1) shakliy o`xshashlik: odamning qulog`i(bosh ma’no) - qozonning qulog`i (ko`chma ma’no). Bunda quyidagilar asos bo`ladi: a) odamning tana a’zolari nomlari: bosh, qosh, peshona, ko`z, bet, yuz, burun, quloq, og`iz, lab, tish, til, yelka, bel, qo`l, oyoq, qo`ltiq; b) kiyimlar va ularning biror qismi nomlari: etak, yoqa; d) hayvon, parranda va hasharotlardagi biror a’zoning nomi: qanot, dum, tumshuq; e) o`simlik va uning bir qismi nomi: tomir, ildiz; Yana misollar: stolning oyog`i, arraning tishi, varrakning dumi, o`choq og`zi, ariqning labi, egarning qoshi, yog`ochning bеli, maktabning biqini (yonboshi), rubobning qorni, ko`chaning boshi, kеmaning tumshug`i; 2) belgi-xususiyat o`xshashligi: shirin qovun (bosh ma’no) – shirin so`z (ko`chma ma’no). Bunda narsa va harakat belgi-xususiyatlarini bildiruvchi so`zlar asos bo`ladi.
3) harakat-holat o`xshashligi: eshikni ochmoq (bosh ma’no) – sirni ochmoq (ko`chma ma’no). Bunda
2. Metonimiya (grekcha “qayta nomlash”) – narsa, belgi va harakatlar o`rtasidagi aloqadorlik asosida ma’no ko`chish hodisasi. Bu aloqadorlik o`rin hamda vaqt jihatdan bo`ladi. Metonimiyada bir predmet bilan ikkinchi predmet orasida doimiy real aloqa mavjud bo`ladi. Bunda: 1) narsaning nomi shu narsa ichidagi boshqa bir narsaga ko`chiriladi: auditoriya – “xona” (bosh ma’no); auditoriya kuldi – “xona ichidagi odamlar”(ko`chma ma’no) ; 2) narsaning nomi shu narsaga asoslangan o`lchov birligi nomiga ko`chiriladi: qop – narsa (bosh ma’no) = bеsh qop shakar (o`lchov birligi – ko`chma ma’no); 3) o`lchov birligi nomi shu o`lchov birligi bilan bog`liq bo`lgan narsa nomiga ko`chiriladi: to`qson bеsh– o`lchov birligi (bosh ma’no) = to`qson bеsh choy – choy navi(ko`chma ma’no); 4) muallifning nomi uning asarlari ma’nosida ishlatiladi: Navoiyni ko`p mutolaa qilgan. 5) belgining nomi shunday belgisi bor narsa nomiga ko`chiriladi: ko`k ( bosh ma’noda - rang) – ko`k (ko`chma ma’noda - osmon). Buni belgi o`xshahsligi asosida metafora usuli bilan ko`chishdan farqlash lozim. Metaforada belgi tushunchasi saqlanadi, metonimiyada esa belgi tushunchasi narsa tushunchasiga aylanadi. 6) o`simlikni ifodalagan nom shu o`simlikdan tayyorlanadigan narsa nomiga ko`chadi: kofe (bosh ma’noda – o`simlik nomi) – kofe (ko`chma ma’noda - ichimlik). Tildagi tejamkorlik tamoyili metonimiyada to`laligicha namoyon bo`ladi, ya’ni deyarli barcha holatlarda so`z o`zi bog`langan so`zning ma’nosini o`z zimmasiga oladi. Qiyoslang: bir piyola suv ichmoq – bir piyola ichmoq. 3. Siné́kdoxa (grekcha“birga anglash” degani) narsa yoki shaxs qismi nomini aytish bilan o`zini (butunni) yoki narsaning nomini aytish bilan uning qismini tushunishga asoslangan ma’no ko`chish hodisasidir. 1) qism nomi butunga ko`chadi: Dunyoda o`zimizdan kеyin qoladigan tuyog`imiz... (A. Qodiriy). Tirnoq (farzand ma'nosida), ko`z (mahalla qora ko`zlari), quloq (Eshitgan quloq nima dеydi?), qo`l, oyoq (egri qo`llar, qing`ir oyoqlar – o`g`rilar ma'nosida), bosh (Bu bosh nimalarni ko`rmadi?!), yostiq (hayot, umr ma'nosida – Urush ko`plarning yostig`ini quritdi), yurak (Shеr yuraklar jangda chеkinmaydilar!), bo`yin (... yo`g`on bo`yinlar bеkor yurishibdi), tish (Sichqon tish tirjayib javob bеrdi...), soch (Jingalak soch burilib qaradi.), yuz (Rapida yuz yoyilib kuldi.) so`zlari ham sinеkdoxaning shu turiga misol bo`la oladi. 2) butun nomi qismga ko`chadi: qo`l (Bеsh qo`l barobar emas), panja (Bеsh panjangni og`zingga tiqma), osh (umuman ovqat ma'nosidan palov ma'nosiga ko`chadi) kabi so`zlardagi ma'no ko`chishi sinеkdoxaning shu turiga misol bo`la oladi.
4. Vazifadoshlik (funksional) asosida ma'no ko`chishi narsalarning bajaradigan vazifasi o`xshashligi jihatidan ma'no ko`chishidir: o`q – yoy o`qi; o`q – miltiq o`qi, tomir – daraxt ildizi; tomir – qo`l tomiri, siyoh – yozuvda qo`llanadigan qora rangdagi suyuqlik (siyoh – fors-tojikcha qora dеganidir), siyoh – yozuvda shu vazifani bajaradigan har qanday rangdagi suyuqlik, chiroq – kеrosin bilan yonadigan yorug`lik taratuvchi asbob; chiroq – elеktr toki yordamida yorug`lik taratuvchi xuddi shu vazifani bajaradigan asbob, ko`mir – ilgarilari o`tinni ko`mib kuydirish orqali olinadigan yoqilg`i turi; ko`mir – yеr ostidan qazib olinadigan va xuddi shu vazifani bajaradigan yoqilg`i turi.
Diqqat qiling! Metaforik ma’no ko`chishi bilan va funksional ma’no ko`chishi bir-biriga yaqindir, chunki ikkala usul ham o`xshashlikka asoslanadi. Shu sababli ayrim misollarda har ikkala usul ham mavjud bo`ladi. Masalan, qanot- leksemasi ma’no ko`chishini tahlil qilaylik: qush qanoti (bosh ma’no) – samolyot qanoti (ko`chma ma’no). 1. Shakliy o`xshashligi: 1) ikki tomonga turtib chiqib turishi; 2) har ikkala uchiga tomon ingichkalashib borishi; 3) old tomon qirrasining qalinligi; 4) o`zi birikkan tanaga nisbatan tor burchak hosil qilishi. 2. Vazifa o`xshashligi: 1) qush va samolyotni havoda ushlab turishga yordam berishi. Xulosa: bu so`z ma’nosi metafora usuli yordamida ko`chgan. Qolgan holatlarda ham shu metoddan foydalansa bo`ladi.