Tayanch iboralar: ta’lim-tarbiya jarayoni, dars, eksperimentlar, ekskursiyalar, sinfdan tashqari ishlar, didaktik maqsad, didaktik talablar, psixologik talablar, gigiyenik talablar, tarbiyaviy talablar, kombinasiyalashtirilgan dars, predmetli darslar, predmetli darslardan keyin o’qish, yangi materialni o’rganish darsi, mustahkamlash darsi, ekskursiya darsi, kino va teledarslar, izohli o’qish darslari
Maktabda o’quvchilarga ta’lim va tarbiya berish o’quv ishlarining muayyan shakllarida amalga oshiriladi.
O’qitishning shakli bu tarbiyaviy ta’lim jarayonida o’qituvchi tomonidan foydalaniladigan o’quvchilarning o’quv idrok qilish faoliyatini va uni o’tkazish (sinfda, tabiatda va sh.k.) sharoitlarga muvofiq holda tashkil qilinishdir.
Maktablarda o’rganiladigan barcha predmetlar uchun o’quv ishlarining asosiy shakli darsdir. Darslarda davlat programmasi va ma’lum darajada darslik belgilangan o’quv materiali o’qitiladi. Darslarga qatnashish o’quvchilarga majburiydir.
Dars deganda ma’lum fanlardan, ma’lum hajmdagi bilimlarning ma’lum yoshdagi o’quvchilar guruhiga, maxsus tayyorgarligi bo’lgan mutaxassis tomonidan berilishi tushiniladi. Darsning samaradorligini oshirish, beriladigan bilimlar saviyasini ko’tarish, nazariy bilimlarni hayot bilan bog’lab olib borish, va darsdan yangi pedagogik texnologiyani qo’llab dars o’tish o’quvchilarni tabiatshunoslikdan bilimlarini qo’llab dars o’tish o’quvchilarni tabiatshunoslikdan bilimlarni o’zlashtirishga qiziqish uyg’otadi, ular bilimini mustahkamlashga yordam beradilar.
Darsda butun ta’lim-tarbiya sistemasi, o’qitishning metodlari, uslublar va vositalar kompleksi amalga oshadi.
Tabiatshunoslik darslarida o’quvchilar dasturga qat’iyan muvofiq, o’qituvchi rahbarligida nazariy bilimlar, amaliy o’quv va ko’nikmalar oladilar. Materialni o’quvchilarga tushunarli bayon qilib, xilma-xil qurollardan foydalanib, o’qituvchi zarur tushuntirishlar beradi, o’qish kitobi bilan mustaqil ishlash, o’z bilimlaridan amalda foydalanish o’quvlarini singdiradi.
Darslarning maqsadi va mazmuni har xil, ammo ularning barchasida umumiy maqsad – o’quvchilarning kompleks tarbiyasi va ularga tushunarli bo’lgan bilimlarni bayon qilish, birlashtirishdir. O’qituvchi o’quvchilar ishini shunday tashkil qilishi kerakki, ular shu darsda o’rganiladiganlarni ilgari o’tilganlar bilan bog’anishini tushunsinlar, materialni ongli o’zlashtirsinlar.
Dars o’tishda o’qituvchi o’quvchilarning faol ishlashlari uchun sharoit yaratishga, ularda jonli qiziqish uyg’otishga intilishi kerak. Bu faqat darsga tayyorlanishda qiziqarli, mamlakatimiz hayoti bilan bog’liq bo’lgan, o’quvchilarga yaqin bo’lgan materialdan foydalanilganda bo’lishi mumkin. Darsga tayyorlana turib, faqat yangi mavzu mazmuninigina emas, balki o’quvchilarning yoshi, rivojlanishi va tayyorgarligini, ilgari o’rganilganlarni o’zlashtirish darajasi, olingan bilimlarning puxtaligi ham hisobga olinish lozim.
Darsda har xil metodlarning qo’llanilishi yangi mavzuni to’liq va ravshan yoritishga imkon beradi, o’quvchilarni kamroq charchatadi, ular faolligini oshiradi.
