Umuman olganda, xalqaro tajribaga nazar solinsa, turli tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan test natijalari hukumat qarorlari tufayli tan olinmaydi. Masalan, Britaniya universitetlari tomonidan IELTS yoki A-level imtihon natijalarini tan olish to‘g‘risida Britaniya hukumati rahbari tomonidan imzolangan farmonni topishimiz ehtimoldan yiroq. Bunday imtihonlarning natijalari ularning sifati — validligi va ishonchliligining ilmiy dalillari tufayli tan olinadi. Agar imtihonlarimiz sifatning ilmiy talablariga javob berishini istasak, fikrimizcha, bilimlarni baholash bilan bog‘liq xizmatlar sohasida monopoliyani tugatish kerak. Bu borada dastlabki qadamlar tashlangan — xalqaro nodavlat tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan chet tillari bo‘yicha imtihonlarning natijalari davlat OTMlari tomonidan tan olinmoqda. Shunigdek, nodavlat tashkilotlariga ta’lim sifatini baholash sohasida xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beruvchi qaror imzolangan.
Endi keyingi qadamlarni tashlash lozim. Test sohasida ishlashni istagan barcha tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan shartlar aniq ko‘rsatilishi kerak. Shunday shartlardan biri baholash vositalarining sifati bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ushbu tadqiqot natijalarini e’lon qilish bo‘lishi kerak. Va ushbu shartlar DTM singari davlat tashkilotlari uchun ham, nodavlat tashkilotlar uchun ham bir xil bo‘lishi kerak.