SHARQ MADANIYATI TARIXIDA NOTIQLIK SAN'ATI REJA: Sharqda notiqlik san’atining shakllanishi va o’ziga xosligi.
Alisher Navoiyning “Muhokamat ul lug’atayn” asari.
Sharq notiqligidagi ruh va ranglarda aloqador jihatlar.
Sharq notiqligi Xalqimizda so’zga chechan, badiiy didi yuksak kishilar azal-azaldan qadr-qimmatini topib kelgan. Ular o’z san’ati bilan el og’ziga tushgan. Shu bois san’at turlaridan biri notiqlikka tamal toshi qo’yila boshlagan. Sharqda bu san’at - voizlik; notiq - voiz; nutq esa va’z kabi terminlar bilan mashhur bo’lgan. Sharqda voizlik san’ati jamoaning hissiyoti, tuyg’ulari va qalbiga ta’sir etish usuli degan tushunchalarni anglatgan va ilmiy-siyosiy ma’ruza, bahs-munozara, targ’ib va tashviq vositasi sifatidagi keng ijtimoiy mavqega ega bo’lgan san’at hisoblangan. Voizlik san’ati hozirgi davrdagi notiqlik san’ati, ritorika tushunchalari o’rnida qo’llangan. Qadimda podshohlar, hukmdorlar, xonlar, beklar o’z xalqi oldida ijtimoiy hayot, xalqaro ahvol, davlat siyosati to’g’risida shaxsan o’zlari nutq so’zlaganlar. Bunday ma’ruzalar, asosan, juma namozi, hayit bayramlari, navro’z kunlari va boshqa tadbirlarda an’anaga aylangan.
IX asrga kelib, bu muhim va mas’uliyatli ish maxsus so’z ustalari, ta’sirchan gapiradigan, voqeiylikni dalillar bilan isbotlab xalqni ishontira oladigan maxsus kishilarga topshirilgan. Bunday kishilar v o i z l a r deb atalgan. Hukmdorlarning farmoyishlari, turli yorliqlari ana shu maxsus voizlar tomonidan o’qilgan va sharhlangan.
Voizlik san’ati rivoji jarayonida bu san’atning dabirlik, xatiblik, muzakkirlik kabi tarmoqlari yuzaga kelgan. Dabirlik – davlat ahamiyatidagi yozishmalarni insho etish va o’qib berish notiqligi; xatiblik – diniy, ijtimoiy-siyosiy notiqlik; muzakkirlik – diniy-axloqiy masalalarni izohlab, sharhlab berish bilan bog’liq notiqlikdir.
Muzakkirlar keng bilimga ega bo’lgan shaxslar hisoblanib, ular saroy ayonlari, xonlar, beklar, xalifalar oldida ham nutq so’zlab, tarixiy voqealar, sarguzashtlar, jangnomalar va qissalarni hikoya qilib berganlar. Voizlik san’ati nutq matnlari, tinglovchilarning bilim saviyasi, ijtimoiy mavqei va boshqa xususiyatlariga ko’ra turli tarmoqlarga bo’lingan: sultoniyot – yuqori tabaqa uchun, xutubi jihodiya – jangovar nutqlar, g’aribona maqom – oddiy xalq uchun va h.k. Voizlik san’ati ijtimoiy va badiiy jihatdan ahamiyatli bo’lganligi uchun asrlar davomida taraqqiy qildi va qadrlandi.
Voizlar aytilayotgan har bir hodisa va voqeiylikning mohiyatini ochib berish, fikr mazmuni ta’sirchanligini ta’minlash, mulohazalarni tinglovchiga aniq va mufassal etkazish tamoyillari to’g’risida jiddiy shug’ullanganlar. Va’zlar o’tkir til, ta’sirchan ifodalar bilan sug’orilgan hamda badiiy yuksak saviyada tayyorlangan va nihoyatda ravon talaffuz bilan o’qilgan. Voizlik san’ati o’tmishda qanday ijtimoiy ahamiyat kasb etgan bo’lsa, hozirda undan-da, dolzarb bo’lib qolmoqda.
Ma’lumki, IX-XV asrlarda Markaziy Osiyo xalqlari jahon madaniyati taraqqiyotining yuksak cho’qqisiga ko’tarildi. Bu davrda Movarounnahr zaminidan jahon fani va madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Burhoniddin Marg’inoniy, Xorazmiy, Ahmad Farg’oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Zamaxshariy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Husayn Voiz Koshifiy singari buyuk siymolar yetishib chiqdi. Ular dunyo tamaddunida o’z ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy merosi bilan alohida o’rin egallaydilar. SHu bois bu davr SHarqda Uyg’onish davri hisoblanadi. Bu yillarda madaniyat, san’at, ilm-fan rivojlanishi barobarida, madaniyat targ’ibotchilari, ulkan so’z san’atkorlari - voizlar ham etishib chiqdi. Notiqlik san’ati ham ravnaq topdi.