Danak ichidagi daraxt Bir bor ekan, bir yo’q ekan,
Bir yo’q ekan, bir bor ekan.
Shahrimizda chaqqon, dono
Ra’no degan qiz bor ekan.
U yashagan hovli bog’day,
Daraxtlari ko’p-ko’p ekan,
Yoz kelganda ko’m-ko’k ekan.
Hovlidagi bir tup o’rik
Sara ekan, zotli ekan,
Asaldan ham totli ekan.
O’sha o’rik pishganida, Ra’no uni maza qilib yeb, ortiqchasini oftobga yoyib quritar ekan. O’rik qurib, turshak bo’lganida, oyisi uni xaltalarga solib, tikib qo’yar ekan. Bir kuni Ra’no oyisi bilan birgalashib xaltalarga turshak solayotganida, turshak orasidagi bitta danak yerga tushibdi. Ra’no uni olib, osmonga otib o’ynay boshlabdi. U danakni osmonga otar ekan-da, pastga tushayotganida kafti bilan ilib olar ekan. Har safar danak Ra’noning kaftiga tushganida, «shiq-shiq» degan tovush eshitilar ekan. «Iya, bu nima?» deb o’ylabdi Ra’no. Shunda danakning ichida kimdir ingichka ovoz bilan gapiribdi:
— Bu men — daraxtman, — debdi haligi ovoz.
— Iya, daraxt ham danakning ichida bo’ladimi? — debdi Ra’no hayron bo’lib. — Daraxt bo’lsang, qanaqa qilib danakning ichiga kirib olding?
Ra’no danakni chaqib ko’rmoqchi bo’libdi.
— Qani, ko’ray-chi, qanaqa daraxt ekansan? — debdi u.
U shunday deb, danakni kattakon, sip-silliq toshning ustiga qo’yibdi. Keyin uni bolg’a bilan urgan ekan, sirg’alib uchib ketibdi. Ra’no uni qidiribdi-qidiribdi, topolmabdi.
— Hay, mitti daraxt, qayoqqa qochding? — deb chaqiribdi.
Danak javob bermabdi.
Shunday qilib, danak yo’qolibdi. Bora-bora, Ra’no uni esidan chiqarib yuboribdi. Chunki uning ishi ko’payib ketibdi. U har kuni dadasining yonida yurib gullarga suv quyibdi, oyisining aytganini qilib hovli supuribdi, tovuqlariga don beribdi. Xullas, ishdan qo’li bo’shamabdi. Shunday qilib, yoz o’tib, kuz kelibdi, kuz o’tib, qish kelibdi. Bir kuni oyisi xaltalardan bittasini ochib undagi turshakdan kompot pishirayotganida Ra’no o’sha yo’qolgan danakni eslabdi. O’sha danak turshak tamom bo’lgunicha Ra’noning esidan chiqmabdi. Turshak tamom bo’lganida qish ketib, bahor kelibdi. Ra’no yana hovlida goh o’ynab, goh dadasiga, oyisiga qarashibdi. Ular gul ekishibdi, daraxtlarnii tagini chopib yumshatishibdi, eski xazonlarni tozalashibdi. Shunday kunlardan birida Ra’no ekin ekiladigan joyda o’ynab yursa, yerdan kichkinagii nihol o’sib chiqqanini ko’ribdi. Tepasiga borib, cho’nqayib o’tirib tomosi qilibdi. «Bu nima ekan?» deb o’ziga-o’zi gapirgan ekan, nihol yosh bolaga o’xshab ingichka ovoz bilan:
— Men — daraxtman, — debdi.
Ra’no uni ovozidan tanibdi. U o’sha Ra’noning bolg’asidan qochib qutulgan danak ekan.
— Men yo’qotgan danak senmisan? — debdi Ra’no.
— Danak emasman, daraxtman, — debdi nihol. — Ko’rmayapsanmi?
— Ko’rib turibman, daraxtsan, — debdi Ra’no. — Danakning ichiga qanaqa qilib sig’ding?
— Danakning ichida mag’iz edim, — debdi nihol. — Yerda, qor tagida uxlab yotib, uyg’ondim, keyin daraxt bo’lib o’sib chiqdim. Agar meni chaqib yeb qo’ysang, hozir bunaqa chiroyli daraxt bo’lib o’sib chiqmagan bo’lardim. Endi meni yulib tashlamasang, o’sib, huv anavi oyimga o’xshagan katta o’rik daraxti bo’laman.
O’sha kundan boshlab Ra’no niholni qo’riqlaydigan bo’libdi. Hozir ham uni parvarishlab yurganmish. Kimki uni ko’rmoqchi bo’lsa, uch yildan keyin bahorda Ra’nolarnikiga borsin. O’shanda danakdan chiqqan mitti o’rik gullab turgan bo’ladi.
(- Aziz Abdurazzoq)