O‘qituvchining o‘quvchilar bilan muloqot madaniyati. Pedagogik faoliyatining sub’ekti-tarbiyalanuvchilarga asosan- pedagog, ota-ona va o‘quvchilar jamoasi ta’sir ko‘rsatadilar. O‘qituvchining shaxsi, bilimi va madaniyati o‘quvchilarga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy qurol bo‘lib hisoblanadi. Agar o‘quvchi pedagog shaxsini o‘ziga qabul qilmasa (unga hissiy yaqinlik his etmasa), uning ta’siriga berilmaydi, qaysarlik qiladi, uni hurmat qilmaydi. O‘quvchi shaxsiga doimo ijobiy-axloqiy ta’sir ko‘rsata oladigan kishigina haqiqiy tarbiyachidir. Bunga erishish uchun pedagog o‘zining ahloqiy sifatlarini doimo takomillashtirib borishi zarur. Pedagog tomonidan sodir etilgan arzimas bo‘lsa-da ahloqsizlik, uning o‘quvchilar o‘rtasida misqollab yig‘ilgan obro‘siga jiddiy putur yetkazishi muqarrar.
Pedagogik jarayondagi aloqalar tizimida o‘qituvchi bilan o‘quvchi o‘rtasidagi muomala - munosabatlar katta o‘rin egallaydi. Bu jarayonda bola insoniyat asrlar davomida to‘plangan bilimlarni axloqiy tajribani egallab oladi. Muallimlik pedagogik jarayonda yetakchi kishidir. Unga yosh avlodni o‘qitish va tarbiyalash vazifasi yuklatilgan. SHuning uchun ham o‘qituvchiga, uning axloqiy sifatlari xulqiga, o‘quvchilar bilan muomalasiga nisbatan alohida, yuksak talablar qo‘yiladi. Muallim hayotga endigina kirib kelayotgan barkamol shaxs sifatida shakllanayotgan insonlar- yosh bolalar bilan muloqotda bo‘ladi.
Bolalar ta’lim - tarbiya jarayonida umuminsoniy va milliy ahloq normalarini (mezonlarini) o‘zlashtiradi. O‘quvchi muomala odobini asosan o‘qituvchi timsolida anglab oladi. Sevimli muallim bola uchun bir umr ideal, ibrat, namuna bo‘lib qolishi ham mumkin.
Respublikamiz o‘qituvchilari orasida o‘z ishining ustasi, Xalq o‘qituvchisi, xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi deb tan olingan, ota - onalar, yoshlar e’zozlab Ustoz deb ataydigan mo‘’tabar insonlar ko‘plab topiladi. Ular pedagogik ishda fidoyilik ko‘rsatib, muallimlik burchini yuksak darajada bajarib, bolalarga bilim berib, ular qalbiga halollik, go‘zallik, haqiqat, odob ahloq nurini singdira olganliklari, xushmuomal bo‘lganlari uchun ham bunday obro‘ va hurmatga erishganlar.
Afsuski, hamma muallimlar haqida ham shunday deb bo‘lmaydi. O‘zining dag‘al muomalasi bilan bolaning ko‘nglini o‘qishdan sovutib, dilini o‘rinsiz ranjitadiganlari ham uchrab turadi. Pedagogik tajribada bunga misollar ko‘plab topiladi. Bundaylar yoshlar tarbiyasiga, ularning ahloqiga salbiy ta’sir etadilar. Tarbiyaviy ishlarga tuzatish qiyin bo‘lgan darajada ziyon yetkazadilar.
Barkamol, ijodkor shaxsni shakllantirishga, tarbiyalashga doir ahloqiy normalar pedagogik etikada ifodalangan. Tarbiyalanuvchiga ijobiy ta’sir o‘tkazish shartlaridan biri bolaga bo‘lgan ishonch bilan unga nisbatan qo‘yilayotgan talablarning birligidadir. By qoida pedagogik amaliyotda ko‘p marta sinovdan o‘tgan va o‘zini oqlagan. Muallimlar, talabalar bilan o‘tkazilgan suhbat natijalari shundan dalolat beradiki, maktabda xushmuomala o‘qituvchilar bilan bir qatorda bolalarga xuda - bexuda do‘q urib, baqirib muomala qiladigan muallimlar ham uchraydi. Bunday muomala jamiyatda qabul qilingan umuminsoniy va milliy ahloqiy normalarga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday o‘qituvchilar bolalar orasida obro‘ orttira olmaydilar.
Pedagogik jarayon, tarbiya jarayoni, odamlarning tabiati shu darajada murakkabki, muallim ba’zan istasa - istamasa qo‘pollik qilishga «majbur» bo‘ladi, o‘quvchi muallimning o‘rinli talablarini bajarmayotgan paytlarida u o‘zini tutolmay qoladi. Muallim o‘z talablarini, xatto, qo‘pollik holatini ham, bolaga yaxshilik qilyapman deb hisoblaydi, chunki bu ishni bolaga bilim berish, uni to‘g‘ri yo‘lga solish, yaxshi odam qilib tarbiyalash uchun qilayotganiga ishonadi. Sa’diy SHeroziynnng «Guliston» (Toshkent, 1968) asarining «Tarbiyaning ta’siri bayoni» bobidagi hikoyatlarda; Alisher Navoiyning «Maxbub – ul - qulub» asaridagi «Mudarrislar to‘g‘risida», «Maktabdorlar to‘g‘risida»gi maqolatlarida bildirilgan mulohazalar bu fikrimizga hamohangdir.