Dars ta’lim jarayonida o’quvchilar narsa va voqyealar bilan tanishibgina qolmasdan, balki ular haqida fikrlaydilar. Bu esa o’z navbatida, o’quvchilarda tabiatning rivojlanish qonuniyatlari haqidagi bilimlarini shakllanishiga olib keladi.
Darsning tarbiyaviy mazmun kasb etishi, berilayotgan material mazmuni bilangina chegaralanib qolmasdan, balki o’quv materiallarini egallash usullari bilan xarakterlanadi.
Tabiatshunoslik o’qitish metodikasida o’quv ishlarining ko’p xildagi shakllari qaror topgan. O’simlik, hayvon va odam hayoti hamda tabiat taraqqiyotining qonuniyatlari o’rganiladigan maktab kursining mazmuni maktabda shu fanni o’qitish butun sistemasining o’ziga xosligini belgilaydi.
Tabiatshunoslik o’qitishning asosiy shakli – darslarga qo’shimcha holda maktab amaliyotida o’qituvchining o’quvchilar bilan olib boriladigan o’quv ishlarining boshqa shakllari tarixan vujudga kelgan.
Metodik jihatdan to’g’ri tashkil etilgan o’qitish jarayonida shu o’qitishning barcha shakllari asosiy shakl-dars bilan o’zaro bog’liqdir. Ular tabiat haqidagi tushunchalarni, dunyoqarashni, tafakkurini, amaliy ko’nikmalarini rivojlantiradi.
Tabiatshunoslik darslarida o’qituvchi barcha o’qitish metodlarini: og’zaki, ko’rgazmali va amaliy metodlarini qo’llaydi. U o’simlik va hayvonlarni namoish etadi. Amaliy ishlarini bajarish yo’li bilan o’quvchilarni ayrim organizmlarning tashqi va ichki tuzilishi bilan tanishtiradi.
Ammo sinfdagi darsda hayotni uzoq kuzatishni talab qiluvchi o’simlik yoki hayvonning rivojlanish jarayoni, har xil organizmlarning tabiiy sharoitlarda birgalikda yashashlarini ko’rsatib bo’lmaydi. Shuning uchun ham tabiatshunoslik o’qitish metodikasida darslarni to’ldiruvchi maxsus shakllar qo’llaniladi. Ekskursiyalar tabiatdagi tabiiy guruhlashda yoki qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishida yoki muzeylarda, o’simlik va hayvonlar bilan tanishtiradi.. O’rganilayotgan tushunchalar kompleksiga kiradi yoki ilgari qaror topgan tushunchalarni mustahkamlaydi, aniqlaydi, chuqurlashtiradi, umumlashtiradi.
Ekskursiyalar darslar bilan chambarchas bog’lanadi, ekskursiyada ko’rilgan obyektlar kurs davomida ko’p marta esga olinadi, to’plangan narsalar esa namoish qilinadi. Yakunlovchi ekskursiyalarda o’quvchilar ilgari olgan bilimlarini ishlatib, tabiatshunoslik o’quvchilarini rivojlantirish, topshiriqlar bo’yicha mustaqil kuzatishlar o’tkazadilar va material yig’adilar.
Darslarning uy vazifalari xususan eksperimental xarakterdagi topshiriqlar bilan bog’liqligi aniq va ravshandir. O’quvchilar uyda uncha murakkab bo’lmagan tajribalar qiladilar, kuzatishlar o’tkazadilar. (Masalan, uyda daftarlariga sinfda ajratilgan gul qismlarini yoki hasharot bo’laklarini yopishtiradilar), jadval to’ldiradilar rasmini chizadilar.
Darsdan tashqari ishlar – uy ishlariga qaraganda murakkabroqdir. Ularni amalga oshirish uchun tegishli o’simliklar, maxsus asboblar va boshqa jihozlar talab qilinadi. Darsdan tashqari ishlarga: tirik tabiat burchagidagi, o’quv tajriba maydonchalaridagi va tabiatda yozgi topshiriqlar bo’yicha bajariladigan ishlar kiradi.
Tabiatshunoslik kabinetlarida va tirik tabiat burchagida o’tkaziladigan ishlar uchun o’quvchilarga topshiriqlarni darslarda kursning barcha mavzulari uchun o’quv yili davomida berib boriladi. Tabiatshunoslik fanining o’qitilishida o’quvchilar bilan olib boriladigan sinfdan tashqari mashg’ulotlarning majburiy bo’lmagan turli shakllari, individual ishlar, sinfdan tashqari ishlar, yosh tabiatshunoslar to’garagining ishi, ommaviy kechalar, ijtimoiy foydali ishlar keng qo’llaniladi. Sinfdan tashqari ish o’quv materiali asosida va unga bog’liq holda uyushtiriladi. Biroq uning mazmuni darsni takrorlamaydi. Dastur doirasi bilan cheklanmaydi, ammo uni to’ldiradi va tabiat to’g’risidagi fanning qiziq kerakli tamonlarini ochib beradi.
Darsning psixologik tugalanganligi dars davomida o’quvchilarning egallangan bilimlaridan ko’nikma hissi va o’qituvchining paydo bo’lishi bilan belgilanadi. Darsning uslubiy tugallanishiga qo’yilgan didaktik masalani muvaffaqiyat bilan yechishga imkon beradi va darsning mazmunini, maqsadiga mos keladigan, aniq ishlangan uslubiyotda ifodalanadi.
Tashkiliy aniqlikning zarurligi materialni bo’laklarga bo’lish, o’qitish usullarini tanlash va darsning turli elementlarining o’zaro munosabatlari bilan belgilanadi.
Didaktik maqsad darsdagi asosiy ish turini aniqlaydi (yangi materialni o’zlashtirish, uni qaytarishdan iborat). Didaktik maqsadga qarab, darsga vaqt ajratiladi. O’qitish uslublari va darsning to’liq tuzilishi belgilanadi.
Maqsadi va mazmuni jihatidan har xil bo’lgan darslar turlicha sxemada tuzilishi mumkin. Odatda dars quyidagicha sxemada tuziladi:
Tashkiliy qism (salomlashish, yo’qlarni belgilash, ishga tayyorlanish).
Uy vazifasining bajarilishini tekshirish (qurol va tajribalardan foydalanib, o’quvchilarga ma’lum bo’lganlarni so’rash).
Yangi materialni o’rganish: yangi mavzu bo’yicha kirish suhbati; amaliy ish; o’qituvchining hikoyasi yoki o’quvchilarga ma’lum bo’lgan faktlarga tayanuvchi yoki yangi narsalarni qarab chiqish bilan, darsda o’rganlishi kutilgan hodisalar bilan bog’liq bo’lgan suhbat, narsa va hodisalarni o’rganish asosida xulosalar chiqarish; dars davomida daftarlarga yozish va chizish; darsda olingan bilimlarni mustahkamlash bo’yicha darslik bilan ishlash; o’qitishning texnika vositalaridan foydalanish.
Darsda o’rganilgan materialni tekshirish va mustahkamlash. Bunda yangi material bilan ilgari o’tilganlar o’rtasida bog’lanish o’rnatiladi, yangi mavzuni tushunib olish uchun zarur bo’lgan bilimlar aniqlanadi.
Qiziqarli materiallardan (maqol, matal, topishmoq, tabiat to’g’risidagi asarlardan olingan parchalardan) foydalanish.
Uyga vazifa berish.
Tabiatshunoslik darslariga qo’yiladigan umumiy talablar quyidagi vazifalardan kelib chiqadi:
O’quvchilarni tabiatdagi mavsumiy o’zgarishlar to’g’risida, o’z o’lkasining tabiati to’g’risida, vatanimiz tabiatining xilma-xilligi to’g’risida, yerning shakli va relyefi to’g’risida, odam organizmi va uning salomatligini muhofaza qilish to’g’risida bilimlar bilan qurollantirish;
Botanika, jug’rofiya, yuqori sinflarda anatomiya bo’yicha o’quv materialini o’zlashtirib olishga tayyorlashga yordam beruvchi puxta o’quv va ko’nikmalarni shakllantirish;
O’qitishning tarbiyaviy samaradorligini oshirish;
Rivojlanishning har tomonlama garmonik bo’lishiga erishish;
Tabiatshunoslik xarakteridagi kitob va jurnallardan bilimlar bilish uquvlarini hosil qilish;
Mehnatsevarlikni, maktabda va o’quv tajriba maydonchasida mehnat qilish hohishini tarbiyalash.
Talablarning bu guruhlarini shartli ravishda quyidagi talablarga: a) ta’lim-tarbiya;
b) didaktik;
v) psixologik;
g) gigiyenik
birlashtirish mumkin. Ularning har biri ustida to’xtab o’tamiz.
A) Tarbiyaviy talablar. Ma’lumki tabiatshunoslik darslari katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lib, o’quvchilarning g’oyaviy-siyosiy, mehnat, axloqiy, estetik va jismoniy tarbiyasi birligini ta’minlaydi.
Ayniqsa, tabiatshunoslik darslari ilmiy dunyoqarashni shakllantirish uchun boy material beradi. Shunga ko’ra o’qituvchi har bir tabiatshunoslik darsiga tayyorlanishda dasturga va metodik qurollarga tayanib, shu darsda o’quvchilarda qaysi asosiy bilimlar, o’quv hamda ko’nikmalar shakllantirilishini,qanday tarbiyaviy g’oyalar ular ongiga yetkazilishini, dars ularning idrokiy qiziqishlarini rivojlantirishga qanday yordam ko’rsatishini sinchikab o’ylab olishi kerak.
Shuningdek, tabiatshunoslik darslari yosh avlodga barcha tarbiya xususiyatlari rivojlantiriladi. Jumladan, estetik tarbiya berish uchun keng imkoniyatlar ochiladi. Tabiat insonni ruhan boyitadi, uning bilan muloqotda bo’lish kishilarda yuqori ma’naviy sifatlarning shakllanishiga yordam beradi. Bolalarni tabiat go’zalligini ko’ra olish va qadrlashga o’rgatish zarur. Shunga ko’ra tabiat obyektlarini o’rganishda o’quvchilar e’tiborini tabiatdagi uyg’unlikka, uning shakllarining nafisligiga, estetik rohatlanish beruvchi go’zallikni ta’kidlamoq va shu asosda estetik tasavvur va tushunchalar bermoq lozim.
B) Didaktik talablar. Tabiatshunoslik darslarini o’tkazishning aniqligi vaqtdan oqilona foydalanish, dars mavzusi, maqsadi va vazifalarini to’g’ri qo’yish bilan ta’minlanadi.
Dars vazifalarini belgilagach, o’qituvchi uning muvofiqroq strukturasini tanlashga kirishadi, ya’ni so’rash, tushuntirish, mustahkamlash, yangi va ilgari o’zlashtirilganlarni nazorat qilish, bilimlarni umumlashtirish va sistemalashtirishlarni qanday izchillikda o’tkazish kerakligini, so’rashning qaysi turidan – yakka (individual) so’rash yoki frontal so’rashdan foydalanishni o’ylab chiqadi.
Yangi materialni o’rganish vaqtini to’g’ri belgilash katta ahamiyatga ega. Yaxshi dars shu bilan farq qiladiki, unda yangi materialni o’rganish o’qituvchi va o’quvchilarning diqqat markazida turadi. U kengaytirilgan so’rash yoki takrorlash bilan to’sib qolinmaydi. Yangi material mazmunida o’quvchilar e’tibori markazlashtirilishi zarur bo’lgan lahzalar alohida ajralib turadi. Yangi materialni o’rgana turib, o’qituvchi ilgari o’rganilganlarga albatta tayanadi, boshqa mavzular bilan eng muhimlarini ajratadi. «Cho’llar» mavzusi misol bo’lib xizmat qilishi mumkin.
Bu mavzuni o’rgana turib, o’quvchilar o’qituvchi rahbarligida cho’l iqlimining belgilarini: atmosfera yog’inlari miqdorining juda ozligini,yozning issiqligini, havo va tuproqning sutkalik hamda yillik o’zgarishining juda kattaligini sanab chiqadilar.
Xarita va suratlar bilan ishlash o’quvchilarga cho’l yuzasining xilma-xilligi, daryolar va qo’llarning kamligi, tuprog’ining asosan qumli va loyli ekanligi, o’simliklarning siyrakligi, ko’pincha o’tmison ekanligi haqida xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Eng muhim ma’lumotlarni ajratish bilimlarni yaxshiroq o’zlashtirib olishga yordam beradi va o’y vazifasini bajarish vaqtida o’quvchilarga og’ir bo’lishini oldini oladi. O’qituvchi uy ishining o’quvchilar vaqtini mo’ljallanganga qaraganda ko’p olmasligi to’g’risida g’amxo’rlik qilmog’i lozim.
Tabiatshunoslik darslarini o’tishda o’rganishni rag’batlantiruvchi metodlarga alohida e’tibor ajratmoq kerak, buning uchun qiziqarli masala va mashqlar, idrokiy o’yinlar, ko’rgazmali qurollardan foydalaniladi. Biroq har bir dars ham qiziqarli bo’lavermaydi. Oldinda turgan qiyinchiliklarni hisobga olib, o’quvchilarda iroda va astoyidillikni hosil qilmoq kerak.
Zamonaviy tabiatshunoslik darsi o’qitishning tashkiliy shakllarini anglab tanlanganligi, ya’ni umumsinf, gruppa va individual mashg’ulotlarning oqilona uyg’unlashtirilganligi bilan xarakterlanadi.
Agar dars oldindan o’ylangan va uning rejasi tuzilgan bo’lsa, tabiatshunoslik darsiga bo’lgan ta’riflashgan talablarni amalga oshirish oson bo’ladi. O’qituvchi reja tuza turib, birinchidan darsning asosiy maqsadini, uning strukturasini, mazmunini (o’quv materialini, metod va uslublarini, darsning har bir qismi uchun jihozlarni) va ikkinchidan tashkil qilinishi shakllarini (sinf bilan umumiy ish, o’quvchilarning guruhlarga bo’linib ishlashlari, har bir o’quvchining yakka ishlashini) belgilaydi. Rejalashtirishning maqsadga muvofiqligi darsni qismlarga to’g’ri ajratish bilan ta’minlanadi. Rejalashtirish dars tipini belgilovchi va didaktik maqsad bilan taqoza qilinadigan strukturaga bog’liqdir.
Tabiatshunoslik darsining samaradorligi o’qitish metodlari to’g’ri tanlanganda va ularni ko’rsatuv vositalari bilan uyg’unlashtirilganda sezilarli darajada ortadi. Darsni muvaffaqiyatli o’tish uchun o’qituvchi rejadan tashqari uning mazmunini ifodalovchi konspektini tuzishi kerak, unda darsda beriladigan savollar ro’yxati berilgan bo’ladi, qiziqarli – idrokiy materialdan foydalanib, hosil qilinadigan konkret vaziyatlar ko’rsatiladi. Konspektda darsda foydalaniladigan qo’shimcha manbalar (she’rlar, maqollar, topishmoqlar, yozuvchilarning asarlaridan parchalar) ko’rsatilgan bo’lishi lozim.
V) Psixologik talablar. Tabiatshunoslik darsining reja va konspektini tuza turib, o’qituvchi har bir o’quvchining psixologik xususiyatlarini, ya’ni:
Uning tafakkur tipini (ijodiymi yoki yo’qmi);
Xotira turini (ixtiyoriy yoki beixtiyoriy);
Tanib olish, eslash, yod olish, fikrlarni tiklash uquvlarini;
Diqqatning mavjudligini (o’rganilayotgan narsaga fikrlarini to’plash qobiliyatini), xayolini (ijodiy qobiliyatini), irodasini (o’z oldiga uzoq va yaqin maqsadlar qo’ya olishi va ularga erisha bilishini) hissiy faolligini hisobga olishi kerak.
Bu bilan bir qatorda hisobga olish kerakki, o’qituvchining psixologik holati darhol o’quvchilarga ta’sir ko’rsatadi. Bunday psixologik holat ekskursiyalar, kuzatishlar, amaliy ishlar, o’qituvchining hayajonli hikoyalari vaqtida vujudga keladi. Shunga ko’ra o’quvchilar shaxsiga ta’sir ko’rsatish, ularni bajargan ishlarida idrokiy xursandchilik va qanoatlanish beruvchi o’quv faoliyatiga jalb qilish darsda o’qituvchi faoliyatining zarur tomonidir. O’qituvchining kayfiyati, uning saranjomli, e’tiborli bo’lishi yoki aksincha serzarda,parishonxotir bo’lishi bolalarga beriladi. Shunga ko’ra pedagogik odobga rioya qilish darsning pedagogik muvaffaqiyatini ta’minlovchi muhim talablardan biridir.
G) Gigiyenik talablar. Sinfda tegishli harorat tartibiga, yoritish normasiga va boshqa gigiyenik talablarga rioya qilish bolalar salomatligining garovidir. Shuning uchun ham o’qituvchi ularga rioya qilinishini kuzatib borishi, bolalarning na jismoniy, na aqliy jihatdan charchashni oldini olish uchun o’quv ishidagi bir xillikdan, bayonni bir ohangda bo’lishidan ehtiyot bo’lish, nazariy materialni har xil sezgi organlarni ishga jalb qilish imkonini beruvchi amaliy topshiriqlar bilan almashtirib borishi kerak.
Fikrlash faoliyatining kuchlanishini talab qiluvchi topshiriqlar ko’rgazmali qurol, tarqatma materiallarni ishlatish bilan darslik bo’yicha murakkab bo’lmagan topshiriq va mashqlarni bajarish bilan almashinishi kerak. Shuningdek, amaliy topshiriqlarni bajarishda shaxsiy gigiyena masalalariga alohida e’tibor berish zarur.
Tabiatshunoslik darslarining tiplari. Darsda quyidagi struktura qismlarini ajratish mumkin:
Tashkiliy qism.
Uy vazifasini tekshirish.
Yangi materialni bayon qilish.
O’quvchilarning mustaqil ishlashlari, yangi bilimlarni mustahkamlash, ularning o’zlashtirilishini tekshirish.
Dars materialini umumlashtirish.
Uyga vazifa berish.
Baholarni sharhlash.
Dars strukturasi kurs mavzusi bo’yicha darslarning umumiy sistemasida uning qanday o’rin egallaganligiga bog’liq, ammo qanaqa bo’lishidan qat’iy nazar har bir dars tashkiliy, mantiqiy, pixologik jihatdan bir butun bo’lishi kerak. Metodik jihatdan to’g’ri tuzilgan darsda barcha bu tomonlar o’zaro bog’liqdir.
Tabiatshunoslik darsining didaktik maqsadini aniqlash – bu uning asosan nimaga yangi maqsadni o’rganishga, uni mustahkamlashga, takrorlashga va sistemalashtirish yoki o’zlashtirishni tekshirish va hisobga olishga bag’ishlanishini belgilash demakdir.
Tabiatshunoslik darsi bir nechta didaktik maqsadga ega bo’lishi mumkin, shunga qarab uning strukturasi va binobarin, darslarning tiplari har xil bo’ladi. Didaktik maqsadlariga qarab, darslar quyidagi tiplarga ajratiladi:
birlashtirilgan (kombinasiyalashgan) dars;
yangi materialni o’rganiladigan dars;
mustahkamlash darsi;
predmetli dars;
o’quv maydonchalaridagi dars;
maktab jug’rofiya maydonchasida o’tkaziladigan dars;
izohli o’qish darsi;
kino va tele dars;
takrorlovchi – umumlashtiruvchi dars.
Ekskursiya darsi.
Darsning qaysi tipi tanlanmasin, uning muvaffaqiyatli o’tkazilishi o’qituvchining sistemali va har tomonlama tayyorlanishiga bog’liqdir.
«O’qituvchi – degan edi V.A.Suxomlinskiy – yaxshi darsga butun umr tayyorlanadi ... Kasbimizning ma’naviy hamda falsafiy asosi va mehnatimizning texnologiyasi shunaqa: o’quvchilar oldida bilim chaqmoqlarini ochish uchun o’qituvchi inson donoligini, bilimlar Quyoshining abadiy yorituvchi nurlaridan bir minut ham ketmasdan yorug’lik dengizini yemirish kerak», «Dars – bu o’qituvchining umumiy va pedagogik madaniyatining ko’zgusi, intellektual (farosat -zehn) boyligining o’lchovi, uning bilim doirasi, erudisiyasi (bilimdonligining ko’rsatgichidir)».
Aytilgan har bir dars tipining xususiyatlarini qarab chiqamiz: