Kishilar har qanday sharoitda va faoliyatning barcha sohalarida aloqa qilish jarayonida tildagi leksik, frazeologik, grammatik va fonetik vositalarni tanlash va ishlatishda bir-birlaridan ma’lum darajada farq qiladilar. Umumxalq tili doirasida til vositalarining bunday tanlab olinishi nutqda xilma xil ko`rinishlarning paydo bo`lishiga olib keladi. Bunday xilma-xil nutq ko`rinishlari nutq uslublari deb yuritiladi.
Nutq uslublari ifoda vositalari tizimining muayyan aloqa doirasida maqsadga muvofiq tanlash natijasida tarixan tashkil topgan nutq ko`rinishlaridir.
Nutq uslublari tilning vazifasi – funktsiyasi bilan bevosita bog`liq bo`ladi. Shuning uchun ham ular funksional uslublar deb yuritiladi.
So`zlashuv uslubi
Og`zaki nutq, ma’lum bir modal munosabatlarni ifodalash uchun asos bo`lsa, uslub fanining ob’yekti bo`ladi. Bu holat – gap bo’laklari tartibining “buzilishi” bilan, soda gap, to`liqsiz gaplarning bo`lishi, dialog nutqning mavjudligi bilan xarakterlanadi. Shunisi xarakterliki, og`zaki nutqning ba’zi shakllari yozma nutqda o`z o`rnini topadi: (keluvdi, kelardi). Og`zaki nutq uslubida qisqa hajmli bog`lovchisiz qo`shma gaplar ko`p ishlatiladi, badiiy vositalar kam qo`llaniladi. Ayniqsa, ko`p ma’noli so`zlar ko`proq ishtirok etadi. Og`zaki nutqda qochirma, piching, hazil-mutoiba, askiya uchun keng imkoniyat mavjud bo`ladi. Og`zaki nutq rasmiy – ish yuritish va ilmiy uslubda qo`llanilmaydi.
Og`zaki so`zlashuv uslubi ikkiga ajratiladi:
1.Adabiy so`zlashuv uslubi
2.Oddiy so`zlashuv uslubi.
Adabiy so`zlashuv uslubi tilning adabiy me’yorlariga mos, tartibga solingan va ishlangan bo`lishi bilan xarakterlanadi.
Adabiy so`zlashuv uslubi tilning adabiy me’yorlariga mos, tartibga solingan va ishlangan bo`lishi bilan xarakterlanadi.
Oddiy so`zlashuv uslubida esa betakalluflik bilan erkin muomala – aloqa qilish xarakterli xususiyatdir.
Ilmiy uslub fan, texnika va ishlab chiqarish bilan bog`liq vazifaviy uslubdir. U o`z ichida yana ilmiy texnikaviy, ilmiy-hujjat, ilmiy-ommabop, o`quv-ilmiy kabi bir necha sof ilmiy turlarga bo`linadi.