Fe’lning modal ma’no ifodalovchi shakllari
O`zbek tilida fe’l o`ziga xos turli modal ma’nolarga (qo`shimcha ma’nolarga) ega. Fe’llardagi modal ma’nolar sintetik shakl, analitik shakl, juft va takroriy shakllar vositasida ifodalanadi.
Fe’ldagi modal ma’no sintetik shakl vositasida ifodalanganda, fe’l negiziga ish-harakatning davomliligi, takroriyligi, kuchsizligi kabi qo`shimcha ma’nolarni qo`shadigan shakl yasovchi qo`shimchalarni qo`shish bilan hosil qilinadi. Fe’llarda modal ma’no yasovchi affikslar quyidagilar:
1) –la affiksi fe’l negiziga qo`shilib, takror, davomiylik ma’nosini bildiradi: savala, ishqala, tirnala, cho`qila kabi;
2) –gila (-kila, -qila, -g`ila): yugurgila, turtkila, tortqila, ezg`ila kabi. Bu affikslar ham fe’l negiziga qo`shilib, harakatning davomiyligi, takror ma’nosini bildiradi;
3) –(i)msira, -(i)nqira: yig`lamsira, kulimsira, oqarinqira kabi. Bu affikslar fe’l negiziga qo`shilib, harakatning kuchsizlanishini bildiradi;
4) –(i)sh affiksi ham harakatning kuchisizligini bildiradi: oqarishdi, to`lishdi kabi;
5) -qilla: chopqilla. Bu affiks fe’l negiziga qo`shilib, harakatning zudlik bilan bajarilish ma’nosini bildiradi.
Fe’ldagi modal ma’no analitik shakl vositasi bilan ham ifodalanadi. Bunday shakl ko`makchi fe’llar va to`liqsiz fe’llar yordamida hosil qilinadi: yozib ko`r, aytib chiq, ko`ra qol, so`zlay boshla, borar edi, kelgan emish, olgan ekan kabi.
Ko`makchi fe’llar bilan shakllangan qo`shilmalar ikki so`z shaklidan tashkil topib, birinchi qism leksik ma’no ifodalaydi. SHu tufayli yetakchi fe’l deb yuritiladi; ikkinchi qism esa unga birikib grammatik ma’no ifodalaydi va ko`makchi fe’l sanaladi. Ko`makchi fe’llar yetakchi fe’lning ma’nosiga qo`shimcha modal ma’nolar qo`shadi.
Ko`makchi fe’l tarzida kel, ket, bor, yubor, chiq, o`t, tur, qol, bo`l, ol, bil, qo`y, ber, tashla, ko`r, boshla kabilar keladi. Bu fe’llar bir tomondan, harakat ma’nosini ifodalab, mustaqil holda leksik birlik sanaladi, ya’ni keldi, borgan, ko`rmoqchi, bilib kabi; ikkinchi tomondan boshqa fe’l shakliga qo`shilib, o`z leksik ma’nosini vaqtincha yo`qotib, o`zi aloqador bo`lgan fe’lning leksik ma’nosiga qo`shimcha ma’no qo`shadi va ko`makchi fe’lga aylanadi. Masalan: yoza boshladi fe’li tarkibidagi boshladi fe’li mustaqil holda boshlanish harakatini ifodalaydi, lekin bu qo`shilmada o`z leksik ma’nosini yo`qotib yozish fe’lining leksik ma’nosiga qo`shimcha ma’no, ya’ni harakatning endi boshlanish ma’nosini qo`shgan.
Shu bilan birga ko`makchi fe’l yetakchi ma’nosiga davomiylik, tugallanganlik, takroriylik (yoza tur, yozib tur, aytib bo`l kabi); harakatning bajarilish imkoniyati (yozib ko`r, aytib boq kabi); harakatning boshqa shaxsdan so`zlovchiga yo`nalishi (aytib ket, olib bor, aytib chiq, ola kel, yozib ol, yozib ber), harakatning bajarilish usuli (yozib tashla, aytib yubor) kabi modal ma’nolarni qo`shadi.
Fe’llarda modal ma’no juft va takroriy shakllar vositasida ham ifodalanadi. Yetakchi fe’l bilan ko`makchi fe’l bir xil shaklda kelib, juft fe’lni hosil qiladi. Bunda leksik ma’no salmog`i birinchi qismda bo`ladi: aytdi-qo`ydi, o`tdi-ketdi, oldi-qoldi kabi.
Ko`makchi fe’llar fe’lning –b (-ib), -a (-y) bilan yasalgan ravishdosh shakllari bilan birga qo`llanadi: o`qib ber, o`qiy boshla kabi.
Yetakchi va ko`makchi fe’ldan tashkil topgan fe’l shakllarida ko`makchi fe’l birdan ortiq bo`lishi ham mumkin: yozib qo`ya qol, yozib berib qo`ya qol kabi.
Ko`makchi fe’lli fe’l shakllarida shaxs-son qo`shimchalari ko`makchi fe’llarga qo`shiladi: yozib chiqdim, yozib chiqding, yozib chiqdik, yozib chiqdingiz kabi.
Dostları ilə paylaş: |