2.2. Respublikamizda o‘zbek tilining nufuzini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.
Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir.Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar. O‘tmishda o‘lkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar. Ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi ma’lum. Ammo, jasur va matonatli xalqimiz har qanday og‘ir sinovlarda ham o‘z ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashdi. Bu yo‘lda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tilini — milliy g‘ururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi.
Bu borada ma’naviy jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan buyuk arboblarimiz, adib va olimlarimiz, ulamolarimiz, ulug‘ san’atkorlarimizning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etamiz. Ushbu qutlug‘ ayyomni bayram qilar ekanmiz, avvalo, 1989 yil 21 oktyabr sanasini — «Davlat tili haqida"gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz o‘rinlidir. Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmagan edi.
Qonun loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan edi. Uning atrofida qanday qizg‘in bahs va tortishuvlar bo‘lib o‘tganini, o‘ylaymanki, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz juda yaxshi eslaydi. Shaxsan men ham o‘shanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi bo‘lganman.
Bu muhim hujjatning qabul qilinishida fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qat’iy shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning siyosiy irodasi katta o‘rin tutdi.
O‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda
Dostları ilə paylaş: |