To`liqsiz fe’llar
Mustaqil holda ish-harakat ma’nosini ifodalamay, turli fe’l shakllaridan so`ng (keng ma’noda ot bilan) qo`llanib, faqat grammatik modal ma’no ifodalaydigan fe’llar to`liqsiz fe’llar deyiladi. To`liqsiz fe’llarga edi (-di), ekan (-kan), emish (-mish) kabi fe’l shakllari kiradi. Yozar edi – yozardi, yozar ekan – yozarkan, yozar emish – yozarmish kabi. Bu fe’llar aslida bir e (arxaik er) fe’l negizining turli shakllari bo`lib, ular hozir ayrim-ayrim so`z sifatida tushuniladi.
To`liqsiz fe’l sifatdosh, ravishdosh va harakat nomi bilan birikib, fe’l zamonlarining analitik usul bilan yasalgan shakllarini hosil qiladi. To`liqsiz fe’llar edi, ekan, emish turlicha modal ma’nolar ifodalaydi:
1) edi to`liqsiz fe’li qatnashgan fe’l shaklida ta’kidlash, eslatish, hikoya, davomiylik, takror kabi ma’nolarni bildiradi: Bo`shagan erlarning bag`rini pluglarning o`tkir tig`lari tilka-tilka qilmoqda edi (H.N.). Shu kuni endi ko`chaga chiqib edi... (M.Ismoiliy). Ular bir partada o`tirishar, birga dars tayyorlashar, maktabni bitirgandan keyin qayerga o`qishga borish haqida maslahatlashar, xayol surishar edi (S.Zunnunova).
2) ekan to`liqsiz fe’l qatnashgan shakllarda o`tmishda yuz bergan voqea-hodisaning so`zlovchiga keyinchalik ma’lum bo`lganligi va uning davomi ekanligi anglashiladi: Aytishingizdan, oradan hech gap o`tmagan ekan (A.Qahhor).
3) emish to`liqsiz fe’li esa noaniqlik, gumon, eshitilganlik ma’nolarini bildiradi: O`zgarmagan, ammo negadir ikkovining ham bo`yi juda uzun bo`lib ketgan emish (S.Ahmad).
To`liqsiz fe’llar boshqa so`z turkumlari bilan ham birikib keladi. Bu holda ot kesim tarkibida kelib, bog`lama vazifasini bajarib, tuslovchi affikslarni oladi: Uy kichkina, lekin yorug` va toza edi (O.)
Fe’llarda modal ma’no fe’lning juft va takrorik shakli bilan ham ifodalanadi. Bunday shakl orqali harakatning davomliligi, takrorlanib turishi, tugallanganlik, harakatning voqe bo`lishiga turlicha munosabat (befarqlik) kabi modal ma’nolar anglashiladi: ayta-ayta, borib-borib, aytsa-aytar, uchadi-ketadi, kelsa-kelibdi, ishlasa-ishlasin kabi.
Dostları ilə paylaş: |