Nazorat savollari Bolalarda ovqat hazm qilish organlari qanday tuzilgan?
Moddalar almashinuvi deganda nimani tushunasiz?
Ovqat hazm qilish jarayonida energiya qanday hosil bo’ladi va sarflanadi?
Hazm organlari gigienasini izohlab beri ng?
1.Ovqat hazm qilish organlarining tuzilishi va xususiyatlari Ovqat hazm qilish murakkab fiziologik jarayon bo’lib, bunda ovqat fizik va kimyoviy o’zgarishlar natijasida mayda zarrachalarga parchalanib, oshqozon va ichak bo’shlig’idan qon xamda limfa tomirlariga so’riladi. Ovqat hazm qilish tizimi og’iz bo’shlig’i, halqum, qizilo’ngach, oshqozon, o’n ikki barmoqli ichak, ingichka ichak, yo’g’on ichak,oshqozon osti bezi va jigar kabi organlardan tashkil topgan.
Og’iz bo’shlig’i ovqat hazm qilish tizimining boshlang’ich qismi bo’lib, unda tishlar, til va so’lak bezlarining kanalchalari joylashgan. Tishlar ikki xil bo’ladi: sut tishlari va doimiy tishlar. Sut tishlari -20 ta, doimiy tishlar esa-32 ta bo’ladi. Sut tishlari bolaning olti oyligidan ikki yoshgacha chiqadi. Bola olti oyligidan 12 yoshgacha bo’lgan davrda sut tishlar asta-sekin doimiy tishlar bilan almashinib boradi. Doimiy tishlar 32 ta bo’lib, kurak,qoziq,kichik va katta oziq (jag’) tishlarga bo’linadi. Voyaga etgan odamlarda yuqori va pastki jag’larida 16 tadan tishlar mavjud bo’ladi. Tishlar ovqatni maydalovchi hisoblanib, koronka,bo’yin va ildiz kabi qismlardan tashkil topgan bo’ladi.
Til- og’iz bo’shlig’ida joylashgan muskulli organ bo’lib, ovqatni aralashtirish, tomoq tomonga surish,ovqatni ta’mini aniqlash va suzlarni talaffuz qilish kabi vazifalarni bajaradi. Og’iz bo’shlig’ida uch juft: til osti, jag’ osti, quloq oldi kabi so’lak bezlarining kanalchalari ochiladi. Ajralgan so’lak ovqatni aralashtirib parchalashda xizmat qiladi.Chaqaloqning so’lak bezlari juda kam so’lak ajratadi. Bola hayotining to’rtinchi oyidan boshlab,ajraladigan so’lak miqdori ko’payadi va bir kunda 150 ml ga etadi. Halqum- burun va og’iz bo’shlig’ining davomi bo’lib, u shilliq va muskulli qavatlardan iborat.Halqumning vazifasi ovqatni og’iz bo’shlig’idan qizilo’ngachga, xavoni burun bo’shlig’idan –hiqildoqqa o’tkazishdan iborat. Qizilo’ngach- bolalar va o’smirlarda o’rtacha 20-25 sm uzunlikda bo’lib, u ham shilliq va muskulli qavatlardan iborat. Vazifasi ovqatni tomoqdan oshqozonga o’tkazishdan iborat. Oshqozon (me’da) –chaqaloqning oshqozoni yumaloq shaklda bo’lib, 7-11yoshda uning shakli kattalarnikidan farq qilmaydi. Uning sig’imi chaqaloq davrida 5-10 ml bo’lib, birinchi oy davomida 30-35 ml gacha ortadi,yilning oxirida 250-300 ml ni tashkil etadi. Voyaga etgan insonlarda oshqozon 4 qismdan : kirish qismi, tub qismi, tana qismi va pilorik (chiqish) qismlardan iborat. Katta odamlarda oshqozonning sig’imi o’rtacha 2,5 litrni tashkil etadi. Oshqozonning shilliq qavati ostida 14 millionga yaqin bezchalar joylashgan bo’lib, ulardan bir sutkada uch litrga yaqin oshqozon shirasi ajraladi. Oshqozonda aralash ovqatlar 3-4 soat, yog’li ovqatlar 5-6 soat, suv, sut, non va shirinliklar 2-3 soatda parchalanib o’n ikki barmoqli ichakka o’tkaziladi.
O’n ikki barmoqli ichak- bu ingichka ichakning boshlang’ich qismi bo’lib,uzunligi voyaga etganlarda 25-30 sm ni tashkil etadi. Bu ichakka oshqozon osti bezidan oshqozon osti shirasi va jigarning o’t suyuqligi kelib quyiladi. Bu suyuqliklar ovqatni parchalab ingichka ichakka o’tkazib beradi. Ingichka ichak-o’n ikki barmoqli ichakning davomi bo’lib, uzunligi voyaga etgan bolalarda 5-6 metrga tengdir. Ingichka ichakda ovqatning asosiy qismi hazm bo’ladi va hazm bo’lgan ovqat qonga so’riladi.Ingichka ichakning boshqa ichaklardan farqi shundaki, bu ichak devorida vorsinkalar deb ataladigan mayda so’rg’ichlar bo’lib, hazm bo’lgan ovqatni qonga so’rilishini ta’minlaydi. Ichakning butun yuzasida 4 millionga yaqin vorsinkalar bo’ladi. Ingichka ichakda ovqat 6-8 soat atrofida saqlanadi. Yo’g’on ichak- voyaga etgan odamlarda 1,5 metrdan iborat bo’ladi va olti qimdan tashkil topgan. Bolalarda dastlab yo’g’on ichak ancha nozik va kalta bo’ladi. So’ngra yo’g’on va uzunlashadi. Bu ichakda asosan qoldiq ovqatlar saqlanadi. Bu ovqatlar 18-20 soatgacha turadi. Yo’g’on ichak bilan ingichka ichakning birlashgan joyida ko’r ichak va chuvalchangsimon o’simta joylashgan bo’ladi.