2. Fuqarolik jamiyati va davlatning axloqiy mohiyati.
Dastlabki axloq maskani bo’lmish oilalar yig’indisi fuqarolik jamiyatini, millatni tashkil etadi. Fuqarolik jamiyati mohiyatan oila bilan davlat o’rtasidagi daraja. Garchand, uning taraqqiyoti davlat taraqqiyotidan keyinroq ro’y bersa haa, u albatta davlatni taqozo etadi, ya’ni fuqarolik jamiyatining yashashi uchun uning oldida mustaqil nimadir bo’lishi kerak. Fuqarolik jamiyati zamonaviy dunyomizda vujudga keladi, zero, hozirgi paytdagina fuqarolar huquqi haqiqatan ham inobatga olinadi. Fuqarolik jamiyatida har bir odam o’zi uchun maqsad. Biroq, u boshqalar bilan o’zaro munosabatda bo’lmasdan turib, o’z maqsadiga to’la erisha olmaydi: boshqalar uning maqsadga etishishi yo’lidagi vositadir. Natijada har bir alohida maqsad boshqalar bilan o’zaro munosabatlar vositasida, ularning farovonlikka intilishini qanoatlantirgani holda, o’zi ham qanoatlanadi. Boshqacharoq qilib aytganda, fuqarolik jamiyatida yaxshi, badavlat, baxtli, huquqiy yashash uchun bo’lgan har bir fuqaroning intilishi pirovard natijada butun jamiyatning o’shanday yashashiga olib keladi.
Fuqarolik jamiyati, shunday qilib, bir kishining ehtiyojini uning mehnati vositasida qondirishi barobarida, shu mehnat vositasida barcha qolganlarning ham ehtiyojini qondiradi. U o’z a’zolarining shaxsiy erkinliklari va huquqlarini himoya qiladi, odil sud vositasida ular mulkiga daxl qilinishiga yo’l qo’ymaydi. Fuqarolik jamiyati turli tabaqalardan tashkil topadi. Ular orasida tabaqaviy yoki sinfiy ziddiyat singari hodisalar ro’y berishi mumkin emas. Chunki bunda shaxs – davlat fuqarosi, muayyan inson manfaatlari birinchi o’rinda turadi va bu manfaatlar, aytganimizdek, ham axloqiy, ham qonuniy jihatdan himoya qilinadi.
Mamlakatimizda hozir erkin, demokratik fuqarolik jamiyatini tuzishga kirishganmiz. Bu jamiyat, ma’lum ma’noda, g’arbliklar tasavvuridagi fuqarolik jamiyatlaridan farq qiladi. G’arbda bu borada e’tibor asosan huquqiy yo’nalishning ustuvorligiga qaratilsa, bizda axloqiy-ma’naviy yo’nalishning ustuvorligini ko’rish mumkin. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, biz qurayotgan fuqarolik jamiyati G’arb dunyosi uchun o’rnak bo’lishi mumkin. Bu faxrlanish hissidan kelib chiqqan balandparvoz gap emas. Masala shundaki, G’arb jamiyatlari hozirgi paytda axloqiylikni huquqiylikning yuqori bosqichi sifatida qabul qilmoqdalar. Lekin ular uchun «axloqiy o’rin bo’shatishdan» ko’ra «huquqiy o’rinni egallab turish» na faqat qonuniy, balki zavqliroq tuyuladi. Bizning mentalitetimizda esa, buning aksi – har bir «axloqiy o’rin bo’shatish» o’zbek qalbiga quvonch, o’z insonlik burchini bajarganlik hissini to’ldiradi.
Bundan tashqari, bizda fuqarolik jamiyati qurishni ma’lum ma’noda tezlashtiradigan, G’arb mentalitetiga xos bo’lmagan mahallalar bor. O’zbek mahallalari tom ma’noda axloqiy tarbiyaning maskani; oila kattalari bolaga qanchalik tarbiya bera olsa, o’sha oila yashayotgan mahallaning tarbiya borasidagi hissasi ham shuncha bo’ladi, desak xato qilmaymiz. Buning ustiga, mahallada xalqimizning qadimiy demokratik an’analari hozir ham o’z kuchini yo’qotgan emas. Mahallada yashayotgan, hukumat a’zosi ham, millioner tijoratchi ham, farrosh ham, odiy o’qituvchi ham bir xildagi mahalladoshlik huquqiga ega. Chunonchi, mahallanig oqsoqoli oddiy o’qituvchi bo’lishi mumkin va ko’p hollarda shunday ham. Hukumat a’zosi yoki millioner esa, mahallada faqat mahalladoshlik «lavozimida» bo’ladi. Ularning farqlanishi faqat axloqiy jihatlari bilangina belgilanadi. Ana shu xususiyatlari bilan mahalla o’z-o’zini boshqarish tuzilmasi sifatida oiladan fuqarolik jamiyatiga o’tish uchun axloqiy ko’prik bo’lib xizmat qiladi. Bunday oraliq bog’lovchi tuzilma, yuqorida aytganimizdek, G’arb olamida yo’q. Demak, shunga ko’ra ham, bizda fuqarolik jamiyatiga o’tish nisbatan osonroq kechadi, degan fikr bildirish mumkin. Bu borada Respublikamiz Prezidenti Islom Karimovning: «Shu ma’noda mahallani o’z-o’zini boshqarish maktabi, ta’bir joiz bo’lsa, demokratiya darsxonasi, deb atash mumkin», degan so’zlari ayni haqiqatdir.
Buyuk olmon faylasufi Hegel davlatni axloqiy g’oyaning voqe bo’lishi deb ta’riflaydi va tabiiy munosabatlarni ma’naviy munosabatlar bilan muqoyasa qilib, oilani –hissiyotga, fuqarolik jamiyatini – asabning ta’sirlanish qobiliyatiga, davlatni esa o’zi uchun asab tizimiga o’xshatadi; u o’z ichida botinan tashkil topgan, biroq uning yashashi o’zida ikki holatning taraqqiy topishi bilan bog’liq, bular – oila va fuqarolik jamiyati. Davlat aqlning ro’yobga chiqishi sifatida har bir shaxs ixtiyoriga mosdir. Odatda, davlatning maqsadi o’z fuqarolarini baxtli qilish deb hisoblanadi. Agar fuqarolar qiynalsa, ularning sub’ektiv ehtiyoj-maqsadlari qondirilmasa, davlatning mustahkamligi shubha ostida qoladi. Davlatning asosi – siyosiy tuzum. Uning taqdiri ham ana shu siyosiy tuzumga bog’liq.
Ko’pdan-ko’p turli-tuman boshqaruv va tashkiliy institutlardan iborat bo’lgan davlatning eng muhim axloqiy vazifalaridan biri-tarbiya. Davlat tomonidan maktabgacha bo’lgan tashkilotlarda, maktablarda va oliy o’quv yurtlarida ta’lim bilan qo’shib olib boriladigan tarbiya alohida ahamiyatga ega. Agar mazkur tarbiyada ommabop usullarning toshi bosib ketsa, u hol maqtarli emas; yoshlarning o’zligini anglagan shaxs bo’lib etishuvi mushkullashadi. Shu bois imkon boricha tarbiyada individual yondoshuvga intilish maqsadga muvofiq.
Demokratik tamoyillarni amalga oshirish jarayonlarida davlat, hamma fuqaro baravar teng, degan usulda ish ko’rmasligi lozim; hammaning huquqiy tengligini tan olgan holda, ijtimoiy tenglashtirish tamoyiliga yo’l qo’ymaslik kerak.
Davlatning mavjud bo’lish sharti, eng avvalo, uning suverenitetida. Bunda xalq tashqi olamga nisbatan mustaqil bo’ladi va o’z davlatini shu mustaqillik asosida tuzadi. Biz mustaqillikka erishganimizdan keyin o’z davlatimizni qadimiy davlatchiligimizning eng yaxshi an’analari bilan birga zamonaviy demokratik tamoyillar asosida qurishga kirishdik. Davlatimiz ham ma’naviy-axloqiy, ham jismoniy tarbiyaga katta ahamiyat berib kelmoqda. 2000-yilning «Sog’lom avlod yili» deb atalishi bejiz emas; yosh avlod tarbiyasi bizda davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan. Mana, ko’rinishidan juda oddiy bir misol. O’zini eng insonparvar davlat deb e’lon qilgan Sho’rolar Ittifoqi bunyodga kelganidan boshlab, deyarli yarim asr mobaynida bola tug’ilgach, onani uch oy ishdan ozod qilardi; ona uch oylik chaqaloqni bog’chaga tashlab, ishga chiqishga majbur bo’lardi, aks holda u buyruq bilan ishdan bo’shatilardi. Keyinchalik bu tarbiya ta’tili 1 yil qilib belgilandi. Bizning davlatimiz esa tashkil bo’lgani barobaridayoq bola tarbiyasini yuksak ijtimoiy-axloqiy hodisa sifatida e’tirof etib, yangi tug’ilgan bola tarbiyasi uchun onaga 3 yillgacha muddat berdi. Uch yilgacha onaning ish joyi saqlanib turadi. Shu birgina misolning o’ziyoq totalitar tuzum davlati bilan demokratik davlat naqadar katta farq qilishini ko’rsatib turadi. Totalitar tuzum davlati yolg’on, aldov – axloqsizlik instituti. Biz tanlagan demokratik davlatning asosida esa yuksak axloqiylik yotadi.
Dostları ilə paylaş: |