O`zbekistonda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan o`zgarishlar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoniga sharh e'lon qilindi. Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi davlat boshqaruvining mutlaqo yangi va samarali faoliyat yurituvchi tizimini yaratishni talab qiladi. Shu munosabat bilan mamlakatda davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash va davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish uchun elektron portallar va ma'lumotlar bazalari yaratildi. Xususan, ruxsat beruvchi hujjatlar va litsenziya olishni soddalashtirish uchun www.license.gov.uz, «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishni ta'minlash uchun birdarcha.uz veb-saytlari yaratildi. Davlat xizmatlarini qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish natijasida tadbirkorlik subektlarini ro‘yxatga olishning tartib-taomillari 4-martaga, ro‘yxatga olish uchun zarur vaqt esa 30 daqiqaga qadar qisqartirildi. Shu bilan birga, so‘nggi yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarning obektiv tahlili, davlat boshqaruvi organlari faoliyati, aholi bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot natijalari mavjud muammo va kamchiliklarni tizimli hal etishga ehtiyoj vujudga kelganligini ko‘rsatdi.
Bu, birinchi navbatda, quyidagi holatlarga taalluqlidir:
bir qator idoralarning vazifalari deklarativ xususiyatga egaligi va ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi;
faqat holatlarni qayd etish va statistikani to‘plashdan iborat bo‘lib qolgan faoliyatni baholashning samarasiz tizimi va bu ko‘pchilik hollarda joylardagi ishlarning haqqoniy holatini aks ettirmaydi;
hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib keluvchi davlat funksiyalarining haddan tashqari markazlashtirilganligi;
byurokratlashtirish va yuqori sarf-xarajatlarga olib kelayotgan innovatsion rivojlanishning past darajasi;
xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan davlatning tartibga solish va xo‘jalik funksiyalari qo‘shib olib borilishi, sog‘lom raqobat muhitining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi imtiyoz va preferensiyalarni tanlab taqdim etish amaliyoti;
hududlarning rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan ayrim rahbarlarda lozim darajada mas'uliyat va tashabbuskorlikning mavjud emasligi.
Ushbu kamchiliklar iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani modernizatsiyalash, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholining hayot darajasi va farovonligini yuksaltirish bo‘yicha davlat siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda. Bu borada Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmon 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam hisoblanadi hamda mohiyatiga ko‘ra O‘zbekistonning davlat va jamiyat qurilishida yangi sahifani ochib beradi. O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta asosiy yo‘nalishi belgilab berildi.