Shaxsi noaniq gap. Kesimi, odatda, fe’l bilan ifodalanib, harakatni bajaruvchi shaxsni aniq ko`rsatib turmaydigan bir bosh bo`lakli gap shaxsi noaniq gap deyiladi.
Shaxsi noaniq gapning kesimi uchinchi shaxsga qaratilgan bo`lsa ham, bajaruvchisi noaniq bo`ladi.
Shaxsi noaniq gapning kesimi quyidagicha ifodalanadi.
1. Aniqlik (ijro) maylidagi fe’l bilan:
1) o`tgan zamon fe’l shakllari bilan: Axtargan topar, deb bejiz aytmaganlar. (J.Abdullaxonov). Xuddi shu kunning ertasiga kimdir uni qidirib yurganini aytdilar. (J.Abdullaxonov). Baribir to`y-hashamlarda, gap-gashtaklarda uni goh Aleksandr Sergeevich Pushkin. goh Alisher Navoiy ... deb chaqirishardi. (S.Ahmad). 2) hozirgi zamon fe’li bilan: Yong`oqni suv ombori deyishadi. (J.Abdullaxonov). Mehr ko`zda deb bekor aytmadilar. (F.Musajonov). 3) kelasi zamon fe’li bilan: Ularni yarashtirishga urinishmoqchilar. (P.Qodirov). 2. Buyruq-istak maylidagi fe’l bilan: ... mayli, mehnatimdan qirsinlar. (A.Qahhor). 3. Shart maylidagi fe’l bilan: Bir oydan beri uchovidan birortasini ko`rsatarmikin deb ko`zim to`rt bo`lib qarayman. Hechki ko`rsatishmasa! (P.Qodirov). Shaxsi umumlashgan gap. Kesimi fe’l bilan ifodalanib, umumga qaratilgan bir bosh bo`lakli gap shaxsi umumlashgan gap deyiladi. Bunday gaplarda hayotiy xulosalar, hayotiy tajribalar, umumiy qoidalar, umumlashgan mulohazalar ifoda qilinadi.
Shaxsi umumlashgan gapning kesimi ko`pincha buyruq-istak maylining ikkinchi shaxs shakli bilan ifodalanadi.
Maqollar ko`pincha shaxsi umumlashgan gap shaklida bo`ladi: Bilmagan ishga urinma, urinib tuzoqqa ilinma. (Maqol). Tulkining tavbasidan qo`rq, mug`ambirning - yig`isidan. (Maqol). Kattani katta bil, kichikni –kichik! (Maqol). Tilingni botir qilma, o`zingni botir qil (Maqol). Shaxsi umumlashgan gapning kesimi ba’zan buyruq-istak maylining birinchi shaxs ko`plik shakli orqali ham ifodalanishi mumkin. Masalan: Xushmuomalali bo`laylik, bu go`zal sifat baxt-saodatning tuganmas xazinasi ekanini unutmaylik. («Oz-oz o`rganib dono bo`lur»). Qarilikning yuzimizdan ko`ra aqlimizda ajinlar hosil qilishdan ehtiyot bo`laylik. («Oz-oz o`rganib dono bo`lur»). Shaxsi umumlashgan gapning bosh bo`lagi ot kesim shaklida ham qo`llanishi mumkin. Masalan: Kattaga xizmatda bo`l, kichikka izzatda bo`l. (Maqol). Salobatli bo`lma, sabotli bo`l. (Maqol).