2.1.Pedagogik muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari va funksiyalari
Muloqot – yunoncha so‘z bo‘lib, suhbatlashuv, shaxslararo suhbat va o‘zaro fikr almashuv ma’nosini bildiradi hamda ikki yoki undan ortiq kishilarning so‘zlashuvida paydo bo‘ladi. Inson muloqot jarayonida ijtimoiy tajriba, ta’lim-tarbiya, turli munosabatlar, axloqiy me’yorlar g‘oya va mafkura omillari ta’sirida yashab ijtimoiylashadi va shaxs sifatida kamolotga yetadi. Kishilar o‘rtasidagi o‘zaro muloqot pedagogik–psixologik fanlarning asosiy kategoriyalaridan biri hisoblanib, u o‘z ichiga shaxslararo munosabatning eng muhim mexanizmlarini qamrab oladi.
Psixologiya fanida muomala kategoriyasi keng ma’noda tushuniladi hamda hamkorlik faoliyatining ichki aloqasini mujassamlashtirib, o‘zaro ta’sir va o‘zaro munosabatni aks ettiradi va ijtimoiy protsessual faoliyatni ifodalaydi.
Pedagogikada muloqot o‘qituvchi va o‘quvchilar jamoasining o‘zaro ta’sir malakasi, usuli va tizimini anglatib uning mohiyati, o‘zaro axborot almashishida, ta’lim va tarbiyaviy ta’sir o‘tkazishida, o‘zaro bir-birlarini tushunishga erishishlarida namoyon bo‘ladi hamda quyidagi xususiyatlarga ega:
muloqot o‘qituvchining pedagogik faoliyatida eng muhim kasbiy qurol hisoblanadi;
muloqot jarayonida uning maqsadga muvofiq amalga oshirishni ta’minlash uchun ijtimoiy nazorat va ijtimoiy qonuniyatlar muhim ahamiyatga ega;
o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlarining eng muhim tarkibiy qismi muloqot sanalib, motivatsiyada motiv qanday ahamiyat kasb etsa, u ham xuddi shunday muhim rol o‘ynaydi;
pedagogikada muloqot – o‘qituvchining o‘quvchilarga ta’sir o‘tkazish asosida o‘zaro munosabatini faol tashkil qilishi, muayyan bir maqsadni dastur asosida amalga oshirishning rejalashtirilgan funksiyasini bajarishidir;
muloqot – hamkorlik faoliyatining ehtiyojidan vujudga kelib chiqadi va shaxslararo munosabat rivojlanishining ko‘p qirrali jarayoni hisoblanadi;
noto‘g‘ri pedagogik muloqotdan o‘quvchilarda qo‘rquv, o‘z kuchiga ishonchsizlik paydo bo‘ladi, ularning diqqat–e’tibori, ishchanlik harakati susayadi, nutq dinamikasi buziladi, mustaqil va erkin fikrlash qobiliyati pasayadi.
Pedagogik muloqot – bu o‘qituvchining o‘quvchilar bilan darsda va darsdan tashqari faoliyatda eng qulay psixologik muhitni vujudga keltirib, ijobiy ruhiy iqlimni yaratishi uchun imkoniyat beruvchi kasbiy munosabatidir.
O‘qituvchining o‘quvchilar bilan o‘zaro yaqin muloqotidan asosiy maqsad:
salbiy holatlarni vujudga keltiruvchi barcha jarayonlarga barham berish;
o‘quvchilarda mustaqil fikr yuritish ko‘nikmalarini hosil qilish;
o‘quvchilarni faollikka, erkin fikrlashga, o‘z fikr mulohazalarini cho‘chimasdan bayon qilib unga tayanishga o‘rgatish;
o‘quvchilarning yashirin qobiliyatlarini rivojlantirish;
dars va darsdan tashqari jarayonlarda quvonch va shodlik kayfiyatini paydo qilish.
A.S.Makarenkoning fikricha, o‘qituvchi muloqoti hypmat va talabchanlikka asoslangan munosabat shaklida bo‘lishi lozim.
V.D.Suxomlinskiy o‘qituvchining "…maktab hovlisida gapirgan har bir so‘zi puxta o‘ylangan, aql va mulohazalarga boy, ma’lum bir tarbiyaviy maqsadga qaratilgan bo‘lishi kerak" deb ta’kidlaydi. O‘qituvchining har bir so‘zi olimning fikricha, nafaqat o‘quvchi qulog‘iga aytiladi, balki uning qalbiga ham qaratilgan bo‘lishi shart. Umuman ilg‘or o‘qituvchilarning fikricha, ta’lim va tarbiya faqat o‘qituvchi va o‘quvchining o‘zaro hamkorlik pozitsiyasi asosidagi muloqot jarayonida quriladi.
O‘qituvchining pedagogik muloqoti ijtimoiy-psixologik jarayon bo‘lib, quyidagi funksiyalar bilan xarakterlanadi:
o‘quvchilarning psixik holatini mukammal bilish;
o‘zaro axborot almashishni yo‘lga qo‘yish;
ta’lim-tarbiyaviy faoliyatni birgalikda tashkil etish;
o‘quvchilarni erkin fikr-mulohaza yuritishga o‘rgatish;
salbiy holatlarni sinf jamoasi bilan birgalikda bartaraf etish;
do‘stlar uchun qayg‘urish va ularga yordam berishga o‘rgatish;
o‘zligini anglash, o‘quvchilar bilan muloqotda qoniqish his etish.