5.3. Ishchilarni yoʻriqdan oʻtkazish. Teplovozlarni joriy ta'mirlashdan oʻtkazuvchi barcha ishchi-xodimlar, oʻzlarining mutaxassisligi va ish turi boʻyicha oʻqitilishi, yoʻriqnomadan oʻtkazilishi, belgilangan tartib va muddatda bilim darajasi tekshirilishi, qayta attestatsiyadan oʻtkazilishi zarur. Ishchi-xodimlar kirish, birlamchi, davriy, joriy va navbatdan tashqari yoʻriqnomalardan oʻtkaziladi. Korxonaga kelgan barcha ishchilarga kirish yoʻriqnomasi korxona texnika xavfsizligi muhandisi tomonidan oʻtkaziladi. Ishchi, kirish yoʻriqnomasidan oʻtgandan soʻng, ish joyida toʻg'ridan-toʻg'ri rahbar hisoblanuvchi (usta, brigadir) shaxs tomonidan birlamchi yoʻriqlashdan oʻtkaziladi. Har bir ishchi, ish malakasi va ish tajribasidan qat'iy nazar bir chorakda bir marta toʻg'ridan-toʻg'ri rahbar hisoblanuvchi (usta, brigadir) shaxs tomonidan ishlab chiqarish boʻyicha davriy yoʻriqlashdan oʻtadi. Joriy yoʻriqnoma usta va brigadir tomonidan oʻtkaziladi. Joriy yoʻriqnomadan har bir ishchi berilgan xavfli vazifani bajarishdan oldin oʻtishi shart. Yoʻriqnomadan oʻtganligi teplovozlarni ta'mirlash boʻlimlarida yuritiladigan TNU-19 jurnaliga qayd etiladi. 5.4. Xodimlarning bilimlarini sinovdan oʻtkazish. Birlamchi, davriy va navbatdan tashqari yoʻriqnomadan oʻtkazish orqali ishchilarning bilimi sinaladi. Barcha ishchilar har yili davriy sinovdan oʻtishlari shart. Ishlab chiqarish jarayonida oʻzgarish boʻlganda, yangi turdagi qurilma va mexanizmlar kiritilganda, shuningdek yangi qoida va yoʻriqnomalar kiritilganda, davlat nazorat tashkilotlari talablariga asosan yetarlicha bilim darajasi boʻlmagan holat aniqlanganda navbatdan tashqari bilim yoʻriqnomalari oʻtkaziladi. 5.5. Ish oʻrinlarining tarkibi. Teplovozlarni ta'mirlash bilan bog'liq ishlar toza va tartibli ish joyida bajarilishi kerak. Lokomotivdan chiqarilgan barcha qismlar darhol maxsus belgilangan joylarga tarqatiladi. Yoʻlaklarni toʻsib qoʻyish taqiqlanadi.