Og‘zaki nutq xususiyatlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatsa bo‘ladi:
1. Og‘zaki nutq tezkorlik bilan (avtomatik tarzda) amalga oshadi. Tushunchalar bilan "uning libosi" bo‘lgan so‘z birgalikda "yashin tezligida" tilga kela boshlaydi. Ba’zan tushunchani ifodalovchi so‘zni o‘sha tezlikda so‘zlovchi topa olmay qoladi. Unga yaqin yoki o‘ylangan tushunchani ifodalay olmaydigan so‘zlarni ishlatib yuboradi. Natijada, aytilgan nutq (gap, gaplar) ko‘zlangan maqsadni (fikrni) to‘liq ro‘yobga chiqarmaydi. Bunda tinglovchi ham so‘zlovchi ham zarar ko‘radi.
2. Og‘zaki nutqda so‘z birikmalari va gaplarning modellari aytilmoqchi bo‘lgan fikrga monand holda tezkorlik bilan tanlanadi. Gap qurilishini, modellarini aql nazorat qilib boradi. Fikrni aytilganlarni ushlab ko‘rgan holda rivojlantirishga to‘g‘ri keladi. Agar xotira ozgina "dangasalik" qilsa, gap tuzilishi, so‘z birikmalari o‘zaro mantiqan va grammatik bog‘lanmay qoladi. Chunki yangi qism avvalgi qism unutilgani uchun u bilan moslasha olmaydi. Masalan, "Ustoz, sizni...xalq oldida qilgan ulkan xizmatlaringizdan biz minnatdormiz!". Misolda so‘zlovchi nutqning "Ustoz, sizni..." qismini aytgandan so‘ng uni qanday rivojlantirish ustida qilgan mulohazasi jarayonida avvalgi qismini, avval o‘ylangan modelni unutib qo‘ygan. Shu sababli tushum kelishigida kelgan so‘z keyingi qismlar bilan grammatik va mantiqan bog‘lanmay qolgan.
3. Og‘zaki nutq tahrir imkoniyatidan mahrum. U qanday shaklda borliqga kelgan bo‘lsa, shundayligicha tinglovchiga havola kilinadi.
4. Og‘zaki nutqda, odatda muloqot uchun eng zarur narsalargina zuhur etiladi. Bu bir tomondan vaqt iqtisodi bilan, ikkinchidan nutqni kuchli tejash bilan bog‘liq. Shunga ko‘ra unga uzundan-uzoq kirish, keng izohlar kam uchraydi. Aksincha, hodisalarning, narsalarning o‘zaro bog‘liqlik darajalari, ularning tinglovchi va so‘zlovchiga ravshanligi darajasi hisobga olinadi. Faqat zarurat his etilgandagina avvaldan ma’lum narsalarga izoh beriladi.
5. Og‘zaki nutq so‘z boyligi jihatidan yozma nutqqa nisbatan ancha kambag‘al bo‘ladi. Unda bir xil so‘zlar bir xil shakllar bir qadar ko‘proq takrorlanadi. Bu hol til vositalarini tanlash, qiyinchiliklar bilan bog‘liqdir.
6. Og‘zaki nutqda so‘zlovchining faol nutqiy harakati to‘xtam (pauza) ohang, urg‘u, turli xil imo-ishoralar fikrning tinglovchiga yetib borishida ahamiyat kasb etadi.
7. Og‘zaki nutq tilning noverbal vositalari: turli mimika va jestlar yordamida ifodalanish imkoniga ega.
Dostları ilə paylaş: |