikatsiyalarida neft mahsulotining unda aylanib turishi (sirkulatsiyasi)ni amalga oshirish lozim. Aylanib turishni ta’minlash uchun nasoslarni oshirish berish quyish uchun talab qilinadigan balandlikdan 30 foiz yuqori bo‘lishi kerak.
30. Quyish tugallangandan keyin quyish qurilmalari (rukavalar) faqat undan neft mahsuloti to‘liq oqib bo‘lgandan keyin tsisternalar tuynuklari og‘zidan chiqarib olinishi kerak.
31. Neft mahsuloti qoldiqlaridan quyish qurilmalari va kollektorlarni bo‘shatish drenaj quvurlar va so‘rish nasoslari yordamida amalga oshirilishi kerak.
32. Sisternadagi (konteyner-tsisternadagi) quyilgan neft mahsuloti sathi o‘lchangandan keyin uning tuynugining qopqog‘i germetik zich (prokladkalarda) yopilishi kerak. Qopqoq ehtiyotlik bilan zarbalarsiz yopilishi lozim.
33. Sisternalardan neft mahsulotini to‘kishdan oldin temir yo‘l va maxsus tashkilotlar (shartnomaga asosan) vakillari bilan yuk jo‘natuvchining plombalari butunligini va ilova qilingan hujjatlari mavjudligini tekshirish, amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq namunalar olish, yetkazib berish yoki oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan metod bilan neft mahsulotining massasini aniqlash kerak.
34. Neft mahsulotlarini to‘kish, qoidaga ko‘ra, yopiq (germetik) usulda tsisternalarning pastki to‘kish priborlari va pastki to‘kish qurilmalari orqali amalga oshirilishi kerak, ular nosoz bo‘lganda yoki to‘kish mavjud bo‘lmaganda tez alanga oluvchi neft mahsulotlarini vakuum-nasoslar va neft mahsulotining to‘liq to‘kilishini ta’minlaydigan boshqa vositalarni qo‘llagan holda tsisternalar og‘zi orqali amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi.
Chaqnash harorati 1200 S dan yuqori bo‘lgan neft mahsulotlarini va mazutlarni to‘kish uchun rels oralig‘i ochiq to‘kish qurilmalari yoki qopqoqlari yechiladigan yon kollektorlardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
35. To‘kish jarayonida neft mahsulotining bug‘lanib ketishdagi yo‘qotishlarni qisqartirish, elektrlanishini va ko‘pik hosil bo‘lishini kamaytirish maqsadida to‘kish qurilmasi pastki bo‘g‘inining uzunligi uning tsisternaga tushirilishi tsisterna qozonining pastki hosilasidan 200 mm.dan ortiq bo‘lmagan masofada bo‘lishi ta’minlanishi kerak.
36. Temir yo‘llar tsisternalaridan neft mahsulotlarini to‘kish qabul qilish rezervuarlarga majburiy usulda (nasoslar yordamida) yoki o‘z oqimi bilan amalga oshirilishi kerak. To‘yingan bug‘lar bosimi yuqori bo‘lgan benzinlarni to‘kish uchun yuqoridan to‘kish uchun o‘zi so‘rmaydigan markazdan qochuvchi nasoslar qo‘llanilganda yoki rezervuardagi neft mahsuloti sathi va nasos o‘qi o‘rtasidagi belgining kichik farqi bo‘lganda ishonchli so‘rilishi va neft mahsulotining temir yo‘llar tsisternalaridan to‘liq to‘kilishini ta’minlaydigan qurilmalardan (vakuumli nasoslar, cho‘kuvchi ejektorlardan) foydalanish kerak.
37. Chuqurlashtirilgan oraliq rezervuarlarida o‘z oqimi bilan to‘kilishida ulardan neft mahsulotini yer usti rezervuarlariga bir vaqtda tortib chiqarib olinishini ta’minlash zarur.
Oraliq rezervuarlari tsisternalardan bir vaqtda to‘kiladigan sig‘im summasining 75 foiziga teng bo‘lgan sig‘imga ega bo‘lishi kerak. Ushbu rezervuarlardan neft mahsulotini nasos bilan tortib chiqarish unumdorligi ularni to‘ldirish unumdorligining kamida 50 foizini tashkil qilishi kerak. Bunda sig‘im toshib ketishdan himoyaga ega bo‘lishi kerak.
38. Sisternalar va to‘kish-quyish qurilmalaridagi qotib qolgan neft mahsulotlarini qizitish zaruriyati bo‘lganda bug‘, issiq suv yoki elektr isitgichlar qo‘llaniladi. Ochiq alangadan foydalanish taqiqlanadi.
39. Temir yo‘llar tsisternalarini to‘kish va ularga quyish uchun keltirish faqat avvalgi tsisternalarga quyish va ulardan to‘kishda temir yo‘llar to‘kilgan neft mahsulotlaridan puxta tozalab tashlangandan keyin ruxsat beriladi. To‘kish-quyish operatsiyalarini bajarish vaqtida to‘kilgan neft mahsulotlari yig‘ib olinadi, tozalab olingan joyga qum sepiladi.
40. Quyish va to‘kish jarayonida ushbu Qoidalarda nazarda tutilmagan qismlarda amaldagi idoraviy yo‘riqnomalarga, texnik normalar va qoidalarga amal qilinadi.
41. Avtomobil tsisternalariga neft mahsulotlarini berish (quyish) avtomatlashtirilgan quyish tizimi, avtomatik tarzda quyish estakadalari va yakka ustunlar orqali, shuningdek maxsus ko‘chma haydash vositalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
42. Avtomobil tsisternalari, tirkamalar va yarim tirkamalar, konteyner-tsisternalarga neft mahsulotlarini quyish uchun maxsus, shu jumladan avtomatlashtirilgan, hisobga olish-dozalash qurilmalari, masofadan boshqarish pulti bilan, quyish jarayonida to‘lib ketishini bartaraf etish va germetiklash (zichlab yopish) qurilmalari bilan jihozlangan, shuningdek quyilayotgan neft mahsulotlarining massa (hajm) birliklaridagi miqdorini avtomatlashtirilgan tarzda o‘lchash tizimlari bilan jihozlangan yuqori va pastki quyish qurilmalarini qo‘llash kerak.
43. Gidravlik zarbalarni kamaytirish, statistik elektr paydo bo‘lishining oldini olish va neft mahsulotlarini quyish sathining juda aniq balandligiga erishish uchun quyish qurilmasi quyishning boshlang‘ich va yakunlovchi bosqichlarida kamaytirilgan unumdorlik bilan neft mahsuloti berilishini ta’minlaydigan asbob-uskuna bilan jihozlanadi.
44. Neft mahsulotlarini quyish quyish rukavalari va quvurlarini tsisternalarning tubigacha to‘liq tushirgan holda suyuq qatlam bilan, sachratmasdan amalga oshirilishi zarur. Rukavaning uchlarida zarba bo‘lganda uchqun hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan metalldan tayyorlangan uchliklar bilan bo‘lishi hamda erga ulangan simi bo‘lishi kerak.
45. Neft mahsulotining avtomobil tsisternasiga (konteyner-tsisternasiga) beriladigan miqdori suyuqlik hisoblagichlar yordamida avtomobil tarozilarida tortish yoki tsisternalarning nominal sig‘imi bo‘yicha aniqlanadi (planka bo‘yicha). Avtomobil tarozilarining yuk ko‘tarish quvvati avtomobil tsisternalarining barcha turlari tortilishini ta’minlashi lozim.
46. Foydalaniladigan hisoblagichlar va filtrlar ularni neft mahsulotlarining bosimi, qovushqoqligi, unumdorligi va boshqa ma’lumotlar bo‘yicha qo‘llash shartlariga mos kelishi kerak.
47. Neft mahsulotlarini quyish uchun qo‘yilayotgan avtomobil tsisternalari (konteyner-tsisternalari) GOST 1510 talablariga asosan tayyorlangan bo‘lishi lozim.
48. Avtomobil tsisternalari va konteyner-tsisternalar neft mahsulotlari quyilgandan keyin tashishlarning amaldagi qoidalariga muvofiq plombalanishi kerak, neft mahsulotlari oluvchining avtotransporti bilan tashib ketish (o‘zi olib ketish) holatlari bundan mustasno.
49. Tarqatish rezervuarlaridan quyish qurilmalarigacha bog‘lovchi quvurlar avtotransportga yuklab jo‘natiladigan neft mahsulotining har bir markasi (turi) uchun alohida bo‘lishi va amaldagi gradirovka (darajalash) jadvali bo‘lishi kerak. Ular orqali turli markalar (turlar)dagi neft mahsulotlarini ketma-ket oqizishga ruxsat berilmaydi.
50. Yong‘inga qarshi inventarlari buzilgan va ular bilan butlanmagan avtomobil tsisternalariga hamda konteyner-tsisternalariga neft mahsulotlarini quyishga yo‘l qo‘yilmaydi.
51. Atrof muhitning ifloslanishini bartaraf etish maqsadida quyish qurilmalari, quyish operatsiyalari tugagandan keyin, quyish qurilmalaridan neft mahsulotlari qoldig‘i oqishining oldini olish uchun tomchini tutadigan drenaj tizimiga ega bo‘lishi kerak.
52. Avtomobil tsisternalariga neft mahsulotlarini quyish dvigatel ishlamay turganda amalga oshirilishi lozim.
53. Avtomobil tsisternalaridan neft mahsulotlarini qabul qilib oluvchining rezervuariga qabul qilish (quyish) haydash nasosi va to‘kish muftasi orqali yoki (konteyner-tsisternalardan) o‘z oqimi bilan amalga oshiriladi.
54. To‘kish rukavalari uchqun hosil qilmaydigan materiallardan tayyorlangan uchliklardan iborat bo‘lgan, qatlamlarga ajralmagan va yoriqlar bo‘lmagan, moy va benzinga chidamli materiallardan ishlangan bo‘lishi, quvurlar va statik elektr energiyasini qaytarish tarmog‘ining qabul qiluvchi qurilmalar bilan germetik birikishini ta’minlashi kerak.
55. Neft mahsulotini to‘kishda texnologik asbob-uskunalar, quvurlar, rezervuarlar, berkitish armaturasi soz holatda bo‘lishi kerak.
56. Neft mahsulotlarini quyish va to‘kishda ushbu Qoidalarda nazarda tutilmagan qismlarida amaldagi idoraviy yo‘riqnomalar, texnik normalar va qoidalarga amal qilinadi.
57. GOST 1510 ga asosan idishga (bochkalar, bidonlar va boshqalarga) neft mahsulotlarini quyib berish quyib beradigan, qadoqlanadigan yoki tarqatiladigan bo‘limlar orqali, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
58. Tarqatish qurilmasiga neft mahsulotlarini quyib berish o‘z oqimi bilan yoki berish to‘xtatilganda quvurda bosim oshib ketganda ishlab ketadigan saqlovchi klapanlar bilan jihozlangan nasoslar yordamida amalga oshirilishi mumkin.
59. Neft mahsulotlarini kichik idishlarga quyishda quyidagi talablarni bajarish zarur:
metall, yog‘ochdan yasalgan, polimer idish amaldagi normativ hujjatlar talablariga javob berishi hamda neft mahsulotlarining sifati va miqdori saqlanishini ta’minlashi kerak;
quyish oldidan idish toza va quruq bo‘lishi kerak, zarur hollarda u yaxshilab bug‘lanadi, yuviladi, quritiladi;
neft mahsulotlarini bir marta tashish uchun ishlatiladigan yog‘och bochkalar va yashiklar, metall fanerli va fanerli bidonlar va barabanlar yangi va toza bo‘lishi kerak;
neft mahsulotini bevosita idishga quyishdan oldin idishning ichi portlashdan himoyalovchi yoritgich yordamida ko‘zdan kechiriladi hamda chet buyumlar, kir va loylar aniqlanganda — brak qilinadi;
neft mahsuloti quyilgandan keyin idish qopqoq bilan zich yopiladi.
60. Tez alanga oluvchi neft mahsulotlari faqat qopqog‘i maxsus kalitlar bilan burab qotiriladigan va burab bo‘shatiladigan metall idishga quyiladi. Idish va kalitlar uchqun hosil qilmaydigan metalldan tayyorlangan bo‘lishi kerak.
61. Neft mahsulotlari turiga qarab, GOST 1510ga asosan metall, temir-beton (vertikal, gorizontal) rezervuarlarda, shuningdek tashish (bochkalar, kanistrlar, barabanlarda) va iste’mol idishlarida (bidonlar, bankalar, shisha idishlarda) qadoqlangan holda saqlanadi.
62. Neft mahsulotlarini saqlash rezervuarlari GOST 31385-2008 “Neft va neft mahsulotlari uchun silindrsimon po‘lat vertikal rezervuarlar”, GOST 17032-2010 “Neft mahsulotlari uchun gorizontal po‘lat rezervuarlar”, idoraviy texnik normalar va qoidalar talablariga mos bo‘lishi, amaldagi gradirovka jadvaliga ega bo‘lishi hamda belgilangan tartibda qiyoslashdan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.
63. Neft mahsulotlarini saqlashda rezervuarlarning ichki yuza qismini zanglardan tozalash, himoya qilishning GOST 1510 va rezervuarlardan foydalanish bo‘yicha amaldagi yo‘riqnomalarda belgilangan talablariga rioya qilinadi.
64. Idishga solingan tez alanga oluvchi neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallari amaldagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq bostirma tagida va maydonchalarda, maxsus jihozlangan binolarda saqlanishi kerak.
65. Neft mahsulotlari neft mahsuloti quvurlari, pastki quyish va to‘kish qurilmalari bilan jihozlangan temir yo‘llar hamda avtomobillar tsisternalari va konteyner-tsisternalarda, shuningdek solib joylangan tashish idishida tashiladi.
66. Neft mahsulotlarini tashish quyidagi tegishli transportda GOST 1510 va yuklarni tashish qoidalari talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak:
temir yo‘l vagon-tsisternalari va konteyner-tsisternalarda — xavfli yuklarni tashishning texnik normalari va qoidalariga muvofiq;
avtomobil transportida — Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-fevraldagi 35-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalariga muvofiq.
67. Neft mahsulotlarini tashishda GOST 1510 va amaldagi transportning muayyan turi bilan yuklar tashish qoidalari talablariga rioya qilinadi.
68. Neft mahsulotlarini aralashtirish: bitta quvur orqali turli xil va turli markali neft mahsulotini haydashga, tegishli ravishda tozalamasdan turli markali neft mahsulotini idishga quyishga yo‘l qo‘yilmaydi.
69. Sifatini tiklash uchun turli markali neft mahsulotlarini aralashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
70. Neft mahsulotlarini g‘ayriqonuniy aralashtirish hollari aniqlanganda maxsus tuzilgan komissiya tomonidan neft mahsulotlarini aralashtirish sabablari, ularning miqdori va sifatini tiklash imkoniyati yoki boshqa markaga (turga) o‘tkazish sabablari ko‘rsatilgan holda tegishli dalolatnoma tuziladi